2026 yil 3 fevral kuni Hiro madaniy tumanidagi Qur’on muzeyida 312 x 220 sm o‘lchamdagi va 700 sahifadan iborat dunyodagi eng katta Qur’oni Karim namoyish etildi. Muzeydagi ushbu Qur’on dunyodagi eng katta mus'haf sifatida Ginnesning rekordlar kitobi sertifikatini qo‘lga kiritdi.
Ushbu Qur’on hijriy 10 asr, milodiy 16 asrga oid tarixiy qo‘lyozmaning kattalashtirilgan nusxasi bo‘lib, uning asl o‘lchami 45 x 30 sm edi. Uning suralari suls xatida, Fotiha surasi esa nasx yozuvida yozilgan bo‘lib, o‘sha davrdagi xattotlikning puxta tanlanganligini va ushbu sohaning nafosatini aks ettiruvchi o‘ziga xos mus'hafdir.
Mus'haf arab xattotligi, zarhallash va muqovalashning noyob namunasi bo‘lib, unda islom san’atining jozibasi nafis naqshlar, gulli va sarlavha sahifalari hamda mus'hafning nomi bitilgan sahifalaridagi quyoshsimon shakllar orqali namoyon bo‘ladi. Bu esa o‘sha davrda hukm surgan badiiy ijodkorlikning yuksak darajasini ifodalaydi.
Qayd etilishicha, ushbu mus'haf hijriy 1300 yil, milodiy 1883 yilda vaqf qilingan bo‘lib, uning asl nusxasi bugungi kunda Qirol Abdulaziz nomidagi vaqf qilingan asarlar akademiyasida saqlanmoqda.
Namoyish etilgan ushbu mus'haf musulmonlarning Allohning Kalomiga va islom san’ati durdonalariga bo‘lgan e’tiborining tarixiy shohididir.
Islom.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolar murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
Bugun, 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning taklif va murojaatlarini tingladi.
Yuzma-yuz muloqot jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan masalalar yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi ochiq muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati