Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Fevral, 2026   |   22 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:05
Quyosh
07:25
Peshin
12:42
Asr
16:08
Shom
17:54
Xufton
19:08
Bismillah
10 Fevral, 2026, 22 Sha`bon, 1447
Maqolalar

Alloh taologa muhabbatning ikki asosiy sababi

09.02.2026   1064   4 min.
Alloh taologa muhabbatning ikki asosiy sababi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bir savol tug‘ilishi mumkin. Nima uchun qalbda Alloh taoloning muhabbati bo‘lishi kerak? Uning sabablari bormi? Buning ikki asosiy sababi bordir.

Birinchi sabab. Hammaga ma’lum bo‘lgan odat shuki, qaysi kishiga birovdan yaxshiliklar yetsa, mehribonliklar ko‘rsatilsa, u kishi o‘zining yaxshilik qiluvchi mehribonidan benihoya mamnun bo‘ladi. Uni yaxshi ko‘rib qoladi.

Do‘stim! Axir, biz Alloh taoloning ne’matlarini son-sanog‘iga yeta olmaymiz. U zotning bizga bergan ne’matlarini fikrlab ko‘raylik.

﴿إنْ تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَآ﴾

«Agar Allohning ne’matlarini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmassizlar» (Ibrohim surasi, 34-oyat).

Endi, bir o‘ylab ko‘ring. Biror kishi yomg‘ir tomchilarini sanay oladimi? Dengiz qatralarining miqdorini biladimi? Butun dunyo daraxtlarining barglarini hisoblab chiqishga qurbi yetadimi? Osmon yulduzlarining sanog‘ini-chi? Bu savollarga javob berish juda mushkul. Lekin birodarim! Agar osmon yulduzlarining sonini, dengiz qatralarining miqdorini bilish mumkin deb e’tiroz qilinsa ham, kamina ojiz shuni ishonch va qat’iyat bilan aytamanki, Alloh taoloning ne’matlari sanog‘iga yetish inson zoti uchun imkonsizdir.

Agar Parvardigorimiz ko‘rish qobiliyatini bermaganida, biz hech bir narsani ko‘ra olmas edik. Agar U zot bizga nutq bermaganida, gapira olmasdik. Agar Alloh taolo bizga eshitishni bermaganida, biz kar, hech narsani eshitmasdik. Agar U zot bizga oyoqlar bermaganida, yurolmasdik.

Azizlar! Bular Alloh taoloning biz bandalariga bergan izzat-ikromidir. Toki biz izzat-ikrom bilan hayot kechiraylik. Yoki biror kishi bu o‘zimning fazilatim, deb ayta oladimi? Yo‘q, bu fazilat beruvchi fazl sohibining in’omidir. Agar U zot o‘z fazlidan bizga ne’mat ato etmasa, biz o‘zimiz uni hosil qila olmaymiz. Biz O‘z ne’mat beruvchimizning muhabbatini qalbimizga joylayik, Uning hukmlariga muvofiq hayot kechiraylik.

Ikkinchi sabab shuki, Alloh taolo qodiri mutlaq va nimani xohlasa o‘shani mashaqqatsiz amalga oshiruvchidir.

﴿فَعَّالٌ لِّمَا يُرِيدُ﴾

«U nimani xohlasa, qila oluvchi Zotdir» (Buruj suraasi, 16-oyat).

Ko‘rmaysizmi? Nuh alayhissalom o‘z farzandlarini suvda g‘arq bo‘lmasligini xohlar edilar, lekin ular g‘arq bo‘ldi. Ibrohim alayhissalom Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilishga tayyor edilar.

﴿فَلَمَّآ أَسْلَمَا وَ تَلَّهُ لِلْجَبِينِ﴾

«Ikkovlari taslim bo‘lib, uni peshonasicha yotqizganida» (Soffat surasi, 103-oyat).

Ota o‘z o‘g‘lini qurbon qilishni xohladi, o‘g‘il ham qurbon bo‘lishga tayyor edi. Lekin Alloh taolo bunday bo‘lishini istamadi. Allohning izni bilan hayvon qurbonlik qilinadigan bo‘ldi.

Allohning mahbubi Muhammad sollallohu alayhi va sallam o‘z amakilari Abu Tolibning imon keltirishini juda-juda xohladilar. Buning uchun ko‘p harakat qildilar. Hatto Abu Tolib amakilarining o‘limi paytida: “Ey amakijon! Qulog‘imga bir marotaba kalimai shahodatni ayting. Qiyomat kuni men sizning imoningizga guvohlik beraman”, dedilar. Lekin Alloh taolo buyurdiki:

﴿إِنَّكَ لَا تَهْدِي مَنْ أَحْبَبْتَ وَ لَكِنَّ اللَّهَ يَهْدِي مَنْ يَشَآءُ وَ هُوَ أَعْلَمُ بِالْمُهْتَدِينَ﴾

«Albatta, sen o‘zing sevgan kishingni hidoyat qila olmassan. Lekin Alloh kimni xohlasa, o‘shani hidoyat qiladir. U hidoyatga yuruvchilarni yaxshi bilguvchi Zotdir» (Qasos surasi, 56-oyat).

Yana bir misol. Kunlarning birida Nabiy sollallohu alayhi va sallam asal yemayman, deb qasam ichdilar. Lekin Alloh taolo bunday bo‘lishini xohlamadi va buyurdiki:

﴿يَأَيُّهَا النَّبِيُّ لِمَ تُحَرِّمُ مَآ أَحَلَّ اللَّهُ لَكَ تَبْتَغِي مَرْضَاتَ أَزْوَجِكَ وَاللَّهُ غَفُورٌ رَّحِيمٌ﴾

«Ey Nabiy! Nima uchun xotinlaring roziligini tilab, Alloh senga halol qilgan narsani harom qilursan! Alloh ko‘p mag‘firat qiluvchi va rahmlidir» (Tahrim surasi, 1-oyat).

Azizlar! Anbiyollar alayhimussalom va anbiyolarning sayyidi Muhammad sollallohu alayhi va sallam ham Alloh taoloning xohishi oldida ojiz edilar. Demak, qodiri mutlaqning xohishi va izni bilan hayot kechirayotgan ekanmiz, nima uchun qalbimiz U zotning muhabbati ila limmo-lim to‘lmasin?

"Ilohiy ishq" kitobidan
Nodir Odinayev tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Voleybol va shaxmat musobaqalarining Respublika bosqichi boshlandi (fotolavha)

09.02.2026   2974   1 min.
Voleybol va shaxmat musobaqalarining Respublika bosqichi boshlandi (fotolavha)

#xabar #musobaqa
Bugun, 9 fevral kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va Shayxontohur sport maktabi  sport zallarida diniy soha xodimlari o‘rtasida sportning voleybol va shaxmat turlari bo‘yicha “O‘zbekiston musulmonlari idorasi kubogi” musobaqalarining respublika bosqichiga rasman start berildi.


Mazkur bosqichda O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilliklari tomonidan o‘tkazilgan saralash musobaqalarida g‘olib bo‘lgan jamoa va ishtirokchilar, ularning murabbiylari va hakamlar, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston voleybol va shaxmat federatsiyalari vakillari hamda viloyat bosh imom-xatiblari ishtirok etmoqda.


Ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov so‘zga chiqib, ushbu musobaqa respublika bo‘ylab diniy soha vakillarini bir maydonga jamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jismoniy faollikni oshirish hamda o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekani, dinimiz sport bilan shug‘ullanishga chaqirishini alohida ta’kidladi. Shuningdek, bellashuvlar manfaatli va barakali o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.


Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, musobaqalar O‘zbekiston voleybol va shaxmat federatsiyalari tasdiqlagan tartib-qoidalar asosida nimchorak final, chorak final, yarim final hamda final bosqichlari ko‘rinishida o‘tkazilmoqda. Final uchrashuvlari esa 10 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.


Eslatib o‘tamiz, musobaqada O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahar vakilliklari jamoalari o‘zaro bellashmoqda.


Musobaqa yangiliklari va tafsilotlarini kanalimiz orqali kuzatib boring. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Voleybol va shaxmat musobaqalarining Respublika bosqichi boshlandi (fotolavha) Voleybol va shaxmat musobaqalarining Respublika bosqichi boshlandi (fotolavha) Voleybol va shaxmat musobaqalarining Respublika bosqichi boshlandi (fotolavha) Voleybol va shaxmat musobaqalarining Respublika bosqichi boshlandi (fotolavha) Voleybol va shaxmat musobaqalarining Respublika bosqichi boshlandi (fotolavha) Voleybol va shaxmat musobaqalarining Respublika bosqichi boshlandi (fotolavha) Voleybol va shaxmat musobaqalarining Respublika bosqichi boshlandi (fotolavha) Voleybol va shaxmat musobaqalarining Respublika bosqichi boshlandi (fotolavha) Voleybol va shaxmat musobaqalarining Respublika bosqichi boshlandi (fotolavha)
O'zbekiston yangiliklari