Bismillahir Rohmanir Rohiym
Avvalgi qavmlar o‘zlariga yuborilgan nabiylariga e’tirozlar qilib, ularni yolg‘onga chiqarib, tuhmatlar qilishgan. Alloh taolo Qur’oni karimda bularning e’tirozlariga ushbu anbiyolarning muborak tillaridan javob beradi. Masalan, Hud alayhissalomning qavmi u zotga e’tiroz qilganda u zot:
﴿قَالَ يَا قَوْمِ لَّيْسَ بِىْ سَفَاهَةٌ وَ لَكِنَّى رَسُوْلٌ مِّنْ رَّبِّ الْعَالَمِيْنَ﴾
«Ey qavmim, menda esipastlik yo‘q. Men olamlarning Robbidan sizlarga kelgan Rasulman», dedi» (A’rof surasi, 67-oyat).
Nuh alayhissalomning qavmi u zotga e’tiroz qilganda esa u zot:
﴿قَالَ يَا قَوْمِ لَيْسَ بِى ضَلَلَةٌ وَ لَكِنِّى رَسُوْلٌ مِّنْ رَّبِّ الْعَالَمِيْنَ﴾
«Ey qavmim, menda zalolat yo‘q. Men olamlarning Robbidan sizlarga kelgan Rasulman», dedi» (A’rof surasi, 61-oyat).
Lekin Nabiy sollallohu alayhi va sallamning qavmlaridagi badbaxt kimsalar u zotni majnun deyishganda bunga javoban Qur’oni karimda o‘zgacha yo‘l tutilgan. Ularga u zotning tillaridan javob berilmagan, balki Alloh taoloning O‘zi ularga raddiya berdi:
﴿وَمَا صَاحِبُكُمْ بِمَجْنُوْنٍ﴾
«Sohibingiz majnun emas» (Takvir surasi, 22-oyat).
Qolaversa, Alloh taolo mushriklarning ta’nalariga uchrayotgan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga tasalli berish uchun bunday marhamat qiladi:
﴿مَآ أَنْتَ بِنِعْمَةِ رَبِّكَ بِمَجْنُوْنٍ﴾
«Robbing ne’mati ila sen majnun emassan» (Qalam surasi, 2-oyat).
﴿وَإِنَّكَ لَعَلَى خُلُقٍ عَظِيْمٍ﴾
«Albatta, sen ulkan xulq sohibisan» (Qalam surasi, 4-oyat).
Alloh taolo bu tasallasi bilan kifoyalanmay, yana bunday marhamat qiladi:
﴿وَإِنَّ لَكَ لَأَجْرًا غَيْرَ مَمْنُونٍ﴾
«Albatta, senga aslo tugamaydigan ajr bordir» (Qalam surasi, 3-oyat).
Shuningdek, Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi va sallamga tasalli berish uchun u zotni ayblamoqchi bo‘layotganlarning o‘zi aslida kimligini fosh etib, ularning so‘ziga quloq solmaslikka, parvo etmaslikka buyuradi:
﴿وَلَا تُطِعْ كُلَّ حَلَّافٍ مَّهِيْنٍ هَمَّاز ٍمَّشَّآءِ بِنَمِيمٍ مَّنَّاعٍ لِّلْخَيْرِ مُعْتَدٍ أَثِيمٍ عُتُلِّ بَعْدَ ذَلِكَ زَنِيمٍ﴾
«Har xil qasamxo‘r, pastkashlarga, ayblovchi, chaqimchilik qilib yuruvchilarga, yaxshilikni to‘suvchi, tajovuzkor, sergunohlarga, qo‘pol va buning ustiga, otasining tayini yo‘qqa itoat qilma!» (Qalam surasi, 10 surasi, 13-oyat).
Alloh taoloning Rasulullohga muhabbati va mehribonligi bu oyatlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Subhanalloh!!!
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ishqi Rasul" kitobidan Nodirjon Odinayev tarjimasi
#xabar #musobaqa
Bugun, 9 fevral kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va Shayxontohur sport maktabi sport zallarida diniy soha xodimlari o‘rtasida sportning voleybol va shaxmat turlari bo‘yicha “O‘zbekiston musulmonlari idorasi kubogi” musobaqalarining respublika bosqichiga rasman start berildi.
Mazkur bosqichda O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilliklari tomonidan o‘tkazilgan saralash musobaqalarida g‘olib bo‘lgan jamoa va ishtirokchilar, ularning murabbiylari va hakamlar, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston voleybol va shaxmat federatsiyalari vakillari hamda viloyat bosh imom-xatiblari ishtirok etmoqda.
Ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov so‘zga chiqib, ushbu musobaqa respublika bo‘ylab diniy soha vakillarini bir maydonga jamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jismoniy faollikni oshirish hamda o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekani, dinimiz sport bilan shug‘ullanishga chaqirishini alohida ta’kidladi. Shuningdek, bellashuvlar manfaatli va barakali o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, musobaqalar O‘zbekiston voleybol va shaxmat federatsiyalari tasdiqlagan tartib-qoidalar asosida nimchorak final, chorak final, yarim final hamda final bosqichlari ko‘rinishida o‘tkazilmoqda. Final uchrashuvlari esa 10 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqada O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahar vakilliklari jamoalari o‘zaro bellashmoqda.
Musobaqa yangiliklari va tafsilotlarini kanalimiz orqali kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati