Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ramazon oyi oldidan luqmani halollash maqsadida baliq yeb olish kerak degan mazmunda video ko‘rib qoldim. Rostdan ham shunday tavsiyalar bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Ming afsuski, ayrim hollarda obunachini ko‘paytirish maqsadida dinda yo‘q bo‘lgan ma’lumotlarni tarqatadiganlar ham uchrab turadi. Shuning uchun musulmon kishi doimo diniga oid hukmlarni kim aytayotganiga e’tibor qaratmog‘i lozim ekan.
Ramazon oldidan baliq yeyish haqidagi gap-so‘zlar ham ana shu asossiz ma’lumotlar sirasiga kiradi. To‘g‘ri, xalqimiz orasida “Baliq luqmai halol” degan gap bor. Ammo uning ma’nosi baliq inson organizmida avval yeyilgan shubhali narsalarni halollaydi, degani emas, balki baliq boshqa hayvonlardan farqli o‘laroq, uning o‘lib qolganini ham yesa bo‘ladi, deganidir. Zero bu borada kelgan hadisi shariflar ham ushbu mazmunga dalolat qiladi.
Jumladan, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bizga ikki o‘limtik va ikki qon halol qilindi. Ikki o‘limtik; baliq va chigirtkadir. Ikki qon bo‘lsa, jigar va qora taloqdir”, dedilar (Ibn Moja va Hokim rivoyat qilgan).
Faqatgina o‘lib qolgan baliqlar ichida hech qanday tashqi omilsiz, besabab o‘lib qolganini yeb bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yangi qabul qilingan 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari ustoz Zayniddin domla hamrohligida idora faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tanishuv davomida talabalarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi, tuzilmasi, asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim va ma’rifat yo‘nalishidagi loyihalar xususida so‘z yuritildi.
Talabalar idora faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, kelgusidagi ta’lim va kasbiy faoliyatlari uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati