#xabar #Idora_kubogi
Joriy yilning 9-10 fevral kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan diniy soha xodimlari o‘rtasida sportning voleybol va shaxmat turlari bo‘yicha “O‘zbekiston musulmonlari idorasi kubogi” musobaqalarining respublika bosqichi o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan bugun, 8 fevral kuni poytaxtimizdagi “Le Grande Plaza Hotel (Tata)” mehmonxonasida musobaqalarning qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston voleybol va shaxmat federatsiyalari vakillari, hakamlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar bosh imom-xatiblari, turnir ishtirokchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov, Obidjon Qodirov, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Farhod Alimov hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi mas’ul xodimi Baxtiyor Jumayev so‘zga chiqishdi.
Notiqlar mamlakatimizda keyingi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, buning sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda ahamiyati katta ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, diniy soha xodimlari sportda ham faol ekani e’tirof etildi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, jamoalar quyidagi tartibda o‘zaro bellashadigan bo‘ldi:
1-o‘yin: O‘zbekiston musulmonlari idorasi va “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyoti jamoasi.
2-o‘yin: Samarqand va Toshkent viloyatlari jamoalari.
3-o‘yin: Andijon va Qashqadaryo viloyatlari jamoalari.
4-o‘yin: Farg‘ona viloyati va Toshkent shahar jamoalari.
5-o‘yin: Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Sirdaryo viloyati jamoalari.
6-o‘yin: Xorazm va Namangan viloyatlari jamoalari.
7-o‘yin: Buxoro va Jizzax viloyatlari jamoalari.
8-o‘yin: Navoiy va Surxondaryo viloyati jamoalari.
Aqlni charxlovchi sport – shaxmat bo‘yicha ham bahslar yuqoridagi tartib asosida bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot o‘rnida, bellashuvlar O‘zbekiston voleybol va shaxmat federatsiyalari tartib-qoidalari asosida o‘tkaziladi. Voleybol bo‘yicha har bir jamoa tarkibi 6 nafar asosiy, 1 nafar zaxiradagi o‘yinchi hamda 1 nafar murabbiydan tashkil topadi. Shaxmatda esa jami 16 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashadi. Musobaqa nim chorak final, chorak final, yarim final va final bosqichlarida o‘tkaziladi.
Alloh taolo mazkur musobaqalarni xayrli va manfaatli qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ramazon oyi oldidan luqmani halollash maqsadida baliq yeb olish kerak degan mazmunda video ko‘rib qoldim. Rostdan ham shunday tavsiyalar bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Ming afsuski, ayrim hollarda obunachini ko‘paytirish maqsadida dinda yo‘q bo‘lgan ma’lumotlarni tarqatadiganlar ham uchrab turadi. Shuning uchun musulmon kishi doimo diniga oid hukmlarni kim aytayotganiga e’tibor qaratmog‘i lozim ekan.
Ramazon oldidan baliq yeyish haqidagi gap-so‘zlar ham ana shu asossiz ma’lumotlar sirasiga kiradi. To‘g‘ri, xalqimiz orasida “Baliq luqmai halol” degan gap bor. Ammo uning ma’nosi baliq inson organizmida avval yeyilgan shubhali narsalarni halollaydi, degani emas, balki baliq boshqa hayvonlardan farqli o‘laroq, uning o‘lib qolganini ham yesa bo‘ladi, deganidir. Zero bu borada kelgan hadisi shariflar ham ushbu mazmunga dalolat qiladi.
Jumladan, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bizga ikki o‘limtik va ikki qon halol qilindi. Ikki o‘limtik; baliq va chigirtkadir. Ikki qon bo‘lsa, jigar va qora taloqdir”, dedilar (Ibn Moja va Hokim rivoyat qilgan).
Faqatgina o‘lib qolgan baliqlar ichida hech qanday tashqi omilsiz, besabab o‘lib qolganini yeb bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.