Bismillahir Rohmanir Rohiym
Birinchi atirgul: Eslang, Robbingiz istig‘for aytganlarni kechiradi va tavba qilganlarning tavlabalarini qabul qiladi.
Ikkinchi atirgul: Zaiflarga rahm qiling baxtli bo‘lasiz, muhtojlarga yordam bering orzularingiz amalga oshadi va g‘azab ortidan ergashmang omonda bo‘lasiz.
Uchinchi atirgul: Yaxshilik umidida bo‘ling, Alloh siz bilan. Farishtalar sizga istig‘for aytmoqda va jannat sizni kutmoqda.
To‘rtinchi atirgul: Robbingiz xususida chiroyli gumon qilib ko‘z yoshlaringizni arting va Alloh sizga bergan ne’matlarni eslab, g‘amlaringizni quvg‘in qiling.
Beshinchi atirgul: Dunyo biror kishi uchun mukammal bo‘lmagan. Yer yuzida biror kishi barcha xohlagan narsasiga erishib, har qanday g‘am-tashvish uni chetlab o‘tgan deb o‘ylamang.
Oltinchi atirgul: Xuddi xurmo daraxti kabi himmati oliy, aziyatlardan yiroq va tosh otilsa mevalari to‘kiladigan bo‘ling.
Yettinchi atirgul: Mahzunlik o‘tgan narsani qaytarishini va g‘am chekish xatoni to‘g‘irlashini eshitganmisiz? Shunday ekan, mahzunlik va xafalikning nima keragi bor?!
Sakkizinchi atirgul: Qiyinchilik va sinovlarni kutmang, omonlik, salomatlik va ofiyatni kuting. Inshaalloh u keladi.
To‘qqizinchi atirgul: Sizga yomonlik qilganlarga afv e’lon qilib, qalbingizdagi barcha adovat va nafratni o‘chirib tashlang.
O‘ninchi atirgul: G‘usl, tahorat, xushbo‘ylik, misvok qilish va tartib barcha xafalik va siqilishni yenguvchi malhamdir.
Doktor Oiz Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati