#xabar #shaxmat #final
Xabar berganimizdek, “O‘zbekiston musulmonlari idorasi kubogi” sport musobaqalarining shaxmat turi bo‘yicha final bahslari yuqori saviyada, qizg‘in va murosasiz ruhda kechdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, g‘oliblar quyidagicha bo‘ldi:
1-o‘rin — Toshkent viloyati vakili Abdulazizxon domla Ahmadxo‘jayev.
2-o‘rin — Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili Abdulkabir domla Idrisov.
3-o‘rin — Farg‘ona viloyati vakili Niyozbek domla Payg‘amov.
Respublika bosqichi natijalariga binoan birinchi o‘rin sohibi I darajali diplom hamda zamonaviy noutbuk, ikkinchi o‘rin sohibiga II darajali diplom va smart televizor, uchinchi o‘rin g‘olibiga esa III darajali diplom hamda planshet topshirildi.
Alloh taolo g‘oliblarga mukofotlarni muborak aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati