O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan tashkil etilayotgan doimiy qabullar aholining diniy-ma’rifiy va ijtimoiy masalalarini hal etishda muhim ko‘prik bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bugun, 11 fevral kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi. Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot davomida masjidlar obodligi, oilaviy munosabatlar va ijtimoiy ko‘mak so‘rovlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Qabulda fuqarolarga shar’iy masalalar bo‘yicha zarur tavsiyalar berilib, moddiy yordamga muhtoj kishilarga belgilangan tartibda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi fuqarolar qabullari yurtimizning barcha hududlarida — har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan muntazam ravishda amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Shayx Nuriddin Xoliqnazar tashabbuslari bilan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyati va qoziyotga qarashli barcha masjid imom-xatiblari tomonidan nuroniy keksalar, mehnat faxriylari hamda yordamga muhtoj oilalarning holidan xabar olindi. Tadbir doirasida muhtoj oilalarning turmushini yengillashtirish maqsadida bir oilaga zamonaviy quyosh paneli o‘rnatib berilib, qo‘shimcha bayram sovg‘alari topshirildi. Bunday xayriya tashabbuslari jamiyatda o‘zaro ahillik, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti