"Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan Saudiya Arabistonining Podshoh Salmon nomidagi ko‘mak va xayriya ishlari markazi hadya qilgan oziq-ovqat mahsulotlari yurtimizning eng chekka hududlaridagi ehtiyojmand oilalarga yetkazilmoqda.
Xususan, fondning Farg‘ona viloyati filiali xodimlari va ko‘ngillilari anklav hududlar — Shohimardon, Yordon mahallalari, So‘x tumani hamda Rishton tumanining Cho‘ng‘ora qishlog‘ida bo‘lishdi. Mazkur hududlarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj 410 ta oilaga Ramazon sovg‘alari topshirildi.
Alloh ushbu saxovat tadbirlarida jonbozlik ko‘rsatayotganlar, xorijiy hamkorlar va barcha homiylardan rozi bo‘lsin!
Vaqf.uz
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, joriy yilning 9 avgust kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali, hududdagi masjidlar xodimlari va saxovatpesha homiylar hamkorligida ehtiyojmand oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘ylari tashkil etildi.
Tadbir doirasida to‘ybolalarning har biriga 35 ta velosiped, 35 to‘plam o‘quv qurollari hamda yangi kostyum-shim, ko‘ylak va oyoq kiyimlar to‘plami tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali marosimda so‘z olganlar bolajonlar va ularning ota-onalariga ezgu tilaklar bildirib, farzandlarni sog‘lom, barkamol va dinu diyonatli insonlar etib tarbiyalash, ularga munosib ta’lim berish eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladilar.
Dinimiz va xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lgan bu kabi xayrli tadbirlarni «Vaqf» fondi tomonidan izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati