"Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan Saudiya Arabistonining Podshoh Salmon nomidagi ko‘mak va xayriya ishlari markazi hadya qilgan oziq-ovqat mahsulotlari yurtimizning eng chekka hududlaridagi ehtiyojmand oilalarga yetkazilmoqda.
Xususan, fondning Farg‘ona viloyati filiali xodimlari va ko‘ngillilari anklav hududlar — Shohimardon, Yordon mahallalari, So‘x tumani hamda Rishton tumanining Cho‘ng‘ora qishlog‘ida bo‘lishdi. Mazkur hududlarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj 410 ta oilaga Ramazon sovg‘alari topshirildi.
Alloh ushbu saxovat tadbirlarida jonbozlik ko‘rsatayotganlar, xorijiy hamkorlar va barcha homiylardan rozi bo‘lsin!
Vaqf.uz
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati