"Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan Saudiya Arabistonining Podshoh Salmon nomidagi ko‘mak va xayriya ishlari markazi hadya qilgan oziq-ovqat mahsulotlari yurtimizning eng chekka hududlaridagi ehtiyojmand oilalarga yetkazilmoqda.
Xususan, fondning Farg‘ona viloyati filiali xodimlari va ko‘ngillilari anklav hududlar — Shohimardon, Yordon mahallalari, So‘x tumani hamda Rishton tumanining Cho‘ng‘ora qishlog‘ida bo‘lishdi. Mazkur hududlarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj 410 ta oilaga Ramazon sovg‘alari topshirildi.
Alloh ushbu saxovat tadbirlarida jonbozlik ko‘rsatayotganlar, xorijiy hamkorlar va barcha homiylardan rozi bo‘lsin!
Vaqf.uz
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati