Birinchi gul: Xushbo‘y gullari va mevali shoxlari bor xurmo daraxti kabi bo‘ling.
Ikkinchi gul: Insonlarning ayblarini oshkor qilish va ularni to‘plashga vaqtingiz bo‘lmasin.
Uchinchi gul: Agar Alloh siz bilan birga bo‘lsa kimdan qo‘rqasiz? Agar U zot sizga qarshi bo‘lsa kimdan umid qilasiz?
To‘rtinchi gul: Hasad inson tanasini yemiradi, rashkning ko‘payishi esa to‘xtatib bo‘lmas olov kabidir.
Beshinchi gul: Bugun tayyorlaning, zaxira yig‘ing. Chunki ertangi kun sizning mulkingiz emas.
Oltinchi gul: Janjal va bekorchiliklardan uzoqlashing.
Yettinchi gul: Xulqingiz ila chiroyli bog‘u bo‘stonlardan ham go‘zal bo‘ling.
Sakkizinchi gul: Yaxshilikni yoying, shunda siz u ila insonlarning eng baxtlisiga aylanasiz.
To‘qqizinchi gul: Insonlarni ularni yaratgan Zotga, hasadni o‘limga qoldiring va dushmanlaringizni unuting.
O‘ninchi gul: Harom ishlarning lazzatidan keyin nadomat, hasrat va azob kelishini unutmang.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
2026 yil 6–7 oktyabr kunlari Anqara shahrida Amir Temur va Temuriylar Renessansiga bag‘ishlangan Xalqaro simpozium o‘tkaziladi. Tadbir Turkiya Fanlar akademiyasi (TÜBA), Anqara Yildirim Boyazid universiteti, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi hamda Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamkorligida tashkil etilmoqda, xabar bermoqda iccu.uz.
Simpoziumda Amir Temur shaxsiyati va Temuriylar davrining ilm-fan, madaniyat va san’at taraqqiyotidagi o‘rni, shuningdek, ushbu davrda yuzaga kelgan ilmiy va madaniy yuksalish jarayonlari muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan. Temuriylar Renessansi Markaziy Osiyo tarixida ilm-fan, me’morlik, adabiyot, san’at va ma’naviy hayot yuksak taraqqiy etgan muhim tarixiy davrlardan biri. Samarqand, Hirot, Buxoro, Balx va boshqa shaharlar ilm va madaniyat markazlariga aylanib, bu yerlarda faoliyat yuritgan olimlar va ijodkorlar jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan.
Bu tarixiy merosni o‘rganish va uning zamonaviy ahamiyatini ochib berish O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-ma’rifiy faoliyatida ham muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Markaz ekspozitsiyasida ham Temuriylar davrining ilm-fan va madaniyat taraqqiyotidagi o‘rni, buyuk allomalar ilmiy merosi hamda ushbu davrda shakllangan yuksak madaniy muhit keng yoritilgan.
Ayniqsa, Amir Temur davrida Samarqandning ulkan siyosiy markazdan tashqari, ilm-fan va madaniyat maskani sifatida shakllanishi, keyinchalik Mirzo Ulug‘bek davrida astronomiya va matematika sohalarida yuksak ilmiy natijalarga erishilishi Temuriylar Renessansining muhim jihatlaridan sanaladi.
Shu nuqtayi nazardan, Anqarada o‘tkazilayotgan xalqaro simpozium Temuriylar davri merosini xalqaro ilmiy muloqot doirasida yanada chuqur o‘rganish, turli mamlakat olimlari o‘rtasida fikr almashish va ushbu davrning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rnini tadqiq etishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun: 2026 yilda buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda Amir Temur va Temuriylar merosini o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan qator ilmiy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, 9–10 aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi. Anjumanda mahalliy va xorijiy olimlar, temurshunos mutaxassislar ishtirok etib, Amir Temur va Temuriylar sivilizatsiyasining jahon tarixi, ilm-fani va madaniyatidagi o‘rni muhokama qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati