Birinchi gul: Xushbo‘y gullari va mevali shoxlari bor xurmo daraxti kabi bo‘ling.
Ikkinchi gul: Insonlarning ayblarini oshkor qilish va ularni to‘plashga vaqtingiz bo‘lmasin.
Uchinchi gul: Agar Alloh siz bilan birga bo‘lsa kimdan qo‘rqasiz? Agar U zot sizga qarshi bo‘lsa kimdan umid qilasiz?
To‘rtinchi gul: Hasad inson tanasini yemiradi, rashkning ko‘payishi esa to‘xtatib bo‘lmas olov kabidir.
Beshinchi gul: Bugun tayyorlaning, zaxira yig‘ing. Chunki ertangi kun sizning mulkingiz emas.
Oltinchi gul: Janjal va bekorchiliklardan uzoqlashing.
Yettinchi gul: Xulqingiz ila chiroyli bog‘u bo‘stonlardan ham go‘zal bo‘ling.
Sakkizinchi gul: Yaxshilikni yoying, shunda siz u ila insonlarning eng baxtlisiga aylanasiz.
To‘qqizinchi gul: Insonlarni ularni yaratgan Zotga, hasadni o‘limga qoldiring va dushmanlaringizni unuting.
O‘ninchi gul: Harom ishlarning lazzatidan keyin nadomat, hasrat va azob kelishini unutmang.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
7 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida tizimdagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari jamoalari ishtirokida kengaytirilgan masofaviy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Majlisda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, muftiy o‘rinbosarlari, tegishli bo‘limlar boshliqlari, hududiy bosh imom-xatiblar, ta’lim muassasalari rahbarlari hamda professor-o‘qituvchilar qatnashdi.
Muftiy hazratlari dastlab Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasiga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, ustoz-murabbiylarni qo‘llab-quvvatlash, sohada kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar va salmoqli natijalarga to‘xtaldilar. Jumladan, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, pedagoglarga yaratilayotgan sharoitlar tufayli tizimning ilmiy salohiyati muttasil oshib borayotgani, o‘qituvchilarning xorijiy oliygohlarda tajriba orttirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani hamda soha rivojiga katta miqdorda mablag‘lar yo‘naltirilayotgani alohida e’tirof etildi.
Shu bilan birga, joriy o‘quv yilida ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi. Diniy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, uning ijrosi qat’iy nazoratga olingani aytib o‘tildi.
Xususan, tizimda “Sifat indeksi”ni amaliyotga tatbiq etish, har yili barcha ta’lim dargohlaridan pedagoglarni xorijga malaka oshirishga yuborish, 5 yillik ilmiy rivojlanish dasturini ishlab chiqish, ilg‘or tajribalarni respublika miqyosida ommalashtirish, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish vazifalari yuklatildi.
Yig‘ilish davomida faoliyatda uchrayotgan ayrim kamchiliklar ham atroflicha ko‘rib chiqilib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan professor-o‘qituvchilar o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar diniy ta’lim tizimida ilmiy-pedagogik jarayonlarni yanada jonlantirish, malakali diniy kadrlarni tayyorlash borasida tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati