Bismillahir Rohmanir Rohiym
OLTIN BEZAKLAR
Birinchi bezak: Fir’avnga qarshi chiqqan ayol
Moziy qoldi ortingda, kelajak mavhum,
Vaqting qadrin bil, bo‘lma undan ham mahrum.
Shariatni yaxshi o‘rganib Qur’on va hadislarga nazar solsangiz Alloh taolo soliha va mo‘mina ayolni maqtaganini ko‘rishingiz mumkin. U zot aytadi:
Alloh taolo Osiyo onamizni mo‘min va mo‘minalarga qanday jonli misol qilganini o‘ylab ko‘ring. Alloh taolo u zotni O‘zining to‘g‘ri yo‘lida yurishni istagan barcha insonlarga ramz va belgi qilib qo‘ydi. U juda aqlli ayol edi. Shuning uchun ham Robbisiga yaqin bo‘lishni so‘radi. Tug‘yonga ketgan, kofir va gunohkor Fir’avnning itoatidan chiqdi. Qasrda xizmatchilar, hashamat va zeb-ziynatlar ichida yashashdan bosh tortrib, mo‘minlarga va’da qilingan, ostidan anhorlar oqib turadigan go‘zal va boqiy jannatni tanladi.
U juda ulug‘ ayol edi. Shuning uchun ham uning g‘ayrati va rostgo‘yligi uni o‘zining tug‘yonga ketgan va zolim eriga haqiqatni aytishga undadi. Uni Allohga iymon keltirgani uchun azoblashdi va oxir-oqibat shu yo‘lda vafot etdi. Lekin Alloh uni to qiyomatga qadar har bir mo‘min va mo‘minaga go‘zal namuna qilib qo‘ydi, O‘z Kitobida uning nomini aytib madh etdi va uning amaliga tasanno aytdi. Allohning yo‘lidan adashib ketgan erini esa mazammat qildi.
Shu’lasi: Bo‘ron ichida bo‘lsang ham yaxshilik umidida bo‘l.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati