Sanoqli kunlardan so‘ng Ramazon oyi kirib keladi. Siz bu oyga tayyormisiz? Yoki bu oyga qanday tayyorgarlik ko‘rishni bilmayapsizmi? Buning uchun avvalo, Allohdan ramazon oyiga sog‘-salomat yetkazishini hamda Ramazon ro‘zasini tutishga musharraf etishini so‘rab duo qiling.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Rajab oyi kelsa, Allohga “Yo Alloh, bizga Rajab va Sha’bon oylarini xayrli qilgin va Ramazonga yetkazgin”, deb duo qilar edilar. Shuningdek, sahobiylar ham muborak Ramazon oyi kelmasidan oldin “Alloh bizni ramazonga yetkaz”, deb duo qilishga odatlanganlar.
Ikkinchisi, qalbingizni poklang. Buning uchun qalbingizdagi gina-adovatlarni chiqarib tashlang, kim bilan arazlashgan bo‘lsangiz, ulardan kechirim so‘rang. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan: “Sizlar Ramazon oyini qanday kutib olardingiz?” deb so‘rashdi. U zot: “Biz ramazon oyini musulmon birodariga nisbatan qalbida zarracha adovat va kek saqlamagan holda kutib olar edik”, dedilar.
Uchinchisi, Ramazon oyi kelayotganidan xursand bo‘ling. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyi kelsa, baxtiyor va xursand bo‘lib ketar edilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Ramazon oyi keldi. Ramazon oyi Alloh ro‘za tutishni farz qilgan rahmat oyidir. Bu oyda jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari berkitiladi”, der edilar.
To‘rtinchisi, Ramazon oyining har bir kunining rejasini tuzing. Ramazon – g‘animat oydir. Uning har bir soniyasidan unumli foydalanish lozim. Alloh taolo Ramazon oyining har bir kunini bandalar savoblarini ko‘paytirib olishlari boshqa kunlardan ko‘ra afzal qilgan.
Beshinchisi, Ramazon ro‘zasini tutishga xolis niyat qiling. “Charchab qolaman”, “Qiynalaman” kabi turli bahonalar bilan dangasalik qilmang! Agar ro‘za tutishni xolis Alloh uchun ado etishni niyat qilsangiz, Allohning o‘zi yengillik, baraka ato etadi.
Alloh taolo Ramazon oyiga sog‘-salomat yetkazib, bu oyning fazilatlaridan to‘liq bahramand etsin!
Davron NURMUHAMMAD
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH