#xushxabar #1171
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi qoshidagi Koll-markazga 1171 qisqa raqami orqali qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati yaratildi.
Har kuni soat 09-00 dan 17-00 gacha savollarga javob beriladi.
Eslatib o‘tamiz, Koll-markazning 78-150-33-44 raqami ham faoliyatini davom ettiradi. Shuningdek, xorijdagi vatandoshlar Telegram orqali @fatvo_call_1 va @fatvo_call_2 hamda WhatsApp orqali +998917806633 telefon raqami orqali bog‘lanishlari mumkin.
MUSLIM.UZ
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Uyimizdagi uch oylik qo‘zichoqning oyog‘i sinib, yurolmay qoldi. Shuni so‘yib, go‘shtini yesak bo‘ladimi? Yoki yeyishga yaroqsiz hisoblanadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Shariatimizda halol bo‘lgan hayvonlarni, jonzotlarni yeyish uchun ma’lum yosh belgilanmagan. Hatto yangi tug‘ilgan hayvonning go‘shtini ham yeyish mumkin.
Vatandoshimiz, buyuk muhaddis imom Buxoriy rahimahulloh “Sahihi Buxoriy” asarlarida Xandaq g‘azoti bobida quyidagi hadisni keltirganlar: Jobir roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ochlikdan sillasi qurigan holatda ko‘rib, uyiga kelib, ayoliga biror narsa pishirishni tayinlaydi. Ayoli bir uloqchani so‘yib, pishiradi. Payg‘ambarimiz alayhissalom va sahobalar undan tanovul qiladilar.
Hadisi sharifda arabcha “Anoq” so‘zi bilan keltirilgan uloqchani muhaddis ulamolar to‘rt oyga to‘lgan, onasidan ajratilgan va o‘tlashga qodir bo‘lgan echki bolasi, deganlar.
Demak, halol hayvon go‘shtini yeyishning muayyan yoshi belgilanmagan. Asosiysi, so‘yishni shariat talabiga muvofiq tarzda bajarilishidir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi