Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Namozini uyda o‘qiyotgan namozxon ham farzni o‘qib bo‘lgach sunnat va nafl namozlarni o‘qish uchun joyini o‘zgartirishi mustahabmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozda imom bo‘lgan shaxs farzni o‘qigach, o‘sha joyning o‘zida nafl o‘qish makruh sanaladi. Shu bois o‘ng yoki chapga yoki orqa safga o‘tib oladi. Chunki agar imom farzni o‘qigan joyida sunnatni o‘qisa, jamoatga kech kelgan odam imom farzni o‘qiyapti degan gumonda iqtido qilib qo‘yishi mumkin.
Uyda yoki masjidda mustaqil namoz o‘qiyotgan namozxon farz o‘qigan joyida ham, boshqa joyga o‘tib ham o‘qishi mumkin, makruh bo‘lmaydi. Boshqa joyda o‘qish afzal hisoblanadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam farzdan keyin joyni o‘zgartirishga targ‘ib qilib: “Sizlardan biringiz namozidan forig‘ bo‘lgach, nafl o‘qish uchun oldi yoki orqasiga siljishdan ojiz bo‘ladimi?” deganlar. Yana bir hadisda namoz o‘qilgan joy qiyomat kuni namozxonning foydasiga guvohlik berishi aytilgan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi