Muborak kunlar ostonasida turibmiz. Oylarning sultoni, ezgulik va xayr mavsumi, toatu ibodat fasli, saxovatu duo, tarovehu Qur’on oyi bo‘lmish muborak Ramazon oyi o‘zining tarovati va barakoti bilan boshimiz uzra rahmat soyaboni tutib turibdi.
Alloh taolo “Baqara” surasining 183-oyatida bunday marhamat qiladi: “Ey imon keltirganlar, oldin o‘tganlarga kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shunda taqvodor bo‘lursizlar”.
Ramazon oyida faqatgina ro‘za tutish bilan cheklanilmaydi. Bu muborak oy ichida inson o‘zining nafsini tarbiya qiladi, ruhiy poklanishga erishadi va jamiyatda yaxshilik, saxovat hamda bag‘rikenglikni qaror toptirishga harakat qiladi.
Har yili Ramazon oyini munosib to‘tkazish to‘g‘risida Prezidentning maxsus qarori e’lon qilinadi. 2026 yil Ramazon oyini munosib o‘tkazish haqida Prezident qarori 16 fevral kuni qabul qilindi. Qaror bilan “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni o‘zaro hurmat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish, yer, suv, havo va tabiiy muhitni asrash, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarni obod etish, Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarni isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, ixcham, mazmunli va tejamkorlik asosida o‘tkazishga alohida e’tibor beriladi.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy himoya qilish va adolatli jamiyat barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Yurtimizda aholi farovonligini ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytirish ustuvor vazifa deb beligilangan bo‘lib, mazkur tamoyillar, ayniqsa, Ramazon oyida yanada yorqin namoyon bo‘ladi, saxovat va hamjihatlik qadriyatlari amaliy ishlar bilan mustahkamlanib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari muborak oyda nuroniylar, yolg‘iz va ehtiyojmand fuqarolar holidan xabar olish, og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalarga amaliy ko‘mak berish ezgu qadriyat ekanini ta’kidladi.
“Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan.
Preziyentimiz Shavkat Mirziyoyev Din ishlar bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbarlarini qabul qilib, Ramazon oyi davomida xalqimizga xatmu Qur’on va taroveh namozlarini ado etilishi hamda mazmunli pandu nasihatlar, muhtoj oilalarga moddiy-ma’naviy ko‘mak berishda faol xizmat ko‘rsatib kelayotgan Respublikamizdagi barcha masjidlarning imom-xatiblariga, masjidlarning xodimlariga, masjidlarda Qur’on xatm qilib beradigan qorilarga, diniy bilim yurtlarining ustoz-murabbiylariga va ko‘p yillar diniy sohada xizmat qilgan nuroniylarga jami 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ bir martalik moddiy yordam sifatida taqsimlab berilishini aytib o‘tdi.
Bu tarixda zarhal xatlar bilan bitiladigan xayriya bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Muborak dinimizda saxiylik eng yaxshi insoniy xulqlardan ekanligi ta’kidlanadi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom yaxshilik qilishda, saxiylikda, infoq-ehson qilishda saxovatlilarning saxovatlisi edilar. Saxovat ishlari Ramazon oyida amalga oshirilsa, uning ajr-savobi ko‘paytirib beriladi. Yurtboshimizning Ramazon oyiga bo‘lgan ijobiy munosabati, diniy soha vakillariga qaratgan e’tiborlari mujassamlashib, ushbu xayriya amalga oshadigan bo‘ldi. Alloh taolo mo‘min bandalarini yaxshilik ishlarida bir-birlari bilan musobaqalashishga chaqirgan:
“… Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang. Allohga taqvo qiling. Albatta, Alloh iqobi shiddatli zotdir (Moida surasi, 2-oyat).
Bunday xayrli musobaqa esa jamiyatda o‘zaro ishonch va hamjihatlikni qaror toptirish xizmat qiladi, inshaalloh.
Bu ajratilayotgan xayriya mablag‘larini o‘rnini topib, uni ezgulikka yo‘naltirish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Qiyinchilik bilan qilingan xayrli ishning mukofoti ham ulkan bo‘ladi, inshaalloh. Alloh taolo muhsin bandalarini sevishini bayon etib, “Oli Imron” surasining 134-oyatida:
“Ular (taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) kechiradiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”, deb marhamat qilgan.
Alloh taolo yurtimizni tinch, obod qilsin. Xalqimizning farovonligi yo‘lida mehnat qilayotgan Yurtboshimizni sog‘-salomat aylab, Ramazon oyini barcha fazilatlaridan elimizni bahramand qilsin!
Zayniddin domla Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Koreya Respublikasining yetakchi nashrlaridan biri — "The Chosun Daily"da Prezident Shavkat Mirziyoyevning "O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: o‘zgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik" sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.
Maqolada O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi tarixiy rishtalar, bugungi alohida strategik sheriklik, savdo-investisiya aloqalari hamda munosabatlarni yangi texnologik bosqichga olib chiqish istiqbollariga alohida e’tibor qaratilgan.
so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi 5 barobarga oshgan;
Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investisiyalari hajmi 8 milliard dollardan oshgan;
Ayni paytda mamlakatimizda Koreya kapitali ishtirokida 700 dan ziyod qo‘shma korxona va loyihalar amalga oshirilmoqda;
KOICA, Koreya Eksimbanki va EDCF bilan hamkorlikdagi loyihalarning umumiy portfeli 3,5 milliard dollardan ortiq;
2025 yilda Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 500 milliard dollardan oshgan.
Prezident ikki mamlakat iqtisodiyotining o‘zaro to‘ldiruvchanligi yangi o‘sish drayverlarini yaratish uchun katta imkoniyat ekanini ta’kidlab, hamkorlikni umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirish darajasiga olib chiqish muhimligini ta’kidladi.
"Ishonchim komilki, aynan shu asosda hamkorligimizning yangi sahifasini ochishimiz — alohida sohalardagi muvaffaqiyatli hamkorlikdan umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirishga o‘tishimiz mumkin. Bu esa mamlakatlarimiz barqaror va uzoq muddatli farovonligining yanada mustahkam poydevorini barpo etadi".
Maqolada sun’iy intellekt, yarim o‘tkazgichlar, robototexnika, elektr transport vositalari, biofarmasevtika, aqlli qishloq xo‘jaligi va “aqlli shaharlar” istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari sifatida belgilangan. Shuningdek, ta’lim va inson kapitaliga investisiya kiritish, akademik almashinuv va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi e’tirof etgan.
Prezident, shuningdek, Markaziy Osiyo-Koreya Respublikasi sammiti O‘zbekiston va Koreya munosabatlari bilan bir qatorda, butun mintaqa bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim maydon ekaniligiga alohida urg‘u berdi.
"...O‘zbekiston siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va sheriklikning yangi, samarali mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan qator dolzarb tashabbuslarni ilgari surish niyatida. Bu tashabbuslar “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” formatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, uni yanada tizimli, dinamik va uzoq muddatli mintaqaviy ustuvor vazifalarga yo‘naltirilgan mexanizmga aylantirishga qaratilgan".
Prezident maqolasida qayd etilganidek, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni, balki Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, innovatsiya va umumiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
"Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi tinchlik, innovatsiyalar, o‘zaro ishonch va umumiy farovonlikka asoslangan hamkorlikning yangi makonini shakllantira olishiga chin dildan ishonaman"- deydi Davlatimiz Rahbari maqolada.
Ma’lumot o‘rnida: Ze Chosun Daily — 1920 yilda tashkil etilgan «Chosun Ilbo» mediaguruhi tarkibidagi nashr bo‘lib, Koreya Respublikasidagi yirik axborot platformalaridan biri hisoblanadi.
Nashr siyosat, iqtisodiyot, jamiyat va xalqaro munosabatlarga oid dolzarb voqealarni keng yoritib boradi. Unda O‘zbekiston Prezidentining maqolasi e’lon qilinishi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikka bo‘lgan yuksak e’tiborning yana bir ifodasidir.