Baqara so‘zi «sigir» degan ma’noni anglatadi. Surai karimada Alloh taolo Banu Isroilga sigir so‘yishga farmon bergani haqidagi qissa ham o‘rin olgan bo‘lib, suraning nomi shundan olingandir.
Bu sura Muhammad alayhissalom Makkai Mukarramadan Madinai Munavvaraga hijrat qilganlaridan keyin nozil bo‘lgan birinchi suradir.
Albatta, boshqa suralar kabi, bu sura ham birdaniga, ya’ni oyatlari ketma-ket nozil bo‘lmagan, balki turli holatlarda, turli vaqtlarda nozil bo‘lgan. Orada boshqa suralarning ham oyatlari nozil bo‘lib turgan. Qachon biror oyat yoki bir necha oyat nozil bo‘lsa, Nabiy alayhissalomning o‘zlari o‘sha tushgan oyatlarning o‘rni qaysi suraning qaysi oyatidan keyin, qaysi oyatidan oldin ekanini ham aytib berganlar.
Ushbu surai karima bir necha mavzularni muolaja qiladi. Lekin hamma mavzular ham bir masala atrofida jamlanadi. U ham bo‘lsa, yahudiylarning Islomga bo‘lgan munosabatlari, Nabiy alayhissalomga va yangi Islom jamoasiga qilgan qarshiliklari masalasidir. Shuningdek, yahudiy va munofiqlarning hamda mushriklarning Islomga qarshi olib borgan dushmanliklari, buning muqobilida yosh Islom jamiyatining shakllanishi, yer yuzida Allohning xalifasi bo‘lish uchun tayyorlanish jarayonlari hikoya qilinadi.
Madinai Munavvarada nozil bo‘lgan boshqa suralar kabi, Baqara surasi ham musulmonlar o‘z ijtimoiy hayotlarida muhtoj bo‘lib turgan qonun-qoida va tuzumlarni muolaja qiladi.
Bu sura ko‘plab shariat hukmlarini, aqiyda, ibodat, muomala, axloq, oila, taloq, idda, ro‘za, qasos kabi masalalarni o‘z ichiga olgan.
Suraning avvalida mo‘minlar, kofirlar va munofiqlarning sifatlari haqida so‘z ketadi. Iymon, kufr va nifoqning haqiqati bayon qilinadi. Saodat ahli bilan badbaxtlar solishtiriladi. So‘ngra insonning yaratilishi, Odam alayhissalomning xalq etilishi va o‘sha vaqtda bo‘lib o‘tgan ishlarning qissasi keladi.
Surai karimada ahli kitoblar, xususan, yahudiylar (Banu Isroil) haqida batafsil so‘z ketadi. Chunki ular Madinai Munavvarada musulmonlar bilan birga yashar edilar. Shuning uchun ham Qur’oni Karim musulmonlarni yahudiylarning makr-hiylalari, xiyonatlari, aldamchiliklari va buzuq tabiatlaridan xabardor qiladi. Ularning Islom uchun xatarli va zararli ekanlarini tushuntiradi. Suraning uchdan biridan ko‘prog‘i shu masalaga oiddir.
Musulmonlar o‘z jamiyatlarini endigina qura boshlaganlari uchun, surada ularga ilohiy hayot tarzi o‘rgatilgan. Ibodat va muomala masalalari, jumladan, ro‘za, haj va umra, Allohning yo‘lida jihod qilish, oila, taloq, bola emizish, idda, musulmonlarga mushrika ayollarga uylanish haromligi va boshqa masalalar bayon qilingan.
Surai karimada yana riboxo‘rlikka – sudxo‘rlikka katta e’tibor berilgan bo‘lib, uning haromligi va oqibati yomonligi ta’kidlangan. So‘ngra qiyomat kunining dahshatlari zikr qilinadi. Va nihoyat, suraning oxirida mo‘minlarni tavba qilishga, doimo Allohga tazarruda bo‘lishga chaqiriq keladi.
Imom Ahmad keltirgan rivoyatda Abu Umoma quyidagilarni aytadilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Qur’onni qiroat qilinglar, u qiyomat kuni o‘z ahliga shafoatchidir, ikki nur sochuvchini – Baqara va Oli Imronni o‘qing, ular qiyomat kuni boshga soya soluvchi bulut bo‘lib keladilar. Baqarani o‘qinglar, uni olish barakadir, uni tark qilish hasratdir. Sehrgarlar unga qodir bo‘la olmaydilar», – deganlarini eshitdim».
Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom:
«Uylaringizni qabrga aylantirmanglar. Surai Baqara o‘qilgan uyga shayton kirmaydi», – deganlar.
Imom Ibn Hibbon Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Nabiy alayhissalom: «Har narsaning sanomi – ko‘zga ko‘ringan joyi bo‘ladi. Baqara surasi Qur’onning sanomidir. Kim o‘z uyida kechasi uni o‘qisa, o‘sha uyga uch kecha shayton kirmaydi. Kim uni kunduzi o‘qisa, uch kun shayton kirmaydi», – deganlar».
Imom Dorimiy rivoyat qiladilarki, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:
«Kim surai Baqaradan o‘n oyatni – avvalidan to‘rt oyat, «Oyatul Kursi» va undan keyingi ikki oyat va oxiridan uch oyatni kechasi o‘qisa, o‘sha uyga shu kechasi shayton kirmaydi», – deganlar.
Imom Nasaiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy alayhissalom bir joyga ko‘p sonli kishilarni yuborishdan avval ularga Qur’on o‘qitib ko‘rdilar. Ulardan har biri Qur’onni qancha bilsa, shuni o‘qidi. Ularning ichida eng yosh yigitning oldiga kelib:
– Ey Falonchi, sen Qur’ondan qancha bilasan? – dedilar. U:
– Falon, falon suralarni va Baqara surasini bilaman, – dedi. U zoti bobarakot:
– Baqara surasini bilasanmi? – deb so‘radilar. Yigit:
– Ha, – dedi. Nabiy alayhissalom:
– Boraver, sen ularga amirsan, – dedilar...»
Imom Buxoriy rivoyat qiladilar:
«Usayd ibn Huzayr roziyallohu anhu kechasi Baqara surasini o‘qiyotgan edi. Yaqinida oti bog‘log‘liq turar edi. Birdan ot tipirchilab qoldi. Qiroatdan to‘xtagan edi, ot ham to‘xtadi. Yana o‘qigan edi, ot ham tipirchiladi. O‘g‘li Yahyo yaqinida uxlab yotardi. Ot bosib olmasin deb, borib, uni qo‘liga oldi va boshini osmonga ko‘tardi. Tong otgandan so‘ng hodisani Nabiy alayhissalomga so‘zlab berdi. U kishi:
– O‘qi, ey Ibn Huzayr, – dedilar. U bo‘lsa:
– Ey Allohning Rasuli, Yahyoni bosib olmasin deb qo‘rqdim, uning yaqinida edi. Boshimni ko‘tarib, uning oldiga bordim. Osmonga qarasam, bulutga o‘xshash narsa, ichida chiroqqa o‘xshagan narsalar ham bor. Ularni ko‘rmay deb, chiqib ketdim, – dedi. Nabiy alayhissalom:
– U nimaligini bilasanmi? – dedilar. U:
– Yo‘q, – dedi. U zoti bobarakot:
– Ular sening ovozingga kelgan farishtalar. Agar tong otguncha o‘qiyverganingda, odamlar ularga nazar solsa bo‘lardi. Ular berkinmas edilar, – dedilar».
Abu Ubayd rivoyat qilishlaricha:
«Bir odam namozda Baqara va Oli Imron suralarini o‘qidi. Namozini tugatganidan keyin hazrati Ka’b roziyallohu anhu unga:
– Baqara bilan Oli Imronni o‘qidingmi? – dedilar. U:
– Ha, – dedi. Shunda u kishi:
– Mening jonim tasarrufida bo‘lgan Zot bilan qasamki, bu ikkovida u bilan duo qilsa mustajob bo‘ladigan Allohning ismi bor, – dedi. Haligi odam:
– Menga o‘rgatib qo‘ying, – dedi. Hazrati Ka’b:
– Yo‘q, o‘rgatmayman, senga uning xabarini aytsam, o‘zingni ham, meni ham halok qiladigan duo qilib qo‘ymagin, – dedilar».
"Tafsiri Hilol"dan
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi