Shayx Abdulfattoh Abu G‘udda rahimahulloh aytadilar: “Mahmud ibn Umar Zamaxshariyning bir gapini eslayman... Hikmatli so‘zlar jamlangan “So‘z durdonalari” degan kitobida bunday yozadi: “Savdogarning shuhrati uning hamyonida, olimning shon-sharafi esa kitoblarida”.
Ilgari olimlar kitoblar sotib olish uchun oziq-ovqat va kundalik ehtiyojlariga sarflaydigan mablag‘larni tejar edilar. Imom Ahmadning shogirdi Ibrohim Harbiy (Alloh uni rahmat qilsin) juda qashshoqlashib qoldi. Uning ikki yosh qizi bor edi. Ahli oilasi ochlikdan qattiq aziyat chekishdi.
Ayoli unga: “Ey Ibrohim, men ochlikka chiday olaman, lekin bu ikki qiz bunga qanday chidaydi?” deb shikoyat qildi.
U: “Nima qilishim kerak?” deb so‘radi.
Ayoli: “Kitoblaringizdan birortasini soting”, dedi.
Ibrohim: “Sabr qiling, sabr qiling”, dedida, uyidan tashqari chiqib ketdi.
Bir kishi Ibrohim Harbiyning uyini izlab, o‘tgan-ketgandan so‘rab yurardi. Nihoyat odamlar ko‘rsatgan yo‘l bo‘ylab yurib, bir uyning oldida to‘xtadi va: “Ibrohim Harbiyning uyi qayerda?” deb so‘radi.
“Mana shu”, dedi.
“Ibrohim Harbiy kim?” deb so‘radi.
“Menman”, deb javob berdi.
“Nima istaysiz?” deb so‘radi.
“Xurosonlik bir kishi sizga bu ikki tuyaga yuklangan narsani yubordi. Men ularni sizga yetkazishga mas’ulman”, dedi.
Ibrohim Harbiy undan: “Bu qayerdan keldi?” deb so‘radi.
U: “Xurosonlik bir odamdan”, deb javob berdi.
Ibrohim: “U kim?” deb so‘radi.
“Sir saqlashga qasam ichganman”, dedi.
Bundan Ibrohim Harbiy hayratda qoldi. Ikki tuyadan oziq-ovqat va kiyimlardan iborat yuklarni tushirdi.
Ibrohim Harbiy ochlikka chidadi, lekin kitoblaridan birini sotishga chiday olmadi. Chunki kitoblar uning hayoti edi.
Ba’zan o‘n baravar qimmatga bo‘lsa ham, kitob sotib olardim. Chunki bu kitobni hayotimda bir marta sotib olaman, pulni yana topishim mumkin, lekin bu kitobni boshqa topa olmasligimdan qo‘rqaman. Hatto narxi besh yoki olti funtga baholangan kitobni 70 funtga sotib olganman.
Eng muhimi inson “kitoblar qurti” bo‘lishi kerak. Bunday odam kitoblarni o‘qiydi, o‘rganadi, kerakli joylarini yozib qo‘yadi, yodlaydi, o‘qiganlari uning xulq-atvorida aks etadi...”.
Davron NURMUHAMMAD
Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Sayyid Yahyo Bokuviyning boy ma’naviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning yopilish marosimi ramziy ma’noga ega bo‘lgan tarixiy Ag‘dam shahrida o‘tkazildi. Unda turkiy davlatlar, arab-musulmon mamlakatlari diniy peshvolari, ulamolar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugungi murakkab davrda tinchlik va hurlik eng bebaho ne’mat ekanini alohida ta’kidlab, ummat birligi, hamjihatlik va diniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash zaruratiga to‘xtaldilar. Shuningdek, davlat Rahbarlari o‘rtasidagi samimiy birodarlik va oliy darajadagi o‘zaro tashriflar xalqlarimiz tarixida yangi sahifa ochganini e’tirof etdilar.
Yig‘ilishda Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda ham so‘zga chiqib, yaqinda bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon yetakchisining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va imzolangan "Abadiy do‘stlik shartnomasi" qardoshlik munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi.
Anjuman yakunida Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda janoblarining taklifiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilganlar va butun islom ummati haqqiga xayrli duolar qildilar. Muftiy hazratlari o‘z duolarida el-yurtlarimiz tinchligi, mamlakatlarimiz farovonligi hamda anjumanda ko‘tarilgan muhim masalalar musulmonlar va butun ummat manfaati uchun xizmat qilishini Haq taolodan so‘radilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati