Indoneziyaning Sharqiy Yava provinsiyasi ma’muriy markazi — Surabaya shahrida “O‘zbekiston turizm salohiyati taqdimoti” mavzusida keng qamrovli tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan anjumanda mahalliy hokimiyat vakillari, 50 dan ortiq yetakchi turizm kompaniyalari rahbarlari va umra tashkilotchilari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi — “Umrah Plus Uzbekistan” dasturi doirasida qo‘shma turpaketlarni targ‘ib qilish va mahalliy turoperatorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.
Taqdimot davomida O‘zbekiston va Indoneziyani mushtarak islom sivilizatsiyasi merosi va ma’naviy qadriyatlar bog‘lab turishi alohida qayd etildi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalarning merosi indoneziyalik ziyoratchilar uchun alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining boy tarixiy-me’moriy qiyofasi hamda zamonaviy turistik infratuzilmasi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirda Sharqiy Yavaning Gresik shahrida maqbarasi joylashgan Mavlono Malik Ibrohim Samarqandiy (Sunan Gresik) shaxsiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. XIV asrda Yava orolida islom dinini yoyishda beqiyos xizmat qilgan ushbu zot aynan Samarqand zaminidan yetishib chiqqani ikki mamlakat o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prik sifatida e’tirof etildi. Bu holat indoneziyaliklar qalbida O‘zbekistonga nisbatan alohida mehr va hurmat uyg‘otishi qayd etildi.
Muzokaralar doirasida yiliga 12 mingdan ziyod sayyohga xizmat ko‘rsatuvchi “An Namiroh Travel”, “Ebad Travel” va “Safira Travel” kabi yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ushbu turoperatorlar O‘zbekiston bo‘ylab ziyorat va madaniy turizm paketlarini o‘z faoliyat yo‘nalishlariga qo‘shishga hamda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar.
AMPHURI (Umra va Haj tashkilotchilari assotsiatsiyasi) mintaqaviy bo‘linmasi raisi Muhammad Sufyan Arif O‘zbekistonni «Imom Buxoriy yurti» deb atab, Samarqand va Buxoroni ziyorat qilish har bir indoneziyalik musulmon oilasining katta orzusi ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, “Umrah Plus” dasturlarini mazmunan boyitishda O‘zbekiston yo‘nalishi eng istiqbolli va dolzarb yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Tadbir Indoneziya ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Elektron nashrlardagi maqolalarda O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘li merosini zamonaviy turizm diplomatiyasi bilan uyg‘unlashtirgan holda, jahon islom turizmi makonida muhim markaz sifatida shakllanayotgani yuqori baholandi. Bu kabi targ‘ibot ishlari mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
dunyo.info
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati