Oli Imron surasi Madinada nozil bo‘lgan uzun suralardan biri bo‘lib, asosan diniy ishlardan ikki muhim masalani muolaja qiladi:
Birinchisi – aqiyda masalasi bo‘lib, Allohning yagonaligiga hujjat va dalillar keltiriladi.
Ikkinchisi – shariat qonunlari masalasi, xususan, urush va Allohning yo‘lida jihod qilishning qonunlari haqida so‘z yuritiladi.
Birinchi masala bo‘yicha Alloh taoloning yagonaligini va payg‘ambarlikning haqligini, Qur’onning haqligini isbot qiluvchi oyatlar kelgan. Shuningdek, ahli kitoblar Islom, Qur’on va Muhammad alayhissalom haqlarida tarqatgan shubhalarga raddiyalar berilgan.
Oli Imron surasida asosan ahli kitoblarning nasoro toifasi haqida so‘z yuritiladi. Ularning Masih alayhissalom haqlarida, u kishini iloh deb gumon qilishlari va shuning oqibatida Muhammad alayhissalomni yolg‘onchiga chiqarib, Qur’onni inkor qilishlari haqida so‘z boradi. Surai karimaning deyarli yarmi shular haqidagi oyatlardan iboratdir. O‘sha oyatlarda nasorolar qo‘zg‘agan shubhalarga, xususan, Bibi Maryam va u kishining o‘g‘illari Iyso alayhissalom haqlaridagi shubhalarga ochiq-oydin hujjat va dalillar bilan raddiyalar keladi. Mazkur dalil va hujjatlarni keltirish jarayonida yahudiylarga nisbatan ba’zi ishora va kinoyalar ham qilib o‘tiladi. Musulmonlarni ahli kitobning makr va hiylalaridan hushyor bo‘lishga chaqiriladi.
Ikkinchi masala bo‘yicha haj ibodatiga, jihodga, riboga va zakotni man qiluvchilarga xos hukmlar zikr qilinadi. Badr, Uhud kabi g‘azotlar haqida batafsil so‘z yuritilib, ulardan olingan ibratlar bayon etiladi. Musulmonlar Badr g‘azotida kofirlar ustidan g‘olib keldilar, ammo Nabiy alayhissalomga bo‘ysunmasdan, Uhud g‘azotida mag‘lubiyatga uchradilar va ta’nalar eshitdilar. Oli Imron surasida ana shu darsning hikmatlari ochiladi. Alloh taolo mo‘min-musulmonlarning safini qalbi buzuqlardan tozalashni iroda etganligi bayon qilinadi.
Shuningdek, surai karimada nifoq va munofiqlar haqida batafsil so‘z yuritiladi, ularning Islomga hamda musulmonlarga zarar yetkazish uchun qanday urinishlari bayon qilinadi.
Suraning oxirlarida osmonlaru yerning yaratilishidagi ajoyibotlarni tafakkur va tadabbur qilib ko‘rishga chaqiriladi. Pirovardida esa jihod va mujohidlar haqida so‘z ketadi.
Imom Muslim Navos ibn Sam’on roziyallohu anhudan rivoyat qiladilarki, u kishi:
«Payg‘ambar alayhissolatu vassalomning «Qiyomat kuni Qur’on va unga amal qilgan ahllari keltirilganida, Baqara va Oli Imron suralari bosh bo‘lib keladilar», deganlarini eshitdim», – dedilar.
Ushbu surai karimaning Oli Imron degan nom olishining sababi – sura ichida Bibi Maryamning otalari Imron va u kishining sharafli oilalari – Oli Imron qissasining kelganligidir.
"Tafsiri Hilol"dan
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifining ikkinchi kuni Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, o‘tgan yili yurtimizda aqida ilmining asoschisi Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoni hududida Imom Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirishga kirishilgandi.
Ayni paytda majmua va uning atrofida qurilish-obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Umumiy maydoni 10,2 gektar bo‘lgan hududda Imom Moturidiy majmuasi qayta qurilib, 250 o‘rinli masjid, kirish peshtoqi, ilmiy markaz, kutubxona, muzey va avtoturargoh bunyod etilmoqda.
Shuningdek, qurilish ishlari jarayonida Chokardiza qabristonida buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy dafn etilgan joy ham aniqlanib, bu yerda maqbara qurilmoqda.
Allomalar yodga olinib, Qur’on tilovat qilindi.
Davlatimiz rahbari bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirib, ushbu maskan dunyo musulmonlari talpinadigan ziyorat manzillaridan biri ekanini qayd etib, bu yerda ular uchun zamon talablariga mos sharoit yaratish zarurligini ta’kidladi.
– Majmuaga kelgan kishi avvalo Imom Moturidiy bobomizning ilmiy-ma’naviy merosi, islom olamida tutgan mavqei haqida yorqin tasavvurga ega bo‘lishi, allomaning ma’rifatparvar qarashlari bugun ham dolzarbligini his qilishi kerak, – dedi Prezident.
Qurilishni sifatli va o‘z vaqtida bajarish, hududda yashil maydonlarni ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
https://president.uz/ru/lists/view/9028