frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Yangiliklar

Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi

21.02.2026   18909   3 min.
Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi

Ramazon — qalblarni poklaydigan, insonni o‘zi bilan yuzma-yuz qo‘yadigan, ruhiy kamolotga yetaklaydigan muqaddas oy. Qur’oni karimda: «Alloh kechirguvchi va mehribondir», deb marhamat qilinadi. Bu oyat Ramazonning mazmun-mohiyatini, uning kechirim va rahm-shafqat oyi ekanini yana bir bor yodga soladi.


Bugun Jizzax viloyatida ushbu muborak oyning fayzu barakasi yaqqol sezilmoqda. Vohadagi 170 ta masjidda taraveh namozlari muntazam ado etilmoqda. Ularning 124 tasida 208 nafar qori tomonidan xatmi Qur’on qilinmoqda. Bu raqamlar — quruq statistika emas, balki yuzlab qalblarning Qur’on nuridan bahramand bo‘layotganining amaliy ifodasidir.


Taraveh namozlari viloyatdagi barcha masjidlarda bir xil vaqtda — soat 20:30 da boshlanmoqda. Bu tartib va intizom ibodatda hamjihatlikni ta’minlab, jamoatni yagona maqsad atrofida birlashtirmoqda. Islom manbalarida ta’kidlanganidek, taraveh namozi Ramazon oyiga xos sunnat amallardan hisoblanadi va asrlar davomida musulmon ummati tomonidan ado etib kelinmoqda.


Taraveh namozlari 27 kun davomida o‘qilib, Laylatul qadr kechasi bilan yakunlanadi. Laylatul qadr — Qur’on nozil bo‘la boshlagan, ming oydan yaxshiroq deb vasf etilgan muborak kechadir. Ushbu muborak tun arafasida xatmi Qur’on qilish yurtdoshlarimiz uchun ulkan ma’naviy yutuq, qalblar uchun beqiyos ziyo manbaidir.


O‘zbekiston Musulmonlar idorasining Jizzax viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Mehmonxon Jabborov ta’kidlaganidek:


— Alloh kechirguvchi va Ul zot kechirimlilarni yaxshi ko‘radi. Ramazon — nafaqat ro‘za tutib, gunohlardan tiyilish, balki bir-birimizni kechirish, kimnidir ranjitgan bo‘lsak, uzr so‘rash oyidir.


Darhaqiqat, bu oy insonni nafs bilan kurashga, bag‘rikenglikka, mehr-oqibatga chorlaydi. Masjidlardagi ma’rifiy suhbatlar, Qur’on tilovati va jamoat ibodati — barchasi jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.


Ayni paytda imom-xatiblar homiylar ko‘magida ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olib, ularning uylarida iftorliklar tashkil etmoqdalar. Turli oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berilishi Ramazonning saxovat va hamdardlik ruhini yanada mustahkamlamoqda. Bu ishlar «Inson qadri uchun» tamoyilining amaliy ifodasidir.


Masjid — faqat ibodat joyi emas, balki ma’rifat, tarbiya va hamjihatlik maskani. Ramazon oyida bu maskanlar yanada fayzli, yanada gavjum bo‘ladi. Qur’on sadosi ostida inson o‘z qalbini tinglaydi, xatolarini anglaydi, ezgulikka intiladi.


Jizzaxdagi bu manzara — yurtimizda diniy-ma’rifiy hayot barqaror va izchil rivojlanayotganining yorqin ifodasidir. Tartib-intizom, jamoatchilik birdamligi va saxovatpeshalik — barchasi Ramazonning mazmun-mohiyatiga mos tarzda namoyon bo‘lmoqda.

 


Ramazon — kechirim oyi;
Ramazon — birdamlik oyi;
Ramazon — qalblarni nurga to‘ldirish oyi.


Jizzaxda esa bu nur 170 masjiddan taralib, minglab xonadonlarga ziyo baxsh etmoqda.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA

Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Xo‘jamulki" mahallasida obodlik va mehr-saxovat

16.08.2026   37049   1 min.

Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.

Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.

Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari