Bu muqaddas oyda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush farovonligini yaxshilash va jamiyatda o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Ramazon oyi munosabati bilan mamlakatimizda muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir martalik moddiy yordam ajratilmoqda. Tegishli tartibga muvofiq, ehtiyojmand fuqarolarga 1 million va 500 ming so‘m miqdorida moliyaviy ko‘mak taqdim etilmoqda.
Mazkur tashabbus nafaqat moddiy yordam, balki davlatning aholiga bo‘lgan e’tibori, g‘amxo‘rligi va ijtimoiy mas’uliyatining amaliy ifodasidir. Ayniqsa, muqaddas oyda bunday ko‘makning yetkazilishi hududlardagi ko‘plab oilalar uchun katta ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘lmoqda.
Jumladan, Namangan viloyatida ham 68 mingdan ortiq oilaga bir martalik moddiy yordam yetkazilishi rejalashtirilgan.
Joylarda bu jarayon izchil va manzilli tarzda amalga oshirilib, yordam haqiqatan ehtiyojmand aholi qatlamini qamrab olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunday ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlari jamiyatda o‘zaro mehr-muruvvat muhitini mustahkamlab, inson qadri va farovonligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasini namoyon etmoqda. Ramazon oyida ezgulik va saxovat har bir xonadonga kirib borayotgani esa bu ishlar samarasining yaqqol ifodasidir.
Bunday savobli amallar respublikaning barcha tumanlarida davom ettiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
Muhtaram Prezidentimizning «Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» degan ezgu g‘oyalari asosida bu muborak oyda hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmayapti.
Shu yil 6 mart kuni Toshkent shahridagi «Shayx Zayniddin» jome masjidi majlislar zalida ko‘p yillar imom-xatib bo‘lib ishlagan, diniy soha ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan har bir faxriy imomga davlatimiz Rahbarining sovg‘alari – 10 million so‘m pul mukofotlari topshirildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, «Vaqf» xayriya jamoat fondi vakili qatnashib, omonatlarni o‘z egalariga yetkazdilar.
– Allohga shukrlar bo‘lsinki, faxriy imomlar qadrlagan davrda yashayapmiz, – deydi Shayx Abdulaziz Mansur. – Hurmatli Yurtboshimizning bunday e’tibor va g‘amxo‘rliklaridan boshimiz ko‘kka yetdi.
Ulamolar qadrlangan yurtga baraka yog‘iladi. Ilohim, aziz Vatanimiz bundan-da taraqqiy etaversin.
Prezidentimizning mukofotlarini olgan faxriy imomlar Yurtboshimiz haqlariga, yurtimiz, elimiz fayza barakaga to‘lishini tilab xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati