Muborak Ramazon oyida insonparvarlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, kam ta’minlangan va ehtiyojmand shaxslar, yordamga muhtoj oilalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish maqsadida bir qator amaliy chora-tadbirlar belgilab olingani e’tiborga molik.
Jumladan, respublikadagi 8 ming 992 ta mahallada “yettilik” tavsiyasi asosida hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda 100 ming nafar nogironligi bo‘lgan, yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan va ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolarning manzilli ro‘yxati shakllantirildi.
Ro‘yxatga kiritilgan fuqarolar tarkibi asosan ehtiyojmand ayollar, boquvchisini yo‘qotganlar, yakka-yolg‘izlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ijtimoiy reyestrdagi fuqarolar, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turganlardan iborat ekani e’tiborli.

Mazkur fuqarolarga davlat ko‘magi sifatida 100 ming dona Ramazon sovg‘alari tayyorlandi. Har bir sovg‘ada 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari jamlangan (un, o‘simlik yog‘i, guruch, shakar, makaron, grechka, xurmo, pechene, qora choy, ichimlik suvi).
Transport vazirligi bilan birgalikda oziq-ovqat mahsulotlari markazlashgan holda hududlarga yetkazilib, hududiy omborlarga joylashtirilmoqda.
Tuman (shahar) hokimlari boshchiligida, tegishli mutasaddilar ishtirokida ishchi guruhlar shakllantirilib, mahsulotlar mahallalarda “yettilik” a’zolari va faollar tomonidan ehtiyojmand oilalarga manzilli yetkazilishiga e’tibor qaratiladi.
Aytish kerakki, respublika bo‘yicha (oila soni, mahsulot turi va miqdori kesimida) yagona hisobot yuritiladi.
Ramazon oyida barcha mahallalarda ehtiyojmand oilalar xonadonlarida mahalla raislari tomonidan iftorlik dasturxonlari tashkil etiladi. Unga jami 629 ming nafardan ortiq obro‘-e’tiborga ega nuroniylar, ko‘cha (uy) boshilar, ijtimoiy daftar va “Ijtimoiy reyestr”dagi fuqarolar jalb etiladi.

Iftorliklarda diniy ulamolar tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shukronalik hissini oshirish va ma’naviy qadriyatlar haqida ma’ruzalar qilinadi.
Har bir mahalladan 5 nafardan, jami 45 ming nafardan ortiq kambag‘al oilalarning uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlanadi. Har bir mahalladan 10 nafardan, jami 100 mingga yaqin kambag‘al oilalarning tomorqalariga sabzavot, poliz, kartoshka va boshqa turdagi ekinlar ekiladi.
20 ming nafar ehtiyojmand oila a’zolarining muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarga sayohatlari tashkil etiladi. Barcha mahallalarda kayvoni va hoji onaxonlar ishtirokida sumalak sayllari o‘tkaziladi.
Mazkur xayriya va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni O‘zbekiston mahallalari uyushmasi mas’ulligida barcha mahallalarda yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish choralari ko‘riladi.
N.Usmonova, O‘zA
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Istanbul shahrining Bashakshehir tumanida hamyurtlarimizning murojaatlarini tinglash va ularning masalalariga amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tashrifdan asosiy maqsad ushbu hududda yashab, faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizga zarur konsullik-huquqiy maslahatlar berish va ularni qiziqtirgan savollar yuzasidan amaliy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.
Safar davomida diplomatlarga O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakillari ham hamrohlik qildi. Ular yurtdoshlarimizning islom diniga oid savollariga javob berdi va turli taqiqlangan hamda aqidaviy jihatdan noto‘g‘ri yo‘nalishdagi tashkilotlarga aldanib qolmaslik uchun zarur maslahatlar berdi.
Hamyurtlarimizning Turkiya hududida qonuniy yashashiga oid masalalar, ularning huquqiy holati, hujjatlari hamda konsullik yordami ko‘rsatish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Bosh konsulxona vakillari zarur hollarda O‘zbekiston fuqarolariga hujjatlarni rasmiylashtirish hamda vatanga qaytish bilan bog‘liq masalalarda amaliy ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati