O‘zbekiston musulmonlari idorasida navbatdagi fuqarolar qabuli bo‘lib o‘tdi. Unda Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qildi.
Mazkur jarayonda fuqarolar tomonidan oilaviy munosabatlar, xayriya ishlarini tashkil etish, ijtimoiy ko‘mak va boshqa masalalarda qilingan murojaatlar tinglandi. Ellik nafarga yaqin murojaatchining har biri bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazilib, ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Ayrim murojaatlar joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan masalalar tegishli bo‘lim va mas’ul xodimlarga yo‘naltirildi.
Shu bilan birga, murojaatchilarga qonunchilik va amaldagi tartiblar asosida huquqiy va amaliy tavsiyalar berildi. Hamyurtlarimiz qabul jarayonidan minnatdorligini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada oshirishdan iborat.
Musobaqada shahar va tumanlardan jamlangan jamoalar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, milliy qadriyatlar va mamlakatimiz qonunchiligiga oid savollar bo‘yicha o‘z bilim va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — “Tafakkur” jamoasi
2-o‘rin — “Ittifoq” jamoasi
3-o‘rin — “Hikmat” jamoasi
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati