frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Aslida qanaqa?

26.02.2026   12966   4 min.
Aslida qanaqa?

Mulohaza

Yaqinda bir maqolani tahrir qilayotib, unda ulug‘ tobein Vahb ibn Munabbihning ismi “Vahb ibn Munabbah” deb yozilganiga guvoh bo‘ldim. Shunda ikkilanib, haqiqatan shundaymikin, deya an’anaviy va elektron manbalarni ko‘zdan kechirdim.


Imom Shamsiddin Zahabiyning “Siyarul a’lom an-nubalo” kitobida Abu Abdulloh Vahb ibn Munabbih ibn Komil ibn Sij ibn Ziy Kibor Abnoviy Yamaniy Zimoriy San’oniy deb yozilgan ekan. Shuningdek, vikipediyaning arab, turk, ingliz va rus tillaridagi havolalarida ham allomaning ismi shunday berilgan. Lekin o‘zbek tilidagi ayrim internet saytlarida “Vahb ibn Munabbah” deb yozilgan. Hatto ona tilimizda chop etilayotgan ba’zi kitoblarda ham shunday.


Aslida buyuk tobeinning asl ism-sharifi Vahb ibn Munabbihdir.


Alloma hijriy 34 yili Yamanda tavallud topgan. U oldingi payg‘ambarlar, olimlar haqida kitoblar yozgan, “Anbiyolar qissasi”, “Axyor (yaxshi inson)lar qissasi” kabi kitoblar muallifi.


Buyuk tobein hijriy 110  yili Yamanning San’o shahrida vafot etgan. Alloma haqida Imom Ibn Kasir “al-Bidoya van-nihoya” kitobida ma’lumotlar keltirgan.

* * *

Ayrim zamondosh ulamolarning ismlari ham har xil yozilgan. Masalan, 96 yoshli misrlik ulamo, Dunyo musulmon olimlari uyushmasi sobiq rahbari ismi ba’zi kitoblarda, internet saytlarida “Yusuf Qarzoviy” deb berilgan bo‘lsa, ayrimlarida “Yusuf Qarazoviy” shaklida yozilgan. Arab, turk va ingliz tillaridagi vikipediyalar (https://ar.wikipedia.org/wiki, https://en.wikipedia.org/wiki, https://tr.wikipedia.org/wiki)da Yusuf Abdulloh Qarazoviy deb berilgan.  Aslida ham shunday bo‘lishi kerak.

* * *

O‘zbek kitobxonlariga go‘zal asarlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan zamondosh ulamolardan biri Muhammad Rotib Nobulsiyning ism-sharifi ba’zan “Noblusiy”, “Noblisiy” kabi har xil yoziladi. Suriyalik 88 yoshli olimning asl ism-sharifi Muhammad Rotib Nobulsiydir.

 

Ko‘pchilik Imom Doroniy bilan Imom Dorimiyni almashtirib qo‘yadi. Aslida ikkalasi boshqa-boshqa olimlar bo‘lib, biri Damashq yaqinidagi Doron qishlog‘ida tug‘ilgan tasavvuf olimi, biri esa Samarqandda tug‘ilgan muhaddis allomadir.

 

Imom Doroniyning to‘liq ismi Abu Sulaymon Abdurahmon ibn Ahmad ibn Atiyya Insiy Doroniy bo‘lib, u hijriy 140 yilda Damashq yaqinidagi Doron qishlog‘ida tug‘ilgan va hijriy 215 yilda vafot etgan tasavvuf ulamolaridan bo‘lgan. Hazrat Alisher Navoiy alloma haqida “Nasoyimul muhabbat” asarida ma’lumot keltirgan.

 

Imom Dorimiyning to‘liq ismi Hofizul kabir Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurrahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdusamad Tamimiy Samarqandiy Dorimiy bo‘lib, u hijriy 182 yilda Samarqand shahrida dunyoga kelgan.

 

Imom Dorimiyning eng mashhur kitobi “Sunani Dorimiy”dir. Alloma hadis ilmi bilan chegaralanib qolgani yo‘q, balki tafsir, fiqh kabi ilmlarda ham yetuk olimlardan edi. U zot “Bisavmi mustahoza val mutahayyira” deb nomlangan fiqh kitobi muallifidir. Qur’oni karimning ba’zi juzlariga tafsir ham yozgan. Lekin tafsir bizgacha yetib kelmagan.

* * *

“Ismlar ham atamalar kabi grammatik qurilishda til qonunlariga bo‘ysunadi” degan qoidaga ko‘ra, arabcha bo‘lgan “Oisha” va “Xadiyja” kabi ismlar o‘zbek tilida “Oysha”, “Xadicha” deb til me’yorlariga rioya qilingan holda yozilishi tavsiya etiladi.

Xulosa shuki, o‘zbek o‘quvchilarga qulaylik yaratish hamda bosma va elektron nashrlarda, ommaviy axborot vositalarida diniy atamalarning har xil yozilishi oldini olish maqsadida tarixiy manbalarda kelgan ismlar, joylar, asarlar nomlarining alohida imlo lug‘ati tuzilsa, ayni muddao bo‘lardi. 

 

Tolibjon NIZOM

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Turkiy davlatlar muftiylari Boku shahrida jamlanadi

13.09.2026   25129   1 min.
Turkiy davlatlar muftiylari Boku shahrida jamlanadi

Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.  

Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.

Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari