O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi huzuridagi Respublika axborot-kutubxona markazi hamkorligida mutaxassislar uchun “Elektron kutubxona ma’lumotlar bazasini shakllantirish va foydalanish asoslari” mavzusida onlayn o‘quv kurslari tashkil etildi.
O‘quv mashg‘ulotlar davomida elektron kataloglar bilan ishlash, kutubxona fondlarini raqamlashtirish, noyob va qimmatli manabalarni saqlash, foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda milliy va xorijiy ma’lumotlar bazalaridan foydalanish bo‘yicha muhim bilim va ko‘nikmalar berildi.
Shuningdek, sohada qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlar hamda qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar bo‘yicha ishtirokchilar batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘quv kurslari yakunida Respublika axborot-kutubxona markazi direktori Asqar Gaziyev tomonidan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Mazkur tadbir axborot-resurs markazlari faoliyati samaradorligini oshirish va zamonaviy elektron kutubxona xizmatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘MI Kutubxona bo‘limi
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati