Islom ta’limotida kasallik faqat jismoniy holat emas, balki tarbiya, poklanish va ilohiy rahmatning bir ko‘rinishi sifatida talqin qilinadi. Muhammad sollallohu alayhi va sallam kasallikka duchor bo‘lgan kishilarga tasalli berar, uni yomonlashdan qaytarar va bu holatning ma’naviy hikmatlarini bayon qilib berar edilar. Quyidagi rivoyat ham aynan shu haqiqatni ochib beradi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ummu Saib roziyallohu anhoni kasallik paytida ziyorat qildilar. Uni qaltirab turgan holda ko‘rib:
– "Ey Ummu Saib, sizga nima bo‘ldi, nega titrayapsiz?" – dedilar.
– U: Isitma! Alloh uni barakali qilmasin! (kasallikka la’nat bo‘lsin), – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– "Ey Ummu Saib, isitmani so‘kmang. Chunki u Bani Odamning gunohlarini, xuddi bosqon temirning zangini ketkazgandek, ketkazadi", dedilar.
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kasallikning ilohiy hikmatlarini bayon qilib, shunday dedilar...-
– "Albatta, Alloh taolo bandasini kasallik bilan uch holatdan biri uchun sinovdan o‘tkazadi:
Agar bandaning gunohlari bo‘lsa, Alloh ularni kechirishni iroda qilsa;
Agar bandasini O‘zidan uzoqlashganini ko‘rib, uni O‘ziga yaqinlashtirishni xohlasa;
Yoki bandaning jannatda u uchun tayyorlangan joyi bo‘lib, qilmagan amallari o‘sha tayyorlangan joyga yetmay turganda, Alloh uni o‘sha maqomga yetkazishni iroda qilsa".
Demak, kasallikda sabr qilgandan keyin bandaning oldida faqat yaxshilik bor: u tavbaga keladi, ibodatda sobit bo‘ladi va Allohga nisbatan go‘zal gumon bilan yashaydi.
Alloh taolo nihoyatda rahmlidir, bandalaridan azobni daf etuvchidir va U bizga onalarimizdan ham ko‘ra rahmliroqdir. Shuning uchun dardni Yaratganga arz qiling, Unga hamd bilan yuzlaning va qalblaringizni istig‘for bilan poklang.
Ushbu rivoyatdan anglashiladiki, Islomda kasallik jazolash vositasi emas, balki bandani tarbiyalovchi, uni gunohlardan poklovchi va Allohga yaqinlashtiruvchi rahmat eshigidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kasallikni yomonlashdan qaytarib, undagi ilohiy hikmatlarni ochib berdilar. Chunki mo‘min kishi uchun kasallik sabr, tavba va ibodat bilan qarshi olinsa, yuksalish va daraja oshishiga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, bu hadis bandaga har qanday holatda ham Alloh haqida go‘zal gumonda bo‘lish, dardini Unga arz qilish va qalbini istig‘for bilan poklash lozimligini o‘rgatadi. Zero, Alloh taolo bandalariga nihoyatda rahmli bo‘lib, U kasallik orqali ham O‘z qulining oxiratini obod qilishni iroda qiladi.
Demak, mo‘min inson uchun muhim bo‘lgan narsa kasallikning o‘zi emas, balki unga qanday munosabatda bo‘lishidir. Sabr, shukr va ixlos bilan qarshi olingan har bir sinov oxir-oqibat bandani Alloh roziligiga yetaklaydi.
Adham Sharqoviyning kitobi asosida
TII magistratura talabasi
Saidburxon FAZLIDDINOV tayyorlandi.
Ibn Atoulloh Sakandariy rahimahulloh aytadilar: “Agar Alloh huzuridagi qadringni bilmoqchi bo‘lsang, U seni nimada mashg‘ul qilib qo‘yganiga nazar sol”.
Sharh: Insonlar odatda o‘z qadrini molu dunyosi, lavozimi, ilm darajasi yoki xalq orasidagi obro‘si bilan o‘lchaydilar. Ammo Alloh nazdidagi haqiqiy qadr dunyo matohlari, obro‘-e’tibor bilan emas, balki insonning nimaga muvaffaq qilingani bilan bilinadi.
Agar Alloh taolo bandasini:
namozga,
Qur’on tilovatiga,
ilm o‘rganish va o‘rgatishga,
ota-ona xizmatiga,
odamlarga manfaat yetkazishga,
yaxshi axloq va solih amallarga muvaffaq qilgan bo‘lsa, bu Allohning unga bo‘lgan lutfi va ehsonidan dalolat.
Allohning nazdidagi qadringni bilishni istasangiz, tilingizni nima bilan, qalbing nima bilan va umringizni nima bilan o‘tayotganiga qarang. Chunki Alloh bandasini O‘zi yaxshi ko‘rgan ishlarda ishlatadi.
Aksincha, inson vaqtini behuda ishlarga, gunohlarga, g‘iybatga, dunyoparastlikka sarflayotgan bo‘lsa, bu uning ziyonda ekani, o‘zini jiddiy hisob-kitob qilib, tavba qilmasa U Zotning azobiga qolishiga sabab bo‘ladi.
Bu hikmat “Alloh menga nima berdi?” degan savoldan ko‘ra, “Alloh meni nimaga muvaffaq qildi?” degan savol muhimroq ekanini o‘rgatadi. Chunki ne’matning eng buyugi – Allohga yaqinlashtiruvchi amallarga muvaffaq bo‘lishdir.
Demak, har bir inson vaqti-vaqti bilan o‘ziga shunday savol berib turishi lozim: “Kunlarim nimalar bilan o‘tmoqda? Qalbim nimaga bog‘langan? Ko‘proq qaysi ishlar bilan mashg‘ulman?”.
Chunki bandaning Alloh nazdidagi maqomiga ishora qiluvchi muhim belgilardan biri – uning qaysi ishlarga muvaffaq qilib qo‘yilganidir.
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li