Farz qilingan zakot cho‘ntaklardan olinadigan soliq emas, balki u eng avvalo insonlarga mehr-muruvvat va rahm-shafqat tuyg‘u, shiorlarini singdirish, turli tabaqalar o‘rtasida tanishuv va ulfatlik munosabatlarini mustahkamlashdir. Qur’oni Karimda zakot berishdan maqsad, g‘oya bayon etilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xitoban: "Mollaridan sadaqa ol. Bu bilan ularni poklaysan, tozalaysan. Ularning haqqiga duo qil. Albatta, duoying ular uchun taskindir. Alloh o‘ta eshituvchidir, o‘ta biluvchidir" (Tavba surasi, 103-oyat) deyilgan.
Shuningdek, zakot joriy etilishining eng muhim hikmatlaridan biri, nafsni tubanlik kirligidan tozalash va jamiyatni oliy darajaga ko‘tarishdan iboratdir.
Shayx Muhammad G‘azzoliy rahimahulloh.
Izoh: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Zakot — Islomning ko‘prigidir" deganlar. Zakot berish bilan bevalar, yetimlar, nogironlar va muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilinadi. U insonlar o‘rtasida aloqalarni yaxshilab, boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi ko‘prik.
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati