Nasihat
Shayx Sulaymon ibn Xalaf Bojiyning farzandlariga vasiyati
Yetuk faqih, imom va hofiz Shayx Sulaymon ibn Xalaf Bojiy rahimahulloh farzandlariga vasiyat qila turib, ularga hayotda har bir mo‘min kishi bilishi zarur bo‘lgan ko‘plab nasihatlarni beradi. Mazkur o‘gitlar siz aziz o‘quvchilarimiz uchun manfaatli bo‘lishini inobatga olib, jurnalimiz sahifalarida berib borishni lozim topdik.
Shayx Sulaymon ibn Xalaf rahimahulloh aytadi:
Ey farzandlarim! Batahqiq, sizning zimmangizga farzi ayn bo‘lgan amallar taklifi (shariat yuklatgan mas’uliyat) tushadigan yoshga yetdingiz. Men esa sizlarni nasihatni anglaydigan, to‘g‘ri yo‘lni farqlay oladigan, ta’lim olish va ilm egallashga munosib yoshga yetganingizni bildim. Shuning uchun sizlarga vasiyatimni ochiq bayon etishim lozim.
Gaplarimga e’tiborli bo‘lib, ko‘rsatmalarim va nasihatlarimga amal qiling. Men sizlarni hech qachon yomonlikka buyurmaganman. Men ko‘rsatgan yo‘ldan yuringlar va bayon qilgan holatlarimdan o‘rnak olinglar.
Shuni bilinglarki, bizlar – Alloh taoloning fazli bilan – naslimizga yetgan to‘g‘rilik, diniy yetuklik, poklik va hayo bilan to‘liq yashagan odamlar avlodidanmiz. Ya’ni Ayyub ibn Vorisning avlodlari. Ular shunday zotlarki: bobomiz Sa’d, undan keyin Sa’dning farzandlari: Sulaymon, Xalaf, Abdurrahmon va Ahmaddur. Ularning orasida eng solihi, dindori, taqvo va ibodati bilan ajralib turgan kishi sizlarning bobolaringiz – Xalaf edi. U kishi o‘zining katta obro‘si, mavqei va dunyosining ko‘pligiga qaramay, molu dunyodan yuz o‘girgan, kamtar hayot kechirgan kishi edi.
Endi bu ishlarni davom ettirish sizning zimmangizga tushadi. Shunday ekan, ularning yo‘lidan boshqa yo‘lni tutmanglar, ularning holatidan boshqasiga rozi bo‘lmanglar. Agar ulardan ham yuqori darajaga yetishga qodir bo‘lsangiz, bundan faqat o‘zingizga foyda. Ammo unday bo‘lmasa, hech qursa ularning darajasidan ortda qolmanglar. Agar nasihatlarimga amal qilsangiz, solihlar yo‘lida sobit turasiz, dunyo va oxiratda yaxshilik topasiz.
Vasiyatlarimning eng muhimi – Allohga iymon keltirish
Sizlarga birinchi vasiyatim – Ibrohim alayhissalom va Ya’qub alayhissalomning farzandlariga qilgan vasiyatlaridir: “Ey farzandlarim! Alloh sizlar uchun bu dinini tanladi. Bas, faqat musulmon bo‘lgan holingizdagina vafot etinglar” (Baqara surasi, 132-oyat). Shuningdek, Luqmon alayhissalomning farzandiga qilgan nasihatidir: “Ey o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirma! Chunki shirk – albatta ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Sizlarga bu boradagi nasihatimni qattiq tarzda ta’kidlayman, qayta-qayta eslataman. Bu dinga bog‘lanishingiz va uni mahkam ushlashingiz uchun jon kuydiraman. Dunyo ishlarining hech biri Alloh taolo bizga ato etgan bu dindan sizlarni ajratib qo‘ymasin. Bu din uchun jonlaringizni fido qilishingiz kerak, unda dunyo mol-mulkini ayamasligingiz lozim. Chunki bu dinsiz kofir kishi do‘zaxga tushsa, unga hech qanday yaxshilik foyda bermaydi. Mo‘min kishi bu din bilan jannatga kiradi, unga hech qanday yomonlik ziyon qilmaydi: “Kimki islomdan boshqa din istasa, undan hech qachon qabul qilinmaydi va u oxiratda zarar ko‘ruvchilardan bo‘ladi” (Oli Imron surasi, 85-oyat).
Agar sizlar Alloh taolo tanlagan bu dinda vafot etsangiz, umid qilamanki, biz jannatda qayta uchrashamiz – u yerda nafrat ham, ajralish ham bo‘lmaydi. Alloh taolo mening o‘sha uchrashuvga bo‘lgan shavqu zavqimni ham biladi. Shu bilan birga, sizlardan birortangiz yo‘ldan ozib, fitna sabab adashib qolishingizdan qattiq xavotirda ekanligimni ham biladi. Agar shunday bo‘lsa, Allohning g‘azabi uni qamrab oladi va halokat joyiga yetkazadi. Abadiy do‘zax unga muqarrar bo‘ladi. U holda adashgan kishi solih ajdodlari bilan jannatda birga bo‘lolmaydi, otalari, ota-bobolarining salohiyati unga naf bermaydi: “Ey insonlar! Parvardigoringizdan qo‘rqing va yana shunday bir kundan qo‘rqingki, u kunda na ota o‘z farzandiga foyda beradi, na farzand otaga. Albatta Allohning va’dasi haqdir. Bas, dunyo hayoti sizlarni aldamasin. Va shayton – aldamchi – sizlarni Allohdan chalg‘itmasin” (Luqmon surasi, 33-oyat).
(Davomi bor.)
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
tarjimasi
"Hidoyat" jurnalining 2026 yil 3-sonidan
Hayot yo‘llarida yurar ekanmiz, turli xarakterdagi insonlarga duch kelamiz. Ayniqsa, katta yo‘llar, tig‘iz harakat va mashina ruli ortidagi muhit haydovchidan nafaqat chaqqonlikni, balki mustahkam asab va yuksak sabr-toqatni ham talab qiladi.
Yo‘ldagi sinov va birgina hadis
Oltmish yoshlarga borib qolgan, biroz jahldor bo‘lsa-da, dilkash, ko‘ngli askiyaga moyil qadrdon tanishlarimdan biri haydovchilik kasbi ortidan umr o‘tkazib kelmoqda. Ko‘pchilikning og‘irini yengil qilib kelayotgan bu insonning ismi Sobir. Ammo ismiga monand sabri sal kamroq.
Kunlarning birida uning mashinasida ketarkanman, kutilmaganda yo‘ldagi boshqa haydovchining beparvoligi sabab Sobir aka so‘kinib yubordi. G‘azabi biroz bosilgach, unga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning g‘azabning yomon oqibatlari haqidagi muborak hadislaridan birini sekingina eslatib o‘tdim. O‘sha paytda u kishi hech qanday munosabat bildirmadi: ehtimol, hali jahldan to‘liq tushmagandir. Manzilga yetib, odatdagiday samimiy xayrlashdik.
Oradan vaqt o‘tib ko‘rishganimizda Sobir aka o‘tgan voqeani iliqlik bilan esladi. Haydovchiga aytgan so‘zlaridan keyin qattiq ezilganini, men eslatgan hadis uning uchun katta ibrat bo‘lganini yashirmadi. Hozir ham g‘azabi toshganda o‘sha suhbat esiga tushib, o‘zini darhol qo‘lga olishini aytadi. O‘zidan ancha yoshi kichik insonni omma oldida “ustoz” deb izzatlashi, aytilgan birgina nasihatdan yetarli xulosa chiqara olgani uning naqadar sof va oliyjanob qalb egasi ekanini ko‘rsatadi.
Hissiyot jilovidagi haqiqatlar
“G‘azab umri kalta aqlsizlikdir”. Buyuk allomalar bejiz bunday demaganlar. Hayotimizda tilga va qo‘lga erk bermaslik, hissiyotlarni jilovlay olmaslik oqibatida qanchadan-qancha oilalar buzilib ketgani, yaqin qarindosh-urug‘lar va qadrdon do‘stlarning orasi uzilib qolgani achchiq haqiqatdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Yo Rasululloh, menga bir nasihat qiling”, degan sahobalarga U zot qisqa va lo‘nda qilib: “G‘azablanma”, deb javob berganlar.
Bu bejiz emas, chunki g‘azab insonning aql-idrokini o‘g‘irlaydi, obro‘siga putur yetkazadi va keyinchalik tuzatib bo‘lmas xatolarga yetaklaydi.
Har qanday vaziyatda ham insonligimizni, aql va tafakkur sohibi ekanligimizni unutmasligimiz lozim. Qachonki, jahlimiz chiqsa, aqlimiz qochmasligi kerak. So‘nggi pushaymondan ko‘ra, lahzalik jahlni ichga yutib, sokinlikni saqlash har doim yaxshiroq natija beradi. Unutmang, tinchlik va xotirjamlik – eng buyuk boylikdir.
Muallif: Anvar Ermamatov, "Zarafshon" nashri.