Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Solihlar yo‘lida sobitlik

02.03.2026   17951   4 min.
Solihlar yo‘lida sobitlik

Nasihat

Shayx Sulaymon ibn Xalaf Bojiyning farzandlariga vasiyati

Yetuk faqih, imom va hofiz Shayx Sulaymon ibn Xalaf Bojiy rahimahulloh farzandlariga vasiyat qila turib, ularga hayotda har bir mo‘min kishi bilishi zarur bo‘lgan ko‘plab nasihatlarni beradi. Mazkur o‘gitlar siz aziz o‘quvchilarimiz uchun manfaatli bo‘lishini inobatga olib, jurnalimiz sahifalarida berib borishni lozim topdik.


Shayx Sulaymon ibn Xalaf rahimahulloh aytadi:

Ey farzandlarim! Batahqiq, sizning zimmangizga farzi ayn bo‘lgan amallar taklifi (shariat yuklatgan mas’uliyat) tushadigan yoshga yetdingiz. Men esa sizlarni nasihatni anglaydigan, to‘g‘ri yo‘lni farqlay oladigan, ta’lim olish va ilm egallashga munosib yoshga yetganingizni bildim. Shuning uchun sizlarga vasiyatimni ochiq bayon etishim lozim.


Gaplarimga e’tiborli bo‘lib, ko‘rsatmalarim va nasihatlarimga amal qiling. Men sizlarni hech qachon yomonlikka buyurmaganman. Men ko‘rsatgan yo‘ldan yuringlar va bayon qilgan holatlarimdan o‘rnak olinglar.


Shuni bilinglarki, bizlar – Alloh taoloning fazli bilan – naslimizga yetgan to‘g‘rilik, diniy yetuklik, poklik va hayo bilan to‘liq yashagan odamlar avlodidanmiz. Ya’ni Ayyub ibn Vorisning avlodlari. Ular shunday zotlarki: bobomiz Sa’d, undan keyin Sa’dning farzandlari: Sulaymon, Xalaf, Abdurrahmon va Ahmaddur. Ularning orasida eng solihi, dindori, taqvo va ibodati bilan ajralib turgan kishi sizlarning bobolaringiz – Xalaf edi. U kishi o‘zining katta obro‘si, mavqei va dunyosining ko‘pligiga qaramay, molu dunyodan yuz o‘girgan, kamtar hayot kechirgan kishi edi.


Endi bu ishlarni davom ettirish sizning zimmangizga tushadi. Shunday ekan, ularning yo‘lidan boshqa yo‘lni tutmanglar, ularning holatidan boshqasiga rozi bo‘lmanglar. Agar ulardan ham yuqori darajaga yetishga qodir bo‘lsangiz, bundan faqat o‘zingizga foyda. Ammo unday bo‘lmasa, hech qursa ularning darajasidan ortda qolmanglar. Agar nasihatlarimga amal qilsangiz, solihlar yo‘lida sobit turasiz, dunyo va oxiratda yaxshilik topasiz.


Vasiyatlarimning eng muhimi – Allohga iymon keltirish


Sizlarga birinchi vasiyatim – Ibrohim alayhissalom va Ya’qub alayhissalomning farzandlariga qilgan vasiyatlaridir: “Ey farzandlarim! Alloh sizlar uchun bu dinini tanladi. Bas, faqat musulmon bo‘lgan holingizdagina vafot etinglar” (Baqara surasi, 132-oyat). Shuningdek, Luqmon alayhissalomning farzandiga qilgan nasihatidir: “Ey o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirma! Chunki shirk – albatta ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).


Sizlarga bu boradagi nasihatimni qattiq tarzda ta’kidlayman, qayta-qayta eslataman. Bu dinga bog‘lanishingiz va uni mahkam ushlashingiz uchun jon kuydiraman. Dunyo ishlarining hech biri Alloh taolo bizga ato etgan bu dindan sizlarni ajratib qo‘ymasin. Bu din uchun jonlaringizni fido qilishingiz kerak, unda dunyo mol-mulkini ayamasligingiz lozim. Chunki bu dinsiz kofir kishi do‘zaxga tushsa, unga hech qanday yaxshilik foyda bermaydi. Mo‘min kishi bu din bilan jannatga kiradi, unga hech qanday yomonlik ziyon qilmaydi: “Kimki islomdan boshqa din istasa, undan hech qachon qabul qilinmaydi va u oxiratda zarar ko‘ruvchilardan bo‘ladi” (Oli Imron surasi, 85-oyat).


Agar sizlar Alloh taolo tanlagan bu dinda vafot etsangiz, umid qilamanki, biz jannatda qayta uchrashamiz – u yerda nafrat ham, ajralish ham bo‘lmaydi. Alloh taolo mening o‘sha uchrashuvga bo‘lgan shavqu zavqimni ham biladi. Shu bilan birga, sizlardan birortangiz yo‘ldan ozib, fitna sabab adashib qolishingizdan qattiq xavotirda ekanligimni ham biladi. Agar shunday bo‘lsa, Allohning g‘azabi uni qamrab oladi va halokat joyiga yetkazadi. Abadiy do‘zax unga muqarrar bo‘ladi. U holda adashgan kishi solih ajdodlari bilan jannatda birga bo‘lolmaydi, otalari, ota-bobolarining salohiyati unga naf bermaydi: “Ey insonlar! Parvardigoringizdan qo‘rqing va yana shunday bir kundan qo‘rqingki, u kunda na ota o‘z farzandiga foyda beradi, na farzand otaga. Albatta Allohning va’dasi haqdir. Bas, dunyo hayoti sizlarni aldamasin. Va shayton – aldamchi – sizlarni Allohdan chalg‘itmasin (Luqmon surasi, 33-oyat).


(Davomi bor.)

Homidjon qori ISHMATBЕKOV

tarjimasi

"Hidoyat" jurnalining 2026 yil 3-sonidan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Rossiyskaya gazeta”: Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O‘zbekistonning ma’naviy-intellektual yuksalishiga xizmat qilmoqda

11.09.2026   52110   1 min.
“Rossiyskaya gazeta”: Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O‘zbekistonning ma’naviy-intellektual yuksalishiga xizmat qilmoqda

“Rossiyskaya gazeta”sida “Uchinchi Renessans: Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O‘zbekistonning ma’naviy-intellektual yuksalishiga xizmat qilmoqda” nomli tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ilm-fan, ta’lim va zamonaviy raqamli texnologiyalarni birlashtirgan yirik madaniy-ma’rifiy platforma sifatida taqdim etilgan. Poytaxtimizda qariyb 10 gektar maydonni egallagan va VII asrga oid muqaddas Usmon Qur’onini saqlaydigan ushbu majmuaning tashkil etilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida islom dinining ma’rifiy mohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbusi bilan bevosita bog‘lanadi. Uchinchi Renessans konsepsiyasi va Sharqning buyuk allomalari merosi orqali maqolada mamlakat ilmiy taraqqiyotining uzviyligi - qadimgi kashfiyotlardan tortib sun’iy intellekt, VR va AR-texnologiyalari qo‘llanilgan interaktiv ekspozitsiyalargacha keng yoritilgan.

Shuningdek, nashrda Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi yakunlari, unda 20 ga yaqin bitimlar imzolangani ta’kidlangan. Ular orasida Xalqaro mediaalyans tuzish, “Sivilizatsiya ovozi” tanlovini ta’sis etish hamda milliy artefaktlarni xorijdan qaytarish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorlar o‘rin olgan bo‘lib, bu O‘zbekiston madaniy merosini dunyoda tizimli targ‘ib qilish uchun mustahkam zamin yaratadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari