Nok tusagan ko‘ngil
Otasi tongga yaqin ko‘zini ochdi. Xayriyat, yaxshi tomonga o‘zgarish. Uch kundirki, farzandlar yig‘ilgan, hech kimning tinchi yo‘q, padari buzrukvori o‘lim bilan olishmoqda. Qarilik davosi yo‘q kasallik, agar qo‘shimcha dard bezovta qilsa, bunisi ortiqcha. “Ana uziladi, mana uziladi” deb aka-uka, opa-singillar kecha-kunduz “navbatchi”. Xudoning rahmi keldi shekilli, otasi bugun sal o‘nglandi. Qarshiboy aka u kishining ahvoli-ruhiyasiga qarab, kayfiyati ko‘tarildi.
– Bolam, beri kel, – otasi tovushi chiqar-chiqmas ohangda o‘g‘lini yoniga chaqirdi. –Nok yegim keldi, ilikuzildi payt, bilmadim, bozorda bormi-yo‘qmi...
–Topsa bo‘ladi, ota, nok o‘zimizda yetishtiriladi, chetdan keltirilmaydi-ku?!
Balki ko‘ngli tusayotgan mevani yesa, otasi oyoqqa turib ketar, Allohning mo‘jizalari ko‘p. Axir, qon bosimi ko‘tarilib, me’yorlashsa, qanchadan-qancha odamlar yashab ketadi-ku.
Qarshiboy aka avval Jarqo‘rg‘on bozoriga tushdi. Rastada nok ko‘rmadi, anqoning urug‘i, meva sotayotganlardan so‘radi, yelka qisishdi. Balki Qumqo‘rg‘on bozoridan topsa bo‘lar.
– Niyatim xolis ekan. Otam rahmatlining istagini bajo aylash uchun narxi qimmat bqlsa ham ikki kilo nok xarid qildim, – deb eslaydi Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi otaxon Qarshiboy Jangirov. – Xuddi xazina topgan kishidek uyga halloslab qaytdim. Otamning ikki ko‘zi shift uzra qadalgan, yuz-ko‘zida so‘lg‘inlik, hayot nishonasini jonlantirish uchun nokdan bir donasini yuvib, qo‘liga tutdim. Yuziga tabassum yoyildi: “Topib kelibsan, bolam, umringdan baraka top. Odam u dunyoga ketar oldidan nimanidir ko‘ngli tusar ekan-da. Alloh sendan rozi bo‘lsin!”. Mening ko‘zimga yosh keldi. Sira xayolimdan ketmaydi. Otam nokni qo‘liga olib, u yoq-bu yog‘ini aylantirib ko‘rdi. Po‘stlog‘i sarg‘ish-qizg‘ish meva “meni ye” degandek yal-yal yonardi. Bemor otam kuch to‘pladi-da, mevadan bir tishladi, uning sharbati dahani uzra oqib tushdi, oxirigacha amallab tanovvul qildi. Yengil tortdim va nokdan yana bir donasini uzatdim. Ammo u kishi boshini chayqadi. Kechga yaqin otamning joni uzildi... Bir dona nok ekan, u kishining armoni, ezilib-ezilib, to‘kilib-to‘kilib yig‘ladim. So‘nggi manzilga ketar chog‘da otamning duosini olib qolganim menga taskin beradi.
Dilda armon bo‘lmasin, agar afsus-nadomat o‘rtasa, har bandaki, o‘z hayotidan ko‘ngli to‘lmay yashaydi. Alloh taoloning roziligi birinchi o‘rinda tursa, ota-ona duosini olish, ularni hayotlik chog‘ida siylash, hurmat-ehtirom ko‘rsatish har bir insonni baxtu saodat manziliga yetkazadi, bu bor gap, azaliy haqiqat.
“Hech kimdan kam bo‘lmasin!” debmanu...
1990-95 yillar edi, yanglishmasam, hozirgidek ijtimoiy tarmoqlar jamiyat hayotini ishg‘ol etmagan, odamlar televizor ko‘rib, radio eshitadigan zamonlar. O‘zbekiston televideniyesi orqali “Toychoq” videospektakli namoyish etildi. Bosh rollarni el nazariga tushgan Lutfulla va Gulchehra Sa’dullayeva, Fathulla Ma’sudov kabi aktyorlar o‘ynashgan. Teleasar g‘oyasi, syujeti farzand tarbiyasida qattiq yanglishgan ota-onaning afsus-nadomatiga bag‘ishlangan. Bolaning og‘zidan chiqqanini muhayyo qilish, unga haddan ziyod mehribonlik ko‘rsatish, qiynalmasligi uchun ota-onaning o‘zini o‘tga-cho‘qqa urishi ko‘p hollarda tanazzulga olib kelishi “Toychoq” videospektakli mazmuniga chuqur singdirilgan. Ehtimol, qadamini noto‘g‘ri tashlab, barmog‘ini tishlab o‘tirgan zamondoshlarimiz spektaklda o‘z qiyofasini ko‘rishgandir. Farzand tarbiyasida xatolikka yo‘l qo‘yganini anglab, endi ularni “qayirib” ololmayotganlar oramizda yo‘q deysizmi?
–Turmush o‘rtog‘im bilan oilaviy mojarolarimiz juda kuchayib ketdi, pichoq borib suyakka qadaldiyu, ajrashdik,– deydi Toshkent shahrida yashovchi beva ayol. –Ikki qiz, ikki o‘g‘limni birovdan kam qilmay, qornini to‘q qilib, egniga brend darajasiga chiqqan qimmat kiyim-kechak ilibman. Otasi yo‘q, ko‘ngli o‘ksimasin, tengqurlari oldida mulzam bo‘lmasin, deb topganimni ularning og‘ziga tiqibman, afsuski, ularni boriga shukr, yo‘g‘iga qanoat qilishga o‘rgatmabman. Kunda yegan och, oyda yegan to‘q bo‘larkan, ro‘zg‘orda nimadir uzilish bo‘lib qolsa, endi dodlab yuborishadi. Endi to‘rtovlonni yo‘lga sololmayapman, nafaqat menga, hattoki, ular bir-biriga sapchiydi. Ro‘zg‘or ishlari sansalor, tun yarmiga qadar telefon titkilash...Xullas, taqdir meni ne ko‘ylarga solmadi...
Tanish ayol yig‘lamsirab so‘zlaydi. Unga qanday taskin-tasalli berishni bilmaysan, kishi. Bu yuqorida zikr etilgan “Toychoq” videospektakli mazmuniga mos voqelik. Ota-onani rozi qilish savob ekanligini bilamizu, ba’zida teskari holatning ro‘y berishiga ularning o‘zlari ham sababchi bo‘lib qolishi haqida o‘ylab ko‘ravermaymiz. Qariyalar uyida istiqomat qilayotgan nuroniylar hayotini tahlil qilsangiz, bunga aynan ularning o‘zlari shart-sharoit yaratganini tan armon bilan tan olishadi. Xom sut emgan bandalar g‘isht qolipdan ko‘chgan paytdagina pushaymon chekadilar. Bunday xatolikdan Allohning O‘zi qaytarsin, O‘zi asrasin!
Islom dinidagi ezgu g‘oya
Muqaddas islom dini ota-onaga itoatda bo‘lish, izzat-hurmat ko‘rsatish va ularning roziligini olishni targ‘ib qiladi. Qur’oni karimning “Niso” surasi 36-oyatida “Va Allohga ibodat qiling, Unga hech narsani sherik keltirmang va ota-onangizga yaxshilik qiling”, deya marhamat qilinadi.
Darhaqiqat, muqaddas islom dini oilaning har bir a’zosi uchun u loyiq bo‘lgan maqom va darajani belgilab bergan. Oilada eng qadrlanishi lozim bo‘lgan zot bu ota-onadir. Insonning dunyoga kelishi Alloh taoloning g‘aybi va marhamati bo‘lsa, ota-ona zohiriy sababchi ekanligi barchaga ayon. Chortoq tumanidagi “Sulton Said” jome masjidi imom-xatibi Lutfulloh Davlatovning mulohazasini keltirib o‘tamiz:
–Har bandaning ota-onasiga yaxshilik qilishi ezgulikdan nishona. Bu hech qachon ularga qarshi chiqmaslik, xizmatlaridan bo‘yin tovlamaslik bilan o‘lchanadi. Donishmandlardan biri «Ota-onaga yaxshilik qilish ham farz, ham qarzdir. Farzligi Seni oxiratda Aloh rizosi va Jannatga kirishingga sabab bo‘lsa, qarzligi senga farzandlaringdan qaytishidir» degan ekan.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam matni uzun bir hadisning oxirida aytganlar: «Meni haq bilan payg‘ambar qilib yuborgan Zotga qasam. Kimga Alloh taolo mol ato etsa, bu molidan u ota-onasiga ehson bersa, jannatda men bilan birga bo‘ladi». Bir kishi: «Yo Rosulalloh, agar ota-onasi dunyodan o‘tib ketgan bo‘lsa-chi?» deb so‘radi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ularning nomidan sadaqa qiladi, Qur’on o‘qiydi va haqlariga duo qiladi. Agar bularni tark qilsa, ularga oqq bo‘ladi. Kim ularga oqq bo‘lsa osiy bo‘libdi», deb javob berdilar. Ulamolardan biri: «Ota-onang senga malol kelishidan xavfsirab, senga xushomad qilib muloyimroq so‘zlashayotgan bo‘lishsa bilginki, sen ularga oq bo‘lishni boshlabsan», degan ekan.
Ota-onaga yaxshilik qilish buyuk Alloh taolo tarafidan amr-farmon bo‘lishiga qaramay, bu boradagi holatimiz juda achinarli. Ba’zilar dunyo tashvishlari yoki farzandlari bilan ovora bo‘lib, ota-onasidan ko‘ngil so‘rashga, xizmatlarini qilib, bebaho duolarini olishga befarq, ertaga, indinga deb, ular bilan diydorlashuvni orqaga suradilar. Bilib olishimiz lozim bo‘lgan bir haqiqat borki, dunyoviy ishlarimiz ko‘p, cheki-chegarasi yo‘q, lekin ota ham, ona ham bir dona. Ishni, shaxsiy tashvishlarni bir oz keyinga sursak bo‘ladi, lekin ota-onaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishda kechiqmaslik eng katta savob, chunki ular g‘animat, bugun bor, ertaga bo‘lmasligi mumkin.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan ushbu so‘zlarni eshitdim: «Xor bo‘lsin! Xor bo‘lsin! Xor bo‘lsin!». «Kim u, yo Rosulalloh», deb so‘rashdi. «Kim ota-onasining birini yoki ikkalasini qarilik chog‘ida topib, ularga yaxshilik qilib jannatiy bo‘lib olmagan bo‘lsa», dedilar. Qarangki, payg‘ambarimiz yashab o‘tgan damlarda ham ota-ona haqqi, hurmati baland tutilgan. Demak, ota-onalarimizni hayotlik chog‘ida g‘animat bilib, xizmatini qilsak, duosini olsak, vafotidan keyin tilovatimiz va savob amallarimiz bilan doimo yod etib tursak, ikki dunyo saodatiga erishamiz, inshoolloh!
Hulkar TO‘YMANOVA,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist,
I darajali “Mehnat faxriysi”,
"Hurriyat" gazetasining 9-sonida chop etilgan.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Islomiy moliyaning mohiyati nimada? Boshqa moliya turlaridan uni nima ajratib turadi? Nega hatto G‘arb mamlakatlari uni o‘zida joriy qilyapti? Banklar qoshida tashkil qilinadigan shariat kengashlari uchun O‘zbekistonda kadrlar yetarlimi? Mazkur savollarga Kun.uz'ning “Islom moliyasi darslari” ruknining navbatdagi sonida Siroj Solih jome masjidi imom-xatibi Hasan Qodirov javob beradi.
Islomiy moliyaning asl negizida, mohiyatida nima yotadi? Uni boshqa institutlardan nima farqi bor?
Bismillahir rohmanir rohim. Islom moliyasi Qur’oni karim va Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni sunnatlariga asoslangan tamoyillarga tayanadi. Qur’oni karim va Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni sunnatlaridagi moliyaviy masalalarda nimalar nazarda tutilgan? Ba’zilariga to‘xtalib o‘tamiz. Islom moliyasida mol-mulk, butun koinot Allohniki. Bandalar bu mol-mulklarni qanday ishlatish huquqiga ega degan bir tamoyil bor. Mana shu tamoyilni insonlar bir-birlari bilan moliyaviy muomalalar qilgan paytlarida e’tiborga olishadi: “mulk mening qo‘limda omonat ekan” degan tushunchaga, g‘oyaga ega bo‘ladi. Shuning natijasida boshqa odamlarga xiyonat qilmaydi.
Demak birinchi asos – mulk Allohniki, shundaymi?
Shunday. Bandaga mulk tasarruf qilishi uchun omonat qilib topshirilgan degan bir tamoyil bor bu yerda. Ikkinchi tamoyil shuki, shariat taqiqlagan ishlar Islom moliyasida bo‘lmasligi kerak. Faqat o‘zini o‘ylamaydi o‘shanda inson, jamiyatni o‘ylaydi, yurtini o‘ylaydi, xalqni o‘ylaydi, farzandlarini o‘ylaydi, kelajakni o‘ylaydi. Demak, mol-dunyoni to‘g‘ri tasarruf qilishda inson yashab turgan jamiyatning rivojlanishi va katta-katta taraqqiyotlar bor.
Yana bu asoslardan bittasi shuki, ko‘pincha biz qiladigan tijoratlarda yoki boshqa moliyaviy bitimlarimizda qimor uslublari aralashib qoladi. Qimor uslubi deganda nimani tushunishimiz kerak? Ya’ni tavakkalchilikka qurilgan bo‘ladi. Shariat bundan ham qaytaradi. Chunki bunda bunda bir tomonning kuyib qolishi bor. Shariat tamoyillaridan bittasi shuki, biz tijorat qilgan paytimizda aldov bo‘lmasligi kerak. Payg‘ambarimiz janobi Rasululloh sallollohu alayhi vasallam bir kuni Madinayi Munavvara bozorida aylanib yurganlarida, don mahsulotini sotib turgan bir kishini ko‘rdilar va muborak qo‘llarini haligi mahsulotning tagiga tiqib, shundoq qo‘llariga bir hovuch donni olib chiqsalar, haligi nam ekan. Namlik bor ekan. Payg‘ambar alayhissalotu vassalom aytdilarki, “man g‘ashsha falaysa minna – kim firibgarlik qilsa, aldasa, bizdan emas” dedilar. Shunga o‘xshagan judayam ko‘p tamoyillar bor, ana shu tamoyillar asosida Islom moliyasi shakllantirilgan.
Islomiy moliyaning konsepsiya bo‘lib shakllanishi qanday kechgan?
Islom moliyasi 1967 yilda birinchi Misrda shakllanadi. 1969 yilda Malayziyada, 1975 yilda Birlashgan Arab Amirligida shakllanadi. Hozir bir qancha tashkilotlar bor. Bularning nomini zikr qilamiz desak, vaqtimiz yetmaydi.
Tarixda bo‘lgan voqeaga qisqacha to‘xtalib o‘tishimiz joiz deb bilaman. 1973 yilda qirol Faysal AQSH va Yevropa mamlakatlariga neft sotishni taqiqlagandan keyin, bir kunning ichida neftning narxi uch barobar oshib ketadi. Arab davlatlari endi ular bilan oldi-berdi qilish borasida o‘zlarining diniy e’tiqodlariga ko‘ra savdo bitimlarini, ijara bitimlarini tuzishga qaror qabul qiladi. Avval AQSHdagi dengiz portlarini sotib olib, ijaraga berishni yo‘lga qo‘yadi.
AQSHning butun sharqiy sohilidagi barcha dengiz portlarini sotib olganlaridan keyin, AQSH senati dengiz portlarini milliylashtiradi, ya’niki majburiy AQSHga qaytib sotdiradi. Shundan keyin, 1975 yilda birinchi Islomiy bank – Dubay Islomiy banki ochiladi. Keyinchalik Angliya, Bahrayn, Quvayt, Abu-Dabi, Malayziya, Tailand, Avstraliya, Singapurda islomiy moliya sohasiga yo‘l ochiladi.
Islom moliyasi Qur’on va Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni sunnatlaridagi tamoyillarga asoslanganligi sababidan bu bitimlarda, Islom moliyasida adolat bor, baraka bor, yaxshilik bor. Shuning uchun bugungi kunda musulmon bo‘lmagan xalqlar ham Islom moliyasidan to‘liq foydalanyapti. Nima uchun? Ular buni o‘rganib chiqdi, o‘rganib chiqishlik natijasida Islom moliyasi naqadar adolatli asoslar ustiga qurilganligini anglab yetdi. Shuning uchun ular bugun Islom banklari bilan ishlayapti va Islom moliyasini to‘liq yo‘lga qo‘yishgan.
Mana mamlakatimizda islomiy moliyasi instrumentlari joriy bo‘lib boshlayapti. Qonun-qoidalar qabul qilinyapti. Mana shu konsepsiyani ishlab chiqilishida o‘zimizda yetishib chiqqan ulamolarning roli qanday?
Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, aslida Islom moliyasining asoslari, uning usullari bizning ajdodlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan. Islom fiqhi bo‘yicha eng mo‘tabar asar Burhoniddin Marg‘iloniyning “Hidoya” asari. Islom fiqhi bo‘yicha yozilgan eng mo‘tabar asar bu. Butun dunyoda o‘qitiladi. Hattoki hanafiy bo‘lmagan boshqa mazhablar ham Burhoniddin Marg‘iloniyning “Hidoya”sini, kerak bo‘lsa, yodlab, shundan to‘liq foydalanadi. “Hidoya” asarida Islom moliyasi bobi ham juda zo‘r ochib berilgan. Misol uchun savdo kitobi, ijara kitobi, sherikchilik kitobi, muzoraba kitobi va hokazo hamma kitoblar go‘zal bayon qilingan. Go‘zal bayon qilinishi bilan birgalikda uning asl ildizlari, usullari va qoidalari ham kitobda zikr qilib o‘tilgan. Asosiy qoidalar ustiga qurilgan bu.
Endi hozirgi kunda yana bir savol tug‘ilishi tabiiy: Islom moliyasi kirib keldi, shariat kengashlari tuzilmoqda, ulamolarimiz talabga javob beradimi, yo‘qmi, degan savol tug‘ilishi ham tabiiy. Inshaallohu taolo, shariat kengashlarini o‘zimizni ulamolarimiz to‘liq ta’minlab beradi. Chunki Islom moliyasidan biz butunlay uzilib qolganimiz yo‘q. Agarchandiki Islom moliyasi bizlarda amaliyot sifatida qo‘llanmagan bo‘lsa-da, ammo nazariy bilimlar yetarli. Misol uchun, hozir men sizga zikr qilib o‘tgan “Hidoya” asari bizni ma’hadlarimizda, Islom oliygohlarimizda o‘qitiladi. Yoki madrasalarimizda, fiqh bobida Islom moliyasi to‘liq o‘rgatiladi. Shu bilan birgalikda, ustozimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh hazratlari tiriklik paytlarida Islom moliyasi bobida bir qancha kitoblarni o‘qitganlar. Jumladan, bizning o‘zimizga “Fiqhul Muamalatul Maliya” – “Moliyaviy muomalalar haqidagi fiqh” degan kitobni o‘rgatib, ta’lim berganlar.
Islom moliyasi adolat ustiga qurilgan. Bunda baraka bor, bunda yaxshilik bor, bunda xayr bor. Men men bitta misol keltiraman. Misol uchun, muzoraba shartnomasi. Bunda bir kishi mol-mulk bilan ta’minlaydi, ya’ni investorlik qiladi, ikkinchi kishi ish qiladi, ya’niki tadbirkorlik qiladi. Mana shu paytda nima bo‘ladi, desa, investor pulni beradi ish qiluvchiga, ya’ni tadbirkorga. Pulni olgandan keyin bu kishi ishga kirishadi, ishni boshlaydi. Deylikki, bir yil to‘ldi, bir yillik shartnoma tuzildi. Bir yildan keyin hisob-kitob bo‘ladi. Hisob-kitob bo‘lib, investor pulining hammasi chiqariladi, undan qolgani endi foyda bo‘ladi. Mana shu foydani kelishilgan tarzda investor bilan tadbirkor bo‘lib oladi. Agar 50 ga 50 deb kelishilgan bo‘lsa, 50 ga 50 bo‘lib oladi. Agar 70 ga 30 bo‘lsa, 70 ga 30. Bu kelishuvga bog‘liq. Agar foyda bo‘lmasa, foydaga kirilmagan bo‘lsa, nima qiladi, desa, hech bir tomon foyda olmaydi. Agar zararga kirgan bo‘lsa-chi, desa, investor puliga kuyadi, tadbirkor bir yillik qilgan mehnatiga kuyadi. Mana adolat.
Islom moliyasining boshqa bitimlari ham xuddi shunga o‘xshash adolat ustiga qurilganligi uchun bugun nomusulmon bo‘lgan xalqlar ham bundan to‘liq foydalanyapti.
Shariat kengashlari deyilyapti, ularning ishlash mexanizmi qanday bo‘ladi?
Shariat kengashlari ikki xil bo‘ladi. Bittasi Markaziy bank qoshida bo‘ladi. Qolganlari har bir bankning qoshida bo‘ladi. Markaziy Islom moliya kengashi (u “shariat kengashi” ham deyiladi) umumiy tartib qoidalarni standart shaklida tuzib beradi.
Hamma uchun.
Ha, hamma uchun. Qolgan hamma banklar shu standart bilan ishlashi kerak bo‘ladi. Shariat kengashi juda yuqori tashkilot hisoblanadi. Deyarli bank bilan tenglashadi. Shariat kengashining qiladigan ishi nimadan iborat desa, bankning mahsuloti va uning amaliyoti shariatga muvofiq boryaptimi yoki yo‘qmi, shariat doirasida turibdimi yoki shariat doirasidan chiqib ketyaptimi, ana shuni nazoratga oladi. Shartnomalar, bitimlarni hali amalga oshishidan oldin ko‘radi, o‘z xulosasini bergandan keyin ular amalga oshiriladi.
Ekspertiza qiladi.
Ha, ekspertiza qiladi. Shariat mezoniga solib ko‘radi. Endi, bir yil o‘tdi. Bir yildan keyin, bir yil ichida bo‘lgan shartnomalarning hammasini yana qaytadan ko‘rib chiqadi. Ya’ni shariat doirasiga tushdimi, yo‘qmi, muvofiq keldimi, kelmadimi? Buni ham qaytadan yana bir tekshiruvdan o‘tkazadi. Shariat kengashining mustaqilligi bor. Ya’niki u bankning tijoriy manfaatlaridan kelib chiqib xulosa bermaydi, balki shariatga muvofiq yoki nomuvofiq ekanligini e’tiborga olgan holatda imzo chekadi, ruxsat beradi yoki ruxsat bermaydi. Demak, bu borada shariat kengashining e’tibori judayam katta. Judayam katta omonat ham ularni zimmasiga yuklatilgan bo‘ladi.
Ya’ni Islomiy moliya doirasida qilinayotgan har bir harakatning ustida nazoratchi bor.
Ha, nazoratchi bor. Shu bilan birgalikda, yana bitta narsani e’tiborga olib qo‘yishimiz kerak. Boshqa mamlakatlarda amalda qo‘llaniladigan Islom moliyasining asoslaridan qaysi birinidir olishimiz mumkin, olamiz, lekin shu bilan birgalikda o‘zimizning yurtimizdagi kengash a’zolari, ya’ni shariat kengashi a’zolari bizning yashab turgan sharoitimizdan va bizning hanafiy mazhabda ekanligimizdan kelib chiqqan holda, ba’zi bir boshqa mamlakatlarda joriy bo‘lib turgan moddalarni o‘zgartirish huquqiga ham ega. Mana shu ham shariat kengashining mustaqilligiga kiradi.
Islomiy moliya unga amal qiladigan shaxsning ruhiyatiga qanday ta’sir qiladi?
Islom moliyasi pulni axloqiy qadriyatlar va shariat maqsadlari bilan birga bog‘lab amaliyotga kirgizadi va shu bilan birgalikda inson qiladigan mana shu moliyaviy muomalasini ibodat darajasiga ko‘tarishligi bilan insonning ruhiyatiga juda ham kuchli ta’sir qiladi. Demak, Islom moliyasida insoniy axloqiy qadriyatlar e’tiborga olinadi. Eng asosiysi, shariatning maqsadlariga ko‘ra Islom moliyasi amalga oshiriladi.
Shariatning maqsadi nima desa, shariatning maqsadi insonlarga foydani jalb qilish va zararni daf qilish ustiga quriladi. Bundan tashqari yana qancha-qancha tamoyillar bor. Islom moliyasida inson muomalaviy masalalarni amalga oshirganda, tijorat qiladi, yoki ijara shartnomasini tuzadi, yoinki boshqa-boshqa shartnomalarni tuzadi. Bundoq qaraganingda bu ishlar dunyoviy bir ishga o‘xshaydi-yu, ammo mana shu ishlar ibodat darajasiga va maqomiga ko‘tariladi.
Misol uchun, bir kishi tijorat qilyapti, yoki ijara shartnomasini tuzyapti. Mana shunda niyatini to‘g‘ri qilib, “mana, qiladigan ishim shariatga muvofiq” deb niyatini go‘zallashtirib, “mana, qilgan tijoratimdan musulmonlarga, hammaga foyda bo‘lsin, menga ham foyda bo‘lsin, men bilan shartnoma tuzadigan insonga ham foyda bo‘lsin” degan maqsadda, ibodatni, savobni umid qiladigan bo‘lsa, Allohu taolo bunga ajr-savob ato qiladi. Nima uchun? Chunki bu shariat asosiga ko‘ra bo‘lyapti. Bu birinchidan. Ikkinchidan, endi niyatini to‘g‘rilab olsa bo‘ldi, bu savobli amalga aylanib bo‘ladi.
Chunki ulamolarimiz aytadilarki, inson bir qilgan amalida savobga muyassar bo‘lishi uchun ikkita shart bor. Birinchi shart, shu qiladigan amali shariat mezoniga to‘g‘ri kelishi kerak.
Ikkinchisi, niyati go‘zal bo‘lishi kerak, ya’niki savob umidida qilish kerak. Shunda inson qilgan amalidan ajrga, savobga muyassar bo‘ladi. Bunda Islom moliyasiga kirishadigan do‘stlarimiz ko‘ngillarini xotirjam bo‘ladi, shunda ularning qalbida bir ko‘tarinki ruh bo‘ladi, ruhiyati ko‘tariladi. Chunki qiladigan ishi – to‘g‘ri ish. Odamlarga ham zarar qilmaydi, o‘ziga ham zarar qilmaydi. Ana shu narsaning o‘zi insonning ruhiyatiga juda ham katta ta’sir o‘tkazadi, kishi qiladigan ishida birinchidan, ikkilanmaydi, ikkinchidan, Allohga tavakkal qiladi, uchinchidan, bu qilgan harakatiga agar bordiki moliyaviy foyda ko‘rolmasa ham, Allohning huzuridan ajr-savob olishni umid qilganligi sababidan, savob oladi.
Inson oddiy qiladigan dunyoviy ishini go‘zal amallar sarasiga va savobga aylantirishi mumkin ekan. Inson bir xo‘plam suv ichadi yoki bir burda non yeydi, ana shunda yaxshi niyat qilsa, ibodatga aylanadi. “Ibodatimga quvvat olaman” yoki “oilamni boqishim uchun quvvat topaman” desa, o‘sha “oddiy” narsa ham ibodatga aylanadi. Payg‘ambarimiz Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilarki, omonatdor, rostgo‘y tijoratchilar qiyomat kunida nabiylar bilan, siddiqlar bilan, shahidlar va solihlar bilan birga bo‘ladi, deganlar.
Mana shu moliyaviy ishni amalga oshirishim bilan halol mol dunyo topaman, bolalarimga halol rizq yediraman, buning barakasi bo‘ladi, o‘zimga ham, yurtimga ham baraka bo‘ladi, degan yuqori kayfiyat bilan kirishadi bu muomalaga.
Videolavha