Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kunlarning birida Sulaymon ibn Abdulmalik vazir, shahzoda va mulozimlari bilan birga Masjidul haromga bordi. U barcha musulmonlar kabi ehrom (rido va izor) kiyib olgandi.
Uning oldida to‘lin oy kabi nurli, atirgul kurtaklaridek yangi va xushbo‘y ikki o‘g‘li ham bor edi.
Yer yuzining uchdan bir qismini boshqargan musulmonlar xalifasi Baytullohni tavof qilib bo‘lgach, o‘ziga yaqin bir kishidan: “Makkaning olimi kim?” deb so‘radi.
Unga: “Ato ibn Abu Raboh”, deb javob berishdi.
U: “Meni u bilan uchrashtiring”, dedi.
Shunday qilib, u bilan uchrashdi. Ato ibn Abu Raboh qora tanli, jingalak sochli va yassi burunli habash keksa odam ekan.
Xalifa: “Butun dunyoga shuhrati tarqalgan Ato ibn Abu Raboh senmisan?” dedi.
U: “Ha, shunday deyishadi”, dedi.
Sulaymon ibn Abdulmalik: “Bu sharafga qanday erishdingiz?” deb so‘radi.
Ato ibn Abu Raboh: “Insonlarning qo‘lidagi mol-dunyo (ta’ma)dan yuz o‘girish va ilm bilan ularning hojatlarini qondirish orqali”, deb javob berdi.
Yana bunday dedi: “Agar insonlar ilmingizdan behojat bo‘lsalar, mol-dunyoingiz bilan ularning hojatini ravo qilasiz. Agar odamlarning mol-mulkidan behojat bo‘lsangiz, ular sizning ilmingizga muhtoj bo‘ladilar. Peshona teri va qo‘l mehnati orqali rizq talab qilish eng afzalidir. O‘tgan ulamolarning aksariyati kasb-hunar bilan mashg‘ul bo‘lganlar”.
Sulaymon: “Haj amallari haqida Ato ibn Abu Rabohdan boshqa hech kim fatvo bermasin”, dedi.
Sulaymon ibn Abdulmalik o‘g‘illariga: “Ey o‘g‘illarim, Allohga taqvo qiling. Allohga qasamki, Alloh O‘zi xohlagan bandasining darajasini ko‘taradi. Hatto boyligi va nasabi bo‘lmagan habash qul bo‘lsa ham. Allohga qasamki, O‘zi xohlagan kishini xor qiladi, hatto u oliyjanob nasldan bo‘lsa ham”.
Xalifa yana so‘zini davom ettirib bunday dedi: “Siz guvohi bo‘lgan bu kishi – Qur’on tarjimoni Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning merosxo‘ridir. Shunday ekan ilm o‘rganing, ilm o‘rganing”.
Davron NURMUHAMMAD
Bugun, 14 sentyabr kuni Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov hamda boshqa qardosh va xorijiy davlatlar ulamolaridan iborat nufuzli delegatsiyalar ishtirok etmoqda.
Yalpi majlisda nutq so‘zlagan muftiylar o‘z ma’ruzalarida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratmoqdalar:
– Kengash qoshidagi Fatvo hay’ati faoliyatini rivojlantirish, ummat uchun zarur qo‘shma fatvolar ishlab chiqish va zamonaviy masalalarga shar’iy yechim topish;
– diniy ta’lim muassasalarida ustoz va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-uslubiy loyihalarni amalga oshirish;
– ekstremizm, terrorizm, takfirchilik, islomofobiya va mazhablararo nizo qo‘zg‘ash kabi tahdidlarga qarshi yakdil ma’rifiy kurashni kuchaytirish.
Shuningdek, Ulamolar diniy-ma’rifiy sohadagi ana shunday hamkorlik butun Turkiy dunyo birdamligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Anjuman davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati