Yomg‘irdan keyin nogironlik aravachasida ko‘chaga chiqqan onaxon yo‘ldagi ko‘lmakda yotgan non bo‘lagini ko‘rib, olib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ammo yo‘l o‘rtarog‘iga yetganida aravachaning oyog‘i bir chuqurga tushib, siqilib qoldi.
Ko‘chadan tezlikda o‘tayotgan bir moshinaning onaxonga suv sachratib o‘tgani mayli, non bo‘lagini bosib ketganidan dili xufton bo‘ldi. Avtoulov sal nariga borib to‘xtadi. So‘ng orqalab onaxonning yaqiniga qaytdi. Undan bir yigitcha tushib, boshini biroz egib, aybdorona qiyofada onaxonning oldiga keldi.
– Men sizga suv sachratib o‘tdim, shekilli. Kechiring, hoji ona, telefonga chalg‘ibman.
Yigit onaning biroz titrab turgan qo‘llaridan tutib o‘pdi va peshonasiga surdi. Aravachani dast ko‘tarib yo‘lning chetiga oldi. Onaxon bir zumda erib tushdi. Yigitdan judayam minnatdor bo‘ldi va nasihat qildi:
– Menga sachragan suv-ku, qurib ketadi. Ammo sen nonni bosib o‘tding, bolam. Bizlar bolaligimizda to‘yib non yesak, o‘sha bizga katta bayram edi. O‘zing tarbiyali yigit ekansan, yo‘lda bunaqa tez haydama. Har narsaning uvoli bor, shuni unutma.
Yigit, “Xo‘p bo‘ladi”, der ekan, Ramazon oyining fazlidan dillar mum kabi erishini, qo‘ldan kelgancha yaxshilik qilish, odamlarning ko‘nglini ranjitmaslikka harakat qilish kerakligini dildan his etdi.
Akbarshoh Rasulov
Ushbu davr mobaynida 650 ta masjid uchun jami 254,7 million so‘m xayriya mablag‘lari yig‘ilib, po‘latday shaffoflik bilan to‘lovlarga yo‘naltirildi.
Sarflangan mablag‘lar taqsimoti:
225,9 mln so‘m (88,7%) — elektr energiyasi to‘lovlariga;
28,8 mln so‘m (11,3%) — tabiiy gaz xarajatlarini qoplashga.
Eng ko‘p xayriya qilingan hududlar:
Toshkent shahri — 103,6 mln so‘m;
Toshkent viloyati — 29,3 mln so‘m;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 27,4 mln so‘m;
Farg‘ona viloyati — 24,9 mln so‘m.
Bu kabi xayrli ehsonlar masjidlarimizning uzluksiz faoliyatini ta’minlash va namozxonlar uchun munosib sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.
Barcha saxovatpesha hamyurtlarimizga samimiy minnatdorlik bildirib, qilinayotgan ezgu amallarga Haq taolodan baraka tilaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati