Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Iyun, 2026   |   13 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:52
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
28 Iyun, 2026, 13 Muharram, 1448

Xudoning borligiga dalil nima?

10.03.2026   11771   8 min.
Xudoning borligiga dalil nima?

1. Savol: Xudoning borligiga dalil nima?

Javob: 1. Xudoga ishonish insonning fitrati (tug‘ma moyilliklari va xususiyatlari)da bordir. Hozirgi pozitiv va ijtimoiy ilm-fan diniy his-tuyg‘u insonda fitriy ekanligini ko‘rsatmoqda. Go‘dakda ikki yoshdan boshlab diniy-e’tiqodiy his shakllana boshlaydi. Bola uch va besh yoshlar orasida sababiyat qonunini tushunadi. O‘zi bilan boshqalarning farqiga boradi, hatto: “Meni, qushlarni, o‘yinchog‘imni kim yasagan?” – deb so‘ray boshlaydi. Insonda tug‘ilishidan Yaratuvchiga nisbatan moyillik, sog‘inch bordir.

Inson fitriy hissiyotlar bilan o‘zining ochligini sezadi, demak, ochlik hodisasi mavjud. Inson fitriy hissiyotlar bilan Xudoning borligini his etadi, bu esa Xudoning mavjudligiga dalolat qiladi.

Ba’zan bu fitrat jamiyatdagi (noto‘g‘ri tarbiya, atrof-muhitda botilning g‘olibligi va da’vati xobisa kabi) monelar yoki (kibr, inod, qaysarlik va g‘aflat singari) nafsoniy to‘siqlar bilan to‘siladi, inson haqiqatni ko‘rolmay qoladi. Lekin qattiq musibatlar shamoli bu to‘siqlarni uchirib, inson fitratini ozod qiladi. Natijada, inson darrov Allohga qaytadi, Unga yolvorishga tushadi.

Insonning ich-ichida, zamirida boshqa tug‘ma moyilliklar qatori Xudoga ishonish, undan yordam so‘rash kabi ilohiy tuyg‘ular mavjud. Inson ichki hissiyoti bilan ochligi, to‘qligi, sevishi, nafratlanishini sezishi bu tuyg‘ularning haqiqatan mavjudligiga dalolat qiladi. Inson zamiridagi Xudoga bo‘lgan ishonch hissi ham Uning borligiga shubhasiz dalolatdir.

2. Mantiq va falsafa qoidalari ham Xudoning borligini isbotlaydi. Bu olam oldin yo‘q edi, keyin paydo bo‘ldi. Keyin vujudga kelgan barcha narsalar bir paydo qiluvchiga muhtoj. Demak, olam ham bir yaratuvchiga muhtojdirki, bu yaratuvchi barcha narsaga qodir Allohdir.

3. Xudoni inkor qiluvchilar bu olam o‘z-o‘zidan, tasodifan paydo bo‘lgan, deyishadi. Holbuki, oddiy bir stol ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi mumkin emas. U oldin daraxt edi, keyin taxta qilindi, so‘ngra usta undan stol yasadi. Axir shu oddiy stol o‘z-o‘zidan paydo bo‘lolmagach, bizni qamrab olgan o‘ta murakkab hamda mukammal tizimlarni tashkil qiluvchi sanoqsiz yulduz va galaktikalardan iborat ulkan koinot qanday qilib o‘z-o‘zidan paydo bo‘lsin?!

Masalan, faqat quyosh tizimining kattaligini ko‘rib chiqaylik. Quyosh bu tizimning markazidir. Yerdan 150 million kilometr uzoqlikda. Bir soniyada yerni 7,5 marta aylanib chiqadigan yorug‘lik quyoshdan bizgacha 8,5 daqiqada yetib keladi. Soatiga 1000 km tezlik bilan uchadigan samolyot quyoshga 17 yilda yetib boradi. Quyosh ham butun tizimi bilan birgalikda boshqa markaz atrofida aylanadi.

4. Bir kishi ertalab turib hammomga kirganida, issiq suv, sochiq, sovun kabi yuvinish vositalarini taxt qilib qo‘yilgan holda topadi. Albatta, u rafiqasi yo boshqa birov barvaqt turib, buning g‘amini qilgan, deb tushunadi. Boringki, buni o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgan, tasodif deb ham faraz qilaylik.

Bu odam yuvinib chiqib, xonasiga kirsa, kiyimlari dazmollanib, turli pishiriqlar bilan tuzalgan va issiq choy damlab qo‘yilgan. Endi eng ahmoq odam ham aniq biladiki, bu rafiqasi yo uydagilardan birining ishi. Chunki bunday jiddiy amallarning paydar-pay tasodifan bo‘laverishi aslo mumkin emas. Xuddi shuningdek, atrof-muhitdagi shart-sharoitlar, kurrai zamin, balki butun koinot hayotimiz uchun moslashtirilib, aniq me’yor bilan o‘lchab qo‘yilgan. Ajabo, bularni kim qilgan?

Yer va koinotning hayotimiz uchun moslashtirib qo‘yilganiga ba’zi misollarni ko‘rib chiqaylik.

Quyosh hozirgi joyidan ko‘ra yerga bir oz yaqinroq bo‘lsa edi, ona sayyoramiz yonib ketib, yashashga imkon topilmasdi. Salgina uzoqlashsa, yerdagi bor narsa muzlab qolib, zaminimiz hayot uchun yaroqsiz bo‘lardi.

Yerning quyosh atrofida aylanish tezligi bir oz kamaysa, quyoshning tortish kuchi bilan unga yaqinlashib, kuyib ketardi. Aksincha, tezligi bir oz oshsa, uzoqlashib, muzlab qolgan bo‘lardi. Hozir yer bilan quyosh orasidagi masofa yerda hayot bo‘lishi uchun aynan mosdir.

Yer atmosferasidagi havo tarkibidagi kislorod, vodorod, azot, argon, karbonat angidrid va boshqa gazlar mavjud. Shuningdek, ularning nisbati inson, hayvonot va o‘simliklar hayoti uchun mosdir. yerning tortishish kuchi ko‘proq bo‘lganda, atmosferada xavfli miqdorda ammiak va metan yig‘ilib qolar edi.

Agar yer qobig‘i qalinroq bo‘lganida edi, kislorodning katta qismi atmosferadan unga o‘tib ketardi.

Yerni kim aynan shu tezlikda yurgizmoqda?

Sayyoralar orasidagi masofani yerdagi hayot uchun kim muvofiq qilib qo‘ydi?

Yer atmosferasidagi gazlar nisbatini kim yashash uchun moslab qo‘ydi?

Bularning barchasini qudrat va ilm sohibi bo‘lgan Alloh qilmoqda.

5. Kimyo laboratoriyasi misoli: Faraz qiling, bir kimyo laboratoriyasidasiz. U yerda tokchalardagi turli maxsus idishlarda har xil moddalar turibdi. Birdan kuchli shamol ko‘tarilib, butun idishlarni yerga ag‘darib yubordi. Ularning ichidagi moddalar to‘kilib, bir-biriga aralashib ketdi. Tasodifan ularning har qaysisi bir dardga shifo bo‘lib qoldi: ba’zisi quvvat beruvchi, ba’zisi vitamin, ba’zisi davo bag‘ishlovchi. Qo‘qqisdan o‘z-o‘zidan minglab shunday foydali dori-darmonlar paydo bo‘lishi mumkinmi? Albatta, yo‘q. Yer yuzidagi o‘simliklar, chorvalar ham shu moddalarga o‘xshaydi. Ba’zisi dori, ba’zisi vitamin, ba’zisi quvvat, ba’zisi oziqdir. Bular ham o‘z-o‘zidan bo‘lishi mumkinmi?

6. To‘kilgan bo‘yoqlar misoli: Bir stolda turli bo‘yoqlar turgan edi. Bir kuni o‘tayotib, stolga teginganingizda, buyoqlar yerda yotgan bir qog‘ozga to‘kilib ketdi. Ajabnalarlisi shuki, u qog‘ozda tasodifan nihoyatda chiroyli rasm gavdalanadi. U bir bog‘ning rasmi. Bog‘ning o‘rtasida katta bir uy. Uyning atrofida turli daraxtlar. Bir daraxtning tagida so‘rida mo‘ysafid nabirasi bilan o‘tiribdi. Rasm nihoyatda aniq va ravshan. Jajji nabirasining o‘ynayotganidan xursandligi mo‘ysafidning yuzida aks etib turibdi. Hovlining boshqa tomonida bolaning onasi o‘choqda taom pishirmoqda. Bo‘yoqlar to‘kilib tasodifan shunday murakkab va tafsilotli rasm namoyon bo‘lishi mumkinmi? Siz aytasizki: soddaroq bir shakl ifodalanishi mumkin. Lekin bunday murakkab rasm paydo bo‘lishini aql bovar qilmaydi.

Keling, bundan ham murakkabroq rasmga, ya’ni voqeiy olamga qaraylik. Hayvonot, nabotot, inson, yer, boshqa sayyoralar, galaktika va koinot. Mana shu murakkab rasmdan kichik bir qismini olib, ko‘rib chiqaylik. Masalan, inson tasvirini. U chiroyli va munosib shaklga ega: bosh, tana, qo‘l, oyoq. Inson a’zolari vazifa e’tiboridan uch qismdir:

a) hayotiy a’zolar – yurak, miya, orqa miya, nafas organlari – ularsiz inson yashay olmaydi;

b) muhim a’zolar – qo‘l, oyoq, ko‘z, quloq, qisman buyrak – inson ularsiz yashashi mumkin;

v) husn beruvchi a’zolar – qosh, kiprik, soch, ko‘z rangi, lab rangi kabilar.

Ma’lum bo‘ladiki, inson tanasidagi har bir a’zoning vazifasi va maqsadi bor. Mana shu barcha ichki va tashqi organlar, nafas olish, qon aylanish, asab tizimlari bilan inson yuqorida zikr etilgan rasmdan million marta murakkabroqdir. Insonning ikki o‘lchamli rasmi shunchaki tasodif tufayli paydo bo‘lmas ekan, million marta murakkabroq uch o‘lchamli inson qanday qilib tasodifan vujudga kelsin?

Hayvonot, nabotot va jamodot olami qay yo‘sinda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lsin?

Koinotda tizimli va hamohang ravishda harakatlanayotgan milliardlab sayyora – yulduzlardan tashkil topgan galaktikalar qanday qilib tasodifan paydo bo‘lsin?

Borliqdagi hamma narsa muayyan tartib, nizom va hamohanglikka ega. Bularning barchasi o‘ta qudratli Yaratuvchidan habar bermoqda.

 “Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida hamda kecha va kunduzning almashib turishida aql egalari uchun oyat(belgi)lar bor” (Oli Imron surasi, 190-oyat).

(Davomi bor...)

 

“Sog‘lom e’tiqod – mo‘minga najot” kitobidan

Boshqa maqolalar

Bir lahza to‘xtab o‘ylab ko‘ring...

26.06.2026   5052   3 min.
Bir lahza to‘xtab o‘ylab ko‘ring...

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ey aziz yoshlar!

Siz giyohvand moddaning quliga aylanish uchun dunyoga kelmagansiz.

Alloh sizni buyuk maqsadlar uchun yaratdi. Siz go‘zal orzular sari qadam tashlaydigan, ilm olish, Insoniyyatga xizmat qilish, ota-onangizning yuzini yorug‘ qilish uchun yaratilgansiz.

Sizni onangiz to‘qqiz oy bag‘rida ko‘tarib, tunlari uyqusiz qolib, ko‘z yosh to‘kib katta qilgani – bir kun kelib ko‘chalarda sarson bo‘lishingiz uchun emas.

Otangizning peshona teri, mashaqqati va umri – zahar tutatib o‘tirishingiz uchun emas.

Bir lahza to‘xtab o‘ylab ko‘ring...

Agar bugun siz qo‘lingizdagi giyohvand moddaga qarayotgan bo‘lsangiz, bir chetda onangiz sizning kelajagingiz haqida duo qilib o‘tirgandir. Agar siz gunohga qadam qo‘yayotgan bo‘lsangiz, otangiz sizni odamlar ichida hurmatli inson bo‘lsin deb mehnat qilayotgandir.


Siz buning uchun tug‘ilmadingiz!

Sizning qo‘lingizda kashfiyotlar kaliti bo‘lishi kerak edi, zahar emas.

Sizning tilingizda shukru zikr bo‘lishi kerak edi, dillarni og‘ritadigan gaplar emas.

Sizning qalbingizda orzu va maqsadlar bo‘lishi kerak edi, pushaymonlik emas.

Bugun sizni gunohga chorlayotgan "do‘stlar" qabrga siz bilan kirmaydi. Hisob-kitob kunida ham yoningizda turmaydi. Ammo qilgan amallaringiz siz bilan birga boradi.

Shuning uchun hali vaqt bor ekan, ortga qayting!


Bir dona tavba ba’zan yillar davom etgan gunohdan kuchli bo‘ladi.

Bir dona qat’iy qaror ba’zan butun hayotni o‘zgartirib yuboradi.

Ey yosh musulmon! Siz TikTok va Instagram lentasida adashib qoladigan, nafsining ortidan yuguradigan avlod emas, balki tarix yozadigan avlodsiz.

Siz ummatning umidi.

Siz ota-onangiz duosi.

Siz jonajon vataningizning ertangi umidisiz.

Siz ilm majlislarining bezagisiz.


O‘zingni arzon narsalarga sotib yubormang. Chunki Alloh sizni juda qimmat yaratgan.

Bir lahzalik kayf uchun bir umr afsus chekishga arzimaydi.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: Zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q”.

Giyohvand moddaga berilgan inson ham o‘ziga ham boshqalarga ulkan zarardir.


Ulamolarimiz aytadilar: “Ma’siyatlarning boshlanishi shahvatdir, oxiri esa hasrat va nadomatdir”.

Bugun gunoh lazzatdek ko‘rinadi, ammo ertaga qalbni ezadigan pushaymonlikka aylanadi.

Ey yoshlar! Bir lahzalik lazzat uchun bir umr hasrat chekib qolmang. Giyohvandlik sizga baxt va erkinlik emas, qullik va pushaymonlik olib keladi. O‘zingizni ham, ota-onangizning umidlarini ham asrang!

Alloh barcha yoshlarimizni giyohvandlik, ichkilikbozlik va har bir yomon illatdan asrasin. Omin.


Nuriddin HAMRAQULOV,
Yakkasaroy tumani Rahimjon hoji ota jome masjidi imom noibi