1. Savol: Xudoning borligiga dalil nima?
Javob: 1. Xudoga ishonish insonning fitrati (tug‘ma moyilliklari va xususiyatlari)da bordir. Hozirgi pozitiv va ijtimoiy ilm-fan diniy his-tuyg‘u insonda fitriy ekanligini ko‘rsatmoqda. Go‘dakda ikki yoshdan boshlab diniy-e’tiqodiy his shakllana boshlaydi. Bola uch va besh yoshlar orasida sababiyat qonunini tushunadi. O‘zi bilan boshqalarning farqiga boradi, hatto: “Meni, qushlarni, o‘yinchog‘imni kim yasagan?” – deb so‘ray boshlaydi. Insonda tug‘ilishidan Yaratuvchiga nisbatan moyillik, sog‘inch bordir.
Inson fitriy hissiyotlar bilan o‘zining ochligini sezadi, demak, ochlik hodisasi mavjud. Inson fitriy hissiyotlar bilan Xudoning borligini his etadi, bu esa Xudoning mavjudligiga dalolat qiladi.
Ba’zan bu fitrat jamiyatdagi (noto‘g‘ri tarbiya, atrof-muhitda botilning g‘olibligi va da’vati xobisa kabi) monelar yoki (kibr, inod, qaysarlik va g‘aflat singari) nafsoniy to‘siqlar bilan to‘siladi, inson haqiqatni ko‘rolmay qoladi. Lekin qattiq musibatlar shamoli bu to‘siqlarni uchirib, inson fitratini ozod qiladi. Natijada, inson darrov Allohga qaytadi, Unga yolvorishga tushadi.
Insonning ich-ichida, zamirida boshqa tug‘ma moyilliklar qatori Xudoga ishonish, undan yordam so‘rash kabi ilohiy tuyg‘ular mavjud. Inson ichki hissiyoti bilan ochligi, to‘qligi, sevishi, nafratlanishini sezishi bu tuyg‘ularning haqiqatan mavjudligiga dalolat qiladi. Inson zamiridagi Xudoga bo‘lgan ishonch hissi ham Uning borligiga shubhasiz dalolatdir.
2. Mantiq va falsafa qoidalari ham Xudoning borligini isbotlaydi. Bu olam oldin yo‘q edi, keyin paydo bo‘ldi. Keyin vujudga kelgan barcha narsalar bir paydo qiluvchiga muhtoj. Demak, olam ham bir yaratuvchiga muhtojdirki, bu yaratuvchi barcha narsaga qodir Allohdir.
3. Xudoni inkor qiluvchilar bu olam o‘z-o‘zidan, tasodifan paydo bo‘lgan, deyishadi. Holbuki, oddiy bir stol ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi mumkin emas. U oldin daraxt edi, keyin taxta qilindi, so‘ngra usta undan stol yasadi. Axir shu oddiy stol o‘z-o‘zidan paydo bo‘lolmagach, bizni qamrab olgan o‘ta murakkab hamda mukammal tizimlarni tashkil qiluvchi sanoqsiz yulduz va galaktikalardan iborat ulkan koinot qanday qilib o‘z-o‘zidan paydo bo‘lsin?!
Masalan, faqat quyosh tizimining kattaligini ko‘rib chiqaylik. Quyosh bu tizimning markazidir. Yerdan 150 million kilometr uzoqlikda. Bir soniyada yerni 7,5 marta aylanib chiqadigan yorug‘lik quyoshdan bizgacha 8,5 daqiqada yetib keladi. Soatiga 1000 km tezlik bilan uchadigan samolyot quyoshga 17 yilda yetib boradi. Quyosh ham butun tizimi bilan birgalikda boshqa markaz atrofida aylanadi.
4. Bir kishi ertalab turib hammomga kirganida, issiq suv, sochiq, sovun kabi yuvinish vositalarini taxt qilib qo‘yilgan holda topadi. Albatta, u rafiqasi yo boshqa birov barvaqt turib, buning g‘amini qilgan, deb tushunadi. Boringki, buni o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgan, tasodif deb ham faraz qilaylik.
Bu odam yuvinib chiqib, xonasiga kirsa, kiyimlari dazmollanib, turli pishiriqlar bilan tuzalgan va issiq choy damlab qo‘yilgan. Endi eng ahmoq odam ham aniq biladiki, bu rafiqasi yo uydagilardan birining ishi. Chunki bunday jiddiy amallarning paydar-pay tasodifan bo‘laverishi aslo mumkin emas. Xuddi shuningdek, atrof-muhitdagi shart-sharoitlar, kurrai zamin, balki butun koinot hayotimiz uchun moslashtirilib, aniq me’yor bilan o‘lchab qo‘yilgan. Ajabo, bularni kim qilgan?
Yer va koinotning hayotimiz uchun moslashtirib qo‘yilganiga ba’zi misollarni ko‘rib chiqaylik.
Quyosh hozirgi joyidan ko‘ra yerga bir oz yaqinroq bo‘lsa edi, ona sayyoramiz yonib ketib, yashashga imkon topilmasdi. Salgina uzoqlashsa, yerdagi bor narsa muzlab qolib, zaminimiz hayot uchun yaroqsiz bo‘lardi.
Yerning quyosh atrofida aylanish tezligi bir oz kamaysa, quyoshning tortish kuchi bilan unga yaqinlashib, kuyib ketardi. Aksincha, tezligi bir oz oshsa, uzoqlashib, muzlab qolgan bo‘lardi. Hozir yer bilan quyosh orasidagi masofa yerda hayot bo‘lishi uchun aynan mosdir.
Yer atmosferasidagi havo tarkibidagi kislorod, vodorod, azot, argon, karbonat angidrid va boshqa gazlar mavjud. Shuningdek, ularning nisbati inson, hayvonot va o‘simliklar hayoti uchun mosdir. yerning tortishish kuchi ko‘proq bo‘lganda, atmosferada xavfli miqdorda ammiak va metan yig‘ilib qolar edi.
Agar yer qobig‘i qalinroq bo‘lganida edi, kislorodning katta qismi atmosferadan unga o‘tib ketardi.
Yerni kim aynan shu tezlikda yurgizmoqda?
Sayyoralar orasidagi masofani yerdagi hayot uchun kim muvofiq qilib qo‘ydi?
Yer atmosferasidagi gazlar nisbatini kim yashash uchun moslab qo‘ydi?
Bularning barchasini qudrat va ilm sohibi bo‘lgan Alloh qilmoqda.
5. Kimyo laboratoriyasi misoli: Faraz qiling, bir kimyo laboratoriyasidasiz. U yerda tokchalardagi turli maxsus idishlarda har xil moddalar turibdi. Birdan kuchli shamol ko‘tarilib, butun idishlarni yerga ag‘darib yubordi. Ularning ichidagi moddalar to‘kilib, bir-biriga aralashib ketdi. Tasodifan ularning har qaysisi bir dardga shifo bo‘lib qoldi: ba’zisi quvvat beruvchi, ba’zisi vitamin, ba’zisi davo bag‘ishlovchi. Qo‘qqisdan o‘z-o‘zidan minglab shunday foydali dori-darmonlar paydo bo‘lishi mumkinmi? Albatta, yo‘q. Yer yuzidagi o‘simliklar, chorvalar ham shu moddalarga o‘xshaydi. Ba’zisi dori, ba’zisi vitamin, ba’zisi quvvat, ba’zisi oziqdir. Bular ham o‘z-o‘zidan bo‘lishi mumkinmi?
6. To‘kilgan bo‘yoqlar misoli: Bir stolda turli bo‘yoqlar turgan edi. Bir kuni o‘tayotib, stolga teginganingizda, buyoqlar yerda yotgan bir qog‘ozga to‘kilib ketdi. Ajabnalarlisi shuki, u qog‘ozda tasodifan nihoyatda chiroyli rasm gavdalanadi. U bir bog‘ning rasmi. Bog‘ning o‘rtasida katta bir uy. Uyning atrofida turli daraxtlar. Bir daraxtning tagida so‘rida mo‘ysafid nabirasi bilan o‘tiribdi. Rasm nihoyatda aniq va ravshan. Jajji nabirasining o‘ynayotganidan xursandligi mo‘ysafidning yuzida aks etib turibdi. Hovlining boshqa tomonida bolaning onasi o‘choqda taom pishirmoqda. Bo‘yoqlar to‘kilib tasodifan shunday murakkab va tafsilotli rasm namoyon bo‘lishi mumkinmi? Siz aytasizki: soddaroq bir shakl ifodalanishi mumkin. Lekin bunday murakkab rasm paydo bo‘lishini aql bovar qilmaydi.
Keling, bundan ham murakkabroq rasmga, ya’ni voqeiy olamga qaraylik. Hayvonot, nabotot, inson, yer, boshqa sayyoralar, galaktika va koinot. Mana shu murakkab rasmdan kichik bir qismini olib, ko‘rib chiqaylik. Masalan, inson tasvirini. U chiroyli va munosib shaklga ega: bosh, tana, qo‘l, oyoq. Inson a’zolari vazifa e’tiboridan uch qismdir:
a) hayotiy a’zolar – yurak, miya, orqa miya, nafas organlari – ularsiz inson yashay olmaydi;
b) muhim a’zolar – qo‘l, oyoq, ko‘z, quloq, qisman buyrak – inson ularsiz yashashi mumkin;
v) husn beruvchi a’zolar – qosh, kiprik, soch, ko‘z rangi, lab rangi kabilar.
Ma’lum bo‘ladiki, inson tanasidagi har bir a’zoning vazifasi va maqsadi bor. Mana shu barcha ichki va tashqi organlar, nafas olish, qon aylanish, asab tizimlari bilan inson yuqorida zikr etilgan rasmdan million marta murakkabroqdir. Insonning ikki o‘lchamli rasmi shunchaki tasodif tufayli paydo bo‘lmas ekan, million marta murakkabroq uch o‘lchamli inson qanday qilib tasodifan vujudga kelsin?
Hayvonot, nabotot va jamodot olami qay yo‘sinda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lsin?
Koinotda tizimli va hamohang ravishda harakatlanayotgan milliardlab sayyora – yulduzlardan tashkil topgan galaktikalar qanday qilib tasodifan paydo bo‘lsin?
Borliqdagi hamma narsa muayyan tartib, nizom va hamohanglikka ega. Bularning barchasi o‘ta qudratli Yaratuvchidan habar bermoqda.
“Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida hamda kecha va kunduzning almashib turishida aql egalari uchun oyat(belgi)lar bor” (Oli Imron surasi, 190-oyat).
(Davomi bor...)
“Sog‘lom e’tiqod – mo‘minga najot” kitobidan
Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas
Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.
Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qing!» oyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.
2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:
Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.
Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.
Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.
3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.
Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.
4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.
Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, “bu ochiq-oydin sehrdir” dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].
Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.
5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.
6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].
Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].
So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.
Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.
Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.
7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.
1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].
Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].
Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.
Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].
Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.
2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].
So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].
Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!
Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.
3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.
Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.
Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.
Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga
.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan