Sahobalar aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sariyog‘ va xurmoni yaxshi ko‘rar edilar” (Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja rivoyati).
Xurmo kam kaloriyali meva hisoblanib, unda bor-yo‘g‘i 23 kilo kaloriya mavjud. Biroq xurmoning tarkibida inson organizmi uchun zarur bo‘lgan 30 ga yaqin turdagi aminokislotalar mavjud bo‘lib, ularning aksariyati boshqa mevalarda uchramaydi.
Shuningdek, u kaliy, magniy, temir, mis va vitaminlar ayniqsa B6ga boydir.
Xurmo organizmdagi xolesterin darajasini pasaytirish orqali yurak kasalliklari xavfini kamaytiradi. Ichak faoliyatini yaxshilaydi va qabziyatning oldini oladi. Uni muntazam iste’mol qilish ichak mikroflorasini sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi.
Xurmo tarkibidagi kaliy qon bosimini me’yorlashtirishga va yurak funksiyasini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi. Unda B6 vitamini va antioksidantlar miyadagi yallig‘lanish jarayonlarini kamaytiradi, xotirani mustahkamlaydi, fikrlash qobiliyatini yaxshilaydi.
Tarkibidagi glyukoza, fruktoza va sukroza kabi tabiiy shakarlar tufayli xurmo organizmga energiya beradi. Shu sababli u jismoniy charchoq paytida va iftorlikda eng yaxshi ozuqa hisoblanadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xurmo mo‘min uchun qandoq ham yaxshi saharlik”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam qishda xurmo bilan, yozda suv bilan og‘iz ochar edilar.
Xurmo tarkibidagi kalsiy, magniy va fosfor suyaklarni mustahkamlaydi va osteoporoz kabi kasalliklar xavfini kamaytiradi. Undagi antioksidantlar esa, teri qarishini sekinlashtiradi va uning elastikligini saqlaydi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, homiladorlik davrida muntazam xurmo iste’mol qilish tug‘ruq jarayonini osonlashtirishga yordam beradi.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki: “Subhanallohi va bihamdihi”, desa, u uchun jannatda bir xurmo ekiladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi