Bizga muborak Ramazon oyi ro‘zasini farz qilgan Alloh taologa hamdu sanolar, Ramazon oyi kechalarini qoim qilishni sunnat qilgan Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar bo‘lsin.
Biz oddiy oylardan biri emas, balki juda ulug‘, fazilatlarga to‘la oyning oxirgi uchinchi dahasi – jahannam otashidan asraguvchi dahasidamiz. Ushbu muborak oy jannat eshiklari ochiladigan, do‘zax eshiklari yopiladigan oydir. Har kecha bir nido qiluvchi nido qiladi: “Ey yaxshilikni istovchi, kelgin! Ey yomonlikni istovchi, to‘xtatgin!”.
Bu muborak oy – Ramazon oyida insonlarga mehr bilan bunday deyiladi: Tavba qiling, o‘zingizni sarhisob qiling va umringizdan qolgan fursatni g‘animat biling. Chunki shunday bir kun keladiki, inson dunyoga qaytishni orzu qiladi, ammo uning orzusi qabul qilinmaydi va unga muhlat berilmaydi
Doktor Zag‘lul Najjor ushbu holatning dahshatidan yig‘lab bunday deydi:
“Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Agar sen ularni do‘zax oldida to‘xtatilganlarida ko‘rsang edi! Ular: «Do‘zax uzra to‘xtatib qo‘yilganda, «Oh, koshki edi (dunyoga) qaytarilsak, Rabbimiz oyatlarini yolg‘onga chiqarmaydigan mo‘minlardan bo‘lsak», deyishlarini ko‘rganingizda edi!” (An’om surasi, 27-oyat).
Ushbu ulug‘ qissa Qur’on karimda qiyomat kunining eng dahshatli manzaralaridan birini tasvirlaydi. Bu shunday manzaraki, uni tasavvur qilganda tanimiz jimirlab ketadi, qalblar qo‘rquvdan titraydi. Ular dunyoda Allohning oyatlarini inkor qilgan, payg‘ambarlarini masxara qilgan va Allohdan boshqasiga ibodat etgan kimsalar edi.
Qiyomat kuni esa ular jahannam yoqasida turib, o‘z ko‘zlari bilan o‘sha olovni ko‘radilar. Uning dahshatli ovozini eshitadilar, zanjirlar va kishanlarning shohidi bo‘lishadi, aql tasavvur qila olmaydigan azoblarni ko‘radilar.
Shunda qo‘rquv shunchalik kuchayadiki, qalblar halqumga kelib qoladi, nafaslar tiqilib ketadi. Ana o‘sha paytda bu gunohkorlar shunday bir orzu qiladilarki, agar ularga dunyoda shu orzu berilganida edi, Allohga hech qachon osiy bo‘lmas edilar: “Oh, koshki edi (dunyoga) qaytarilsak, Robbimiz oyatlarini yolg‘onga chiqarmaydigan mo‘minlardan bo‘lsak”. Lekin bu orzu qabul qilinadimi? Bu kechikkan pushaymon foyda beradimi?
Javob keyingi oyatda keladi: “Yo‘q! Ularning oldindan yashirib yurgan (sir)lari ularga fosh bo‘lib qoldi. Bordi-yu, (dunyoga) qaytarilsalar ham, (yana o‘sha) taqiqlangan narsalarga qaytgan bo‘lur edilar. Ular, haqiqatan, yolg‘onchilardir!” (An’om surasi, 28-oyat).
Alloh taolo ularning haqiqiy holatini ochib beradi. Agar ular dunyoga qaytarilsa ham, yana avvalgi gunoh va inkorga qaytadilar. Chunki ularning bu yerdagi pushaymoni haqiqiy iymon emas, balki azobdan qo‘rqishdir.
Ushbu Qur’oniy qissa bizga katta ibrat beradi:
– Pushaymon kech bo‘lsa, foyda bermaydi.
– Tavba eshigi faqat dunyoda ochiq. O‘lim kelganda yoki qiyomat qo‘zg‘alganda tavba qabul qilinmaydi.
– Iymon faqat og‘izdagi so‘z emas. U qalbdagi ishonch, til bilan iqror va amal bilan isbotdir.
– Alloh muhlat beradi, ammo bee’tibor qoldirmaydi.
Bu yerda biz uchun muborak Ramazon oyidagi buyuk ibrat bor.
Ramazon – pushaymondan oldingi imkoniyat oyidir.
Ramazon – tavba eshigi yopilishidan oldingi fursatdir.
Bu oyda ko‘plab insonlar do‘zaxdan ozod qilinadi.
Savol shu: “Biz ozod qilinganlardan bo‘lamizmi yoki keyin pushaymon bo‘luvchilardanmi?”.
Ramazon faqat yeb-ichishdan tiyilish emas. U gunohlardan tiyilish, Allohga chin qalb bilan qaytish oyidir. Ramazondagi har bir kun – yangi sahifa sanaladi. Har bir kecha – ko‘z yoshi bilan yillar davomidagi kamchiliklarni yuvish imkoniyatidir
Shuning uchun, ey bu so‘zlarni o‘qiyotgan aziz insonlar:
Pushaymon foyda bermaydigan kunni kutmangiz.
Ayniqsa ushbu muborak oyda tavbaga shoshilingiz.
Ko‘proq istig‘for ayting. Namozingizni to‘g‘rilang. Qur’oni karim bilan munosabatingizni mustahkamlang. Kim bilsin, balki bu Sizning hayotingizdagi oxirgi Ramazon bo‘lishi mumkin.
Allohdan so‘raymizki, Bizni Ramazon oyini g‘animat bilib, O‘ziga yaqin bo‘ladigan hamda Ramazon oyi tugaganida jahannamdan ozod bo‘ladigan bandalari qatorida qilsin! Omiyn. Ya Robbal ’aalamiyn!. …” (Doktor Zag‘lul Najjor xotiralaridan).
I.Ahmedov tarjimasi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati