Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugungi globallashuv jarayonida turli ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik muammolar avj olishi, ayniqsa, XX asrning 70-80-yillaridan boshlab fan-texnika taraqqiyotida katta o‘zgarishlar yuz berib, jismoniy mehnat o‘rnini aqliy mehnat egallashi cheksiz imkoniyatlar bilan birga insonlar salomatligiga katta salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. Aslida, inson kamolotida uning nafaqat ma’naviyati, balki jismoniy yetukligi ham katta ahamiyatga ega. Kishining jismonan sog‘lom bo‘lishi uning bosh miya faoliyati yaxshilanib, aqlining tez rivojlanishi, ma’naviy quvvatining ham ortishiga yordam beradi.
Misrlik mashhur olim shayx Maxmud Shaltut aytadi: “Insoning kuchliligi uning jismi va ruhining quvvati bilan bog‘liq. Chunki hayot og‘riqlar, alamlarva orzu-umidlar bilan to‘la. U esa og‘riqlarni yengishi va orzu-umidlarga erishishi kerak. Kuchsiz, zaif ruh, istaklarga yetishda dosh bera olmaganidek, og‘riqlarga ham sabr qilishda dosh berolmaydi. Shuningdek, jismning zaifligi hamto‘xtovsiz harakatlanish lozim bo‘lgan o‘rinlarda yetarlicha harakatga chiday olmaydi. Shubhasiz, albatta jismoniy tarbiya jismning kuchga to‘lishi va immuniteti ortishida katta ta’sirga ega”.
Islom dini ta’limotining calomatlik va jismoniy barkamol bo‘lish borasidagi targ‘ibotiQur’oni karim oyatlari, hadisi shariflardava islom ulamolari asarlarida keng yoritilgan.
Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:
﴿ثُمَّ لَتُسْأَلُنَّ يَوْمَئِذٍ عَنِ النَّعِيم﴾
“So‘ngra o‘sha kunda, albatta, berilgan ne’matlardan so‘ralasiz” (Takasur surasi, 8-oyat).
Ali roziyallohu anhu ushbu oyatidagi “ne’matlar” oyatini “U – xotirjamlik, sog‘lik va salomatlikdir” deb tafsir qilganlar.
Kishi sog‘lom bo‘lishi, o‘zida kuch-quvvat, shijoat hosil qilishi, ma’nan va jismonan yetuklikka erishishi uchunjismoniy harakat qilishi lozim.
Islom dinida insonningkuchli, baquvvat bo‘lishiga katta ahamiyat berilgan. Bu haqda so‘z ketganda dastlab zehnga quyidagi hadisi sharif keladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kuchli mo‘min Alloh taologa kuchsiz mo‘mindan ko‘ra yaxshiroq va suyukliroqdir. Barchasida yaxshilik bor. Sen o‘zinga foyda beradigan narsaga intilgin, Allohdan yordam so‘ra va sust bo‘lmagin”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Ushbu hadisda nazarda tutilgan quvvat umumiy ma’noda bo‘lib, inson hayotining barcha jabhalarini o‘z ichiga oladi.Demak, iymoni kuchli iymoni zaifdan yaxshiroq. O‘z sohasida kuchli sust kishidan yaxshiroq, jismonan baquvvat kishi kuchsiz kishidan yaxshiroqdir. Agar badanning quvvati jismoniy mashqlar bilan hosil bo‘lar ekan, inson go‘zal fazilatlarni qo‘lga kiritishi va Alloh taoloning muhabbatini qozonishi uchun jismoniy mashqlarni bajarishi lozim.
Insoniyat qadim zamonlardan salomatligini saqlash, jismoniy kuch-quvvat hosil qilish uchun turli vositalardan foydalangan. Bu borada yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib har xil mashqlar bajargan va o‘yinlarni kashf qilgan.
Islom dini atrofga yoyilayotgan ilk davrlarda ham xilma-xil harbiy o‘yinlar, o‘q-yoy otish, chavandozlik musobaqalari o‘tkazib turilardi.
Sog‘liq haqida turli davrda yashagan allomalar o‘z fikrlarini aytib, bu borada jismoniy tarbiyaning o‘rni nechog‘li muhim ekanini ta’kidlabo‘tganlar.
Xususan, Abu Ali ibn Sino bunday deydi: “Sog‘liqni saqlashning asosiy tadbiri badantarbiya. Badantarbiya o‘zga tadbirlar bilan birga to‘g‘ri ishlatilganda gavdani to‘ldiruvchi narsalar to‘planishining oldini oluvchi kuchli omillardan bo‘lib, tug‘ma issiqlikni oshiradi, tanaga yengillik beradi. O‘z vaqtida me’yori bilan badantarbiya qilgan odamga dard yaqin yo‘lamaydi. Badantarbiya bilan mashg‘ul bo‘linsa, hech qanday dori-darmonga zarurat qolmaydi, buning uchun muayyan tartibga rioya qilmoq ham shart. Badantarbiyani tark etgan odam aksari xarob bo‘ladi, zero harakatsiz qolgan a’zolarning quvvati zaiflashadi”.
O‘rta Osiyo olimlari orasida jismoniy mashqlarni ta’riflash va o‘ziga xos tarzda tasniflashdaIbn Sinoning xizmatlari beqiyos.
Olim o‘zining mashhur “Tib ilmi qonuni” asari uchinchi qismning ikkinchi bo‘limini kishilar salomatligi uchun kurashda jismoniy mashqlardan foydalanish masalalariga bag‘ishlagan. Bu bo‘limning dastlabki satrlaridayoq jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish va undan keyin ovqatlanish hamda uyqu rejimi salomatlikni saqlashda eng muhim shart ekani qayd etiladi.
Olim jismoniy mashqlarni kishi salomatligini saqlashning eng muhim vositasi deb hisoblash bilan birga, jismoniy mashq nafas olish uzluksiz va chuqur bo‘lishiga olib keluvchi ixtiyoriy harakat ekanini, jismoniy mashqlar bilan me’yorida va o‘z vaqtida shug‘ullanuvchi kishi hech qanday muolajaga muhtoj bo‘lmasligini aytadi.
Olimning jismoniy mashqlarni qo‘llash prinsiplari to‘g‘risidagi metodik ko‘rsatmalarining axamiyati g‘oyatda katta. “Jismoniy mashqlarni boshlayotganda badan toza bo‘lishi kerak” va “jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanuvchi kishi och bo‘lganidan ko‘ra to‘q bo‘lgani ma’qul hamda gavda sovuq va quruq bo‘lgandan ko‘ra issiq, nam bo‘lgani yaxshi”, deydi Abu Ali ibn Sino.
Buyuk bobokalonimizning ushbu so‘zlari hozirgi texnika rivojlangan asrda jismoniy salomatlik uchun qayg‘urgan har bir kishi badan tarbiya mashqlariga yanada e’tiborli bo‘lishini lozimligini ko‘rsatadi.
Xalqparvar, jadidchi, pedagog Abdurauf Fitrat bu xususida: “Badantarbiya badanni sog‘lom va kuchli hamda a’zolarni mukammal darajaga yetkazishdan iborat, busiz baxt-saodatga erishib bo‘lmaydi”, deya inson tanasining sog‘lom bo‘lishiga alohida ahamiyat bergan.
Jismoniy mashqlar kishining kasalliklarga qarshi immunitetini tiklab, qon aylanish sistemasi, oshqozon hazmi tizimini yaxshilaydi. Kishining kuch-quvvatini va o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Shuningdek, ortiqcha vaznni, dangasalik va ruhiy tushkunlikni ketkazadi. U nafaqat jismoniy, balki ma’naviy kamolotga yetishda ham muhim omildir. Jismoniy tarbiya irodani toblaydi, aniq maqsad sari intilish, qiyinchiliklarni bardosh va chidam bilan yengishga o‘rgatadi. Inson qalbida g‘alabaga ishonch, g‘urur va iftixor tuyg‘ularini tarbiyalaydi.
Hozirda fan-texnika taraqqiy etib, inson kundalik hayotiga turli texnika vositalari kirib kelishi uning jismoniy harakatlarining cheklanib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada, turli kasalliklar tobora avj olib bormoqda. Ushbu holatda yuqorida aytilganidek, har bir inson komillik sari intilib, doimo ruhiy tarbiya bilan birgalikda o‘zining jismoniy jihatiga ham alohida ahamiyat berishi lozim. Albatta, jismoniy mashqlarni bajarish va o‘zaro musobaqalar jarayoni odob-axloq doirasida bo‘lishi, jismoniy jihatdan kuchli bo‘lishga, ishtirokchilar va atrofdagilarni birlashtirishga xizmat qilishilozim. Raqiblar bir-birlarini masxara qilishi, taxqirlashi yoki mashqlar va musobaqalarda avrat ochiq bo‘lishi harom amal hisoblanadi. Ayni paytda, yurtimizda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun yetarlicha imkoniyatlar mavjud. Har bir kishi bu imkoniyatlardan oqilona foydalanishi darkor. Zero, jismonan sog‘lom baquvvat kishi o‘z zimmasidagi burch va vazifalarni to‘la uddalay oladi. Oilasi va jamiyatga ko‘proq foyda keltiradi.
"Islomda salomatlik" kitobidan
Hijriy 256 yil muhaddislar sultoni Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahulloh vafot etdi.
Samarqand yaqinidagi Hartang nomli kichik qishloqqa minglab odamlar olimning dafn marosimiga shoshilishdi. Imom Buxoriyning muborak jasadi yerga qo‘yilgan lahzada, tuproqdan xushbo‘y hid tarqala boshladi. Odamlar ilgari hech hidlamagan, mushkdan ham yoqimli bir hid atrofga yoyildi...
G‘ayrioddiy bu mo‘jizaga minglab odamlar uch kun davomida o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lishdi. Ko‘pchilik insonlar hayratga tushib, ko‘z yoshlarini tiya olmay, qayta-qayta “Subhanalloh” deb aytardilar.
Bu voqea haqidagi xabar zudlik bilan butun dunyoga tarqaldi. Oradan necha asrlar o‘tsa ham bu voqea “yashab” kelmoqda. Bu hodisa ayni haqiqat, aslo to‘qima emas...
Bu voqeadan xabar topganlar tuproqdan hovuchlab olib keta boshladilar. Bir kun ichida shunchalik ko‘p tuproq olib ketildiki, ertasi kuni qabrni yana qayta to‘ldirishga ehtiyoj tug‘ildi. Bu voqea ertasi kuni va undan keyingi kun ham takrorlandi.
Uch kun ketma-ket yoqimli hid tarqaldi. Uzoq yurtlardan xushbo‘y hidni olib ketish uchun kelgan olomon ko‘paygani sababli qabrni qayta-qayta to‘ldirish kerak bo‘ldi.
Nihoyat, olimlar bu mo‘jiza odamlarni bid’atga olib borishidan xafsirab, Allohdan hidni tugatishini so‘rab duo qildilar. Va o‘sha kuni xushbo‘y hid chiqishi to‘xtadi.
Bu minglab odamlar guvoh bo‘lgan voqea edi...
Bu g‘ayrioddiy voqea Imom Buxoriy rahimahullohning vafotlaridan keyin bo‘lgan bo‘lsa, u zot tiriklik vaqtlarida ham bir qancha “mo‘jizaviy” holatlar ko‘p uchragan. Masalan, dengizdagi sinov va ming dinor oltindan taqvo qilganlari, har bir hadisni qog‘ozga tushirishdan oldin tahorat olib, (nafl) namoz o‘qishlari, ilm uchun 14 ming km. yo‘lni bosib o‘tganlari va yana juda ko‘p boshqa hodisalar ham “mo‘jiza” emasmi?
Alloh taolo muhaddisni mag‘firat aylab, jannatning yuqori darajalari bilan mukofotlasin.
Davron NURMUHAMMAD