Bismillahir Rohmanir Rohiym
Allohning dini sizsiz ham, bizsiz ham rivojlanaveradi. Ammo unutmang, Alloh O‘z dini rivoji uchun sizni tanlabdimi, bu siz uchun cheksiz saodatdir...
Qiyomat kuni maxsus insonlar safida bo‘lish, ya’ni Uning diniga rivoj bergan buyuklar karvonida bo‘lish buyuk bir baxtdir!
Zarra qadar bo‘lsada xizmatingiz bilan bu karvonga qo‘shiling!
Yaxshilik va saxovat xalqimizning azaliy qadriyatlaridan hisoblanadi. Ana shu ezgu an’analar davom ettirilib, "Vaqf" xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali tomonidan yana bir xayrli ish amalga oshirildi.
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani Dehqonobod MFY, Farovon ko‘chasi 21-A uyda yashovchi, hozirgi kunda Ijtimoiy reyestrda turuvchi fuqaro Xushvaqtova Layloning yashash xonadonlari yaroqsiz holga kelib qolganligi sababli, uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan munosib sharoitda yashashini ta’minlash maqsadida yangi 4 xonali uy-joy barpo etildi.
Mazkur xonadonning foydalanishga topshirilish marosimida Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari hamda "Vaqf" xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali rahbari Musoxon domla Boboyev ishtirok etib, xonadon kalitini sohibasiga tantanali ravishda topshirdi.
Tadbir davomida xonadon sohibasi va uning farzandlari uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirilib, ularning kelgusi hayoti farovon va barakali bo‘lishi haqiga duolar qilindi.
Alloh taolo ushbu xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlarning ezgu amallarini dargohida qabul aylasin.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali
Saxovat va mehr-oqibat yo‘lidagi ezgu ishlar davom etadi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati