O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Andijon viloyati Asaka tumani "Xazrati Umar" jome masjidi imom xatibi Muhammadsobir domla Iminovning volidai mehribonlari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, Ulamolar kengashi a’zolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga xususan, Muhammadsobir domla Iminovga hamdardlik bildiradi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ukrainaning “Kyiv Diplomatic” jurnali veb-saytida qadimiy Buxoro shahrining zamonaviy madaniy va sayyohlik rivojlanishiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Jurnal yozishicha, AQSHning "The New York Times" nufuzli gazetasi O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridan biri - Buxoroga bag‘ishlangan maqola chop etgan. Gazetada Buxoro ming yildan ziyod vaqt davomida Sharq va G‘arbni bog‘lagan Buyuk ipak yo‘lining eng muhim markazlaridan biri bo‘lgani ta’kidlangan.
Jumladan, Ark qal’asi, maqbaralar, madrasalar va moviy gumbazli masjidlardan iborat boy me’moriy merosga alohida e’tibor qaratilib, ularning ko‘pchiligi YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani qayd etilgan.
Jurnalda ta’kidlanishicha, bugungi kunda Buxoro xalqaro madaniy markaz sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlamoqda. O‘tgan yili ushbu shaharda o‘tkazilgan zamonaviy san’at biyennalesi, infratuzilmaning rivojlanishi, yangi mehmonxona va restoranlarning ochilishi xorijiy sayyohlar oqimining ortishiga xizmat qilmoqda.
“Kyiv Diplomatic” nashri mintaqaning boy gastronomiyasi, xususan, mashhur Buxoro oshi (osh sofi) va azaliy an’analarni o‘zida mujassam etgan hunarmandchilik mahsulotlari — so‘zana, sopol buyumlar va qo‘l mehnati bilan tayyorlangan qaychilarni alohida e’tirof etgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati