Iymon va tafakkur
Doktor Zag‘lul Najjor shunday deydi:
“Ramazon oyi kirib kelganda inson o‘z nafsi bilan bir lahza to‘xtab, fikr yuritishi va tafakkur qilishi kerak. Chunki har bir Ramazon – Qur’oni karim bilan yangi sayohatdir. Men odatda bir sura yoki bir nechta oyatni tanlab, uning ma’nolari haqida chuqur o‘ylayman, sirlarini anglashga harakat qilaman.
Bu yil esa mening e’tiborimni bir oyati karima o‘ziga tortdi. U qalbimni larzaga soldi va Yaratgan Zotning buyuk qudratini yanada chuqur his qildirdi. Ushbu oyati karima insonni faqat qarashga emas, balki chuqur tafakkur qilishga chorlaydi.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Axir ular tuyalarga qarab, qanday yaratilganiga boqmaydilarmi – u qanday yaratilgan?” (G‘oshiya surasi, 17–oyat).
Tuya – yer yuzini kezuvchi ajoyib mo‘jizakor hayvonlardan biridir. Keling, uning ba’zi hayratlanarli xususiyatlari haqida mulohaza qilaylik.
Tuya sho‘r suvni ham ichishi mumkin. Ammo shunga qaramay, uning tanasidagi muvozanat buzilmaydi. Chunki uning buyraklari juda mukammal tozalash tizimi kabi ishlaydi: suvni tuzdan ajratib, tanasiga toza holda yetkazadi.
Tuya qattiq tikanlarni ham bemalol iste’mol qila oladi. Bu esa uning og‘zi va hazm tizimi o‘ziga xos tarzda yaratilgani bilan bog‘liq. Shu sababli tikanlar unga zarar yetkazmaydi.
Tuyaning ko‘zlari ham juda ajoyib tarzda yaratilgan. Unda ikki xil qovoq bor: biri oddiy qovoq, ikkinchisi esa shaffof pardaga o‘xshaydi. Qum bo‘roni paytida shu shaffof qovoq yopilib, tuya yo‘lini ko‘rishda davom etadi, ammo ko‘ziga bir dona qum ham kirmaydi.
Uning yana bir ajoyib xususiyati - tanasi haroratini muhitga moslashtira olishidir. Sovuq joyda haroratini ko‘taradi, juda issiq sahroda esa pasaytiradi. Bu darajadagi moslashuv boshqa ayrim jonzotlarda uchramaydi.
Shuning uchun Qur’on karimda: “Ular tuyaga qaramaydilarmi – u qanday yaratilgan?” – deya tafakkurga chaqiriladi.
Bir oz diqqat bilan qaragan inson ushbu maxluqning har bir a’zosida Allohning qudrati namoyon ekanini ko‘radi. Go‘yoki uning har bir hujayrasi: “Bu Allohning yaratishidir”, deb guvohlik berayotgandek.
Olimlar aytadilarki, ushbu oyati karimada Alloh taolo inson e’tiborini tuya yaratilishidagi sirlarga qaratmoqda. Chunki unda tafakkur qilgan inson uchun tavhid (Allohni yagona deb e’tiqod qilish) ga eltuvchi dalillar va ilohiy qudratning belgilarini ko‘rish mumkin.
Haqiqiy ilm ahllari shuni ta’kidlashadi: tuya yaratilishi haqida tafakkur qilgan inson Qur’on karim tabiatiga bekorga ishora qilmaganini anglaydi. U inson aqlini oddiydek ko‘ringan, ammo ajoyib yaratilgan maxluqotlar orqali Alloh taoloning qudratini anglashga chaqirmoqda:
“Ey Robbim, Sen naqadar buyuksan!
Kitobingdagi har bir oyat – nur,
yaratgan har bir maxluqing – dalil,
va har bir tafakkur – iymon eshiklaridan birini ochadi”.
Ilyosxon Ahmedov tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV