وَكَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يُعَلِّمُ بَعْضَ بَنَاتِهِ فَيَقُولُ: قُولِي حِينَ تُصْبِحِينَ: سُبْحَانَ اللهِ وَبِحَمْدِهِ، لَا قُوَّةَ إِلَّا بِاللهِ، مَا شَاءَ اللهُ كَانَ وَمَا لَمْ يَشَأْ لَمْ يَكُنْ، أَعْلَمُ أَنَّ اللهَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ، وَأَنَّ اللهَ قَدْ أَحَاطَ بِكُلِّ شَيْءٍ عِلْمًا، فَإِنَّهُ مَنْ قَالَهُنَّ حِينَ يُصْبِحُ حُفِظَ حَتَّى يُمْسِيَ، وَمَنْ قَالَهُنَّ حِينَ يُمْسِي حُفِظَ حَتَّى يُصْبِحَ.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ba’zi qizlariga «Tong ottirganingda "Subhanallohi va bihamdihi, laa quvvata illaa billahi, maa shaa Allohu kana va maa lam yasha’ lam yakun. A’lamu annalloha ’alaa kulli shay’in qodiyr. Va annalloha qod ahota bikulli shay’in ilman»ni aytgin", deb o‘rgatar edilar va: "Kim shularni subh kirganda aytsa, to kech kirguncha himoya qilinadi. Kim shularni kech kirganda aytsa, to subh kirguncha himoya qilinadi", der edilar».
Duoning ma’nosi: «Alloh pokdir. Hamd Ungadir. Quvvat faqatgina Allohdadir. Alloh xohlagan narsa bo‘ladir. U xohlamagan narsa bo‘lmaydir. Albatta, Alloh har bir narsaga qodirdir. Va albatta, Alloh har bir narsani ilmi ila ihota qilgandir».
Tong chog‘i va kech kirganda o‘qiladigan duolar sirasiga bu rivoyatda kelgan duo ham qo‘shib qo‘yilsa, yaxshi bo‘ladi.
"Hadis va hayot" kitobining 35-juzi
Bugun, 15 sentyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi va xalqaro anjumanning nufuzli ishtirokchilarini qabul qildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon yetakchisiga Davlatimiz Rahbarining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdilar.
Uchrashuvda qardosh davlat Rahbari nutq so‘zlab, xalqaro anjumanlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi.
Turkiy davlatlar yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari natijasida ilm-fan, ta’lim, madaniy-gumanitar hamda diniy-ma’rifiy jabhalarda hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bu ezgu sa’y-harakatlar Diniy idoralar rahbarlarining mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashishi, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash hamda zamonning dolzarb masalalari bo‘yicha mushtarak fatvo va bayonotlar qabul qilishda muhim poydevor bo‘layotgani qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati