Ja’farning kimligini bilasizmi?! Unga Nabiyyimiz sollallohu alayhi vasallam: «Sen menga yaratilish jihatidan ham, xulqing jihatidan ham o‘xshaysan», deganlar.
Bu baho uning uchun ikki tomondan buyuklikdir. U chiroyli, xushbichim inson edi. Ja’far Habashistonga hijrat qilgan muhojirlarga bosh bo‘lgan fasohatli va aqlli inson. Ja’far Najoshiyning huzurida Qurayshning dohiysi (aqlli kishisi) va elchisi bo‘lmish Amr ibn Osni mot qilgan!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni nihoyatda yaxshi ko‘rar edilar. Uning Habashistondan qaytishi Xaybarning fath qilinishiga to‘g‘ri keldi. O‘shanda Nabiy alayhissalom: «Qay biriga xursand bo‘lay: Xaybarning fathigami yoki Ja’farning qaytishigami?!» degan edilar.
Ja’far buyuk va qo‘rqmas bahodir, Muta jangida Zayd ibn Horisa roziyallohu anhudan keyin musulmonlar qo‘shiniga qo‘mondon bo‘ldi. Unda uchta muhojirlik, sahobalik, shahidlik buyuklik jamlangan edi. Alloh taolo uning Muta jangida kesilgan ikki qo‘li o‘rniga jannatda parvoz qiladigan ikki qanot berdi!
Madinada esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam vahiy orqali kishilarga Muta jangi tafsilotilarini aytib, shahid bo‘lgan as'hoblariga bir-bir marsiya o‘qiyotgan edilar. Nihoyat, Nabyimiz sollallohu alayhi vasallam Allohning yalang‘ochlangan qilichi tug‘ilgani, musulmonlarni bu qiyin vaziyatdan osonlik bilan sug‘urib olgani xabarini berdilar. Xolid ibn Valid roziyallohu anhuning harbiy taktikasi bugungi kungacha harbiy fakultetlarda dars sifatida o‘rgatiladi!
O‘sha kuni insonlar suyukli insonlarini yo‘qotganlari uchun yig‘lashdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ja’farning oilasiga taom qilib beringlar. Ularning boshiga mashg‘ul qiladigan narsa keldi», dedilar.
Qanday buyuk payg‘ambar!
Qanday buyuk din!
«Ja’farning oilasiga taom qilib beringlar».
Bu dunyo yo‘qotadigan dunyodir. Bugun kim bilandir vidolashsak, ertaga biz bilan vidolashishadi. Bugun birovlarning tobutini ko‘tarsak, ertaga bizning tobutimizni ko‘tarishadi.
Ammo bu din qiyinchilikda ham, kengchilikda ham rahmat dinidir.
Bu din yelkadosh bo‘ladigan, hamdard bo‘ladigan dindir. Insonlar yaqinlarini yo‘qotganida boshqalar ularning yonida turishi, bir-birlariga rahm qilishi jarohatlariga malham bo‘ladi!
Nabiy sollallohu alayhi vasallam mayyitning oilasiga taom qilib berishni bizga ta’lim beryaptilar. Chunki ularning boshiga tushgan musibat taom pishirish kabi eng zarur ishlardan ham chalg‘itib qo‘ydi.
Hayot qarz oldi-berdilaridan iborat! Kimlardir bizning boshimizga musibat tushganida taom qilib berishadi. Biz ham ularning boshiga musibat tushganida taom yetkazamiz. Aslida, ish oshqozonga ovqat tushirishdan oliyroqdir. Bu yaralangan qalbning yelkasini silashdir. Bu mahzun ko‘ngilning boshini silashdir!
Musibatzadalarning og‘irini yengil qiladigan barcha ishlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Ja’farning oilasiga taom qilib beringlar», degan so‘zlari ostiga kiradi!
Aza ahlining gohida marosim o‘tkazish uchun uyi torlik qilib qoladi. Qani endi ularga keng uyingizni bo‘shatib bersangiz!
Aza ahlining gohida ta’ziya marosimini o‘tkazish uchun mablag‘i bo‘lmay qoladi. Qani endi ularning yonida pulingiz bilan tura olsangiz!
Gohida azadorlar qarzdor bo‘ladi yoki dafn tufayli xarajatlari ko‘payib qoladi. Qani endi ularning yonida turib, tirikka ham, o‘likka ham yordam bersangiz!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida «Inson qadri ulug‘langan yurtda mehr va e’tibor har bir xonadonga kirib boradi» shiori ostida xayrli tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tashabbusga Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, bosh imom-xatib Rahmatillo domla Usmonov boshchilik qildi.
Tadbir doirasida shahar va tuman bosh imom-xatiblari hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va bemor fuqarolarning xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Samimiy muloqotlar davomida fuqarolarning hol-ahvoli va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga ma’naviy dalda berildi. Xonadon egalariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, ehson va sovg‘a-salomlar topshirildi.
Shuningdek, imom-xatiblar yurtdoshlarimiz bilan oila mustahkamligi, o‘zaro mehr-oqibat, sabr-qanoat hamda saxovatning fazilatlari haqida diniy-ma’rifiy suhbatlar olib bordilar. Bu kabi xayriya tadbirlari jamiyatda hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga, odamlar qalbida ertangi kunga ishonch uyg‘otishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati