frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Eski kiyimlarni sadaqa qilish

30.03.2026   13982   2 min.
Eski kiyimlarni sadaqa qilish

Bismillahir Rohmanir Rohiym

1. Erkagu ayollarning va bolalarning kiyilgan, lekin yirtilib ketmagan, hali kiyishga yaroqli kiyimlarini sadaqa qilish mustahab amaldir. Bu ish yomon ko‘rgan narsasini sadaqa qilib yuborishga kirmaydi. Eskirgan narsa o‘rtacha mol hisoblanadi, chunki kambag‘allar bundan ham eskiroq kiyimlarni sotib olishadi. Qanchadan-qancha boylar pisand qilmaydigan kiyimlar borki, ularga erishish kambag‘allar uchun orzudir. Bunday kiyim-kechaklarni axlatga tashlash yoki yoqib yuborish mumkin emas.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam yangi kiyim olgan odamlarni eskisini sadaqa qilib yuborishga targ‘ib qilganlar.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu yangi kiyim kiyib, «Avratimni berkitadigan, yasanadigan narsani kiydirgan Allohga hamd bo‘lsin», dedi. Keyin shunday dedi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kim yangi kiyim kiyganda: "Avratimni berkitadigan, yasanadigan narsani kiydirgan Allohga hamd bo‘lsin" desa, keyin eskirgan kiyimini sadaqa qilsa, hayotu mamotida Allohning himoyasida, Allohning muhofazasida va Allohning satrida bo‘ladi», deganlarini eshitdim» (Termiziy va boshqalar Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilishgan. Hofiz Ibn Hajar «Nataaijul afkaar» degan kitobida hasan degan).

2. Yomon kiyimni sadaqa qilish makruhdir. Chunki Alloh taolo: «Nafaqa qilganingizda nopokni ko‘zlamang. Holbuki, uni o‘zingiz ham undan ko‘z yummay turib olmaysiz», degan. (Baqara surasi, 267-oyat). Makruh bo‘lishi bilan birga bunday kiyimni sadaqa qilgan odamga sadaqasiga yarasha ajr yoziladi, vaholanki unga molning yaxshisini tanlab sadaqa qilish afzaldir.

Xatib Shirbiniy rohimahulloh: «Sifatsiz narsani sadaqa qilish makruhdir. Lekin shundan boshqa narsa topa olmasa, makruh bo‘lmaydi»  («Mug‘nil muhtaaj», 4/197).

3. Afzali o‘sha kiyimlarni yuvib, dazmollab, so‘ng kambag‘alning o‘ziga yoki birorta xayriya jamg‘armasiga berish yoki masjid imomidan muhtoj odamlarni so‘rab olib, o‘shalarga berishdir.

4. Shuningdek, eski oyoq kiyim, idish-tovoq va uy jihozlarini sadaqa qilish ham mustahabdir.

Alloh sizu bizning solih amallarimizni qabul aylasin.

Doktor Muhammad Sodiq Darvish

Boshqa maqolalar

Ozarbayjonlik jurnalistlar Samarqanddagi Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

21.08.2026   61187   1 min.
Ozarbayjonlik jurnalistlar Samarqanddagi Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

"Report" xabariga ko‘ra, tashrif O‘zbekiston bo‘ylab media-tur doirasida bo‘lib o‘tdi.

Imom Buxoriy maqbarasi Samarqand viloyatidagi eng muhim ma’naviy va tarixiy obidalardan biridir.

Tashrif davomida Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari vakillari Imom Buxoriy maqbarasi, masjid, muzey va kutubxona vazifasini bajaruvchi xonani o‘z ichiga olgan yodgorlik majmuasi hududi bilan tanishdi. Jurnalistlarga majmuaning yaratilish tarixi, Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi, shuningdek, uning islom ilm-fanidagi alohida o‘rni haqida so‘zlab berildi.

Media-tur ishtirokchilari majmuaning muzey qismiga alohida e’tibor qaratdi. Bu yerda islom madaniyati va Imom Buxoriy merosiga oid qo‘lyozmalar va turli tarixiy materiallar taqdim etilgan. Shuningdek, muzeyda turli mamlakatlar vakillari tomonidan majmuaga sovg‘a qilingan Qur’oni karim nusxalari ham saqlanadi.

Ishtirokchilarga majmua turli mamlakatlardan kelgan dindorlar uchun ziyoratgoh va allomaning ma’naviy merosini asrab-avaylashning muhim markazi ekanligi haqida so‘zlab berildi. Jurnalistlar majmuaning me’moriy xususiyatlari va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma bilan ham tanishdi.

Imom Buxoriy eng nufuzli islom ulamolaridan biri va islom an’anasidagi eng muhim hadis to‘plamlaridan biri bo‘lgan "Sahih al-Buxoriy" hadislar to‘plamining muallifi hisoblanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari