Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Erkagu ayollarning va bolalarning kiyilgan, lekin yirtilib ketmagan, hali kiyishga yaroqli kiyimlarini sadaqa qilish mustahab amaldir. Bu ish yomon ko‘rgan narsasini sadaqa qilib yuborishga kirmaydi. Eskirgan narsa o‘rtacha mol hisoblanadi, chunki kambag‘allar bundan ham eskiroq kiyimlarni sotib olishadi. Qanchadan-qancha boylar pisand qilmaydigan kiyimlar borki, ularga erishish kambag‘allar uchun orzudir. Bunday kiyim-kechaklarni axlatga tashlash yoki yoqib yuborish mumkin emas.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam yangi kiyim olgan odamlarni eskisini sadaqa qilib yuborishga targ‘ib qilganlar.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu yangi kiyim kiyib, «Avratimni berkitadigan, yasanadigan narsani kiydirgan Allohga hamd bo‘lsin», dedi. Keyin shunday dedi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kim yangi kiyim kiyganda: "Avratimni berkitadigan, yasanadigan narsani kiydirgan Allohga hamd bo‘lsin" desa, keyin eskirgan kiyimini sadaqa qilsa, hayotu mamotida Allohning himoyasida, Allohning muhofazasida va Allohning satrida bo‘ladi», deganlarini eshitdim» (Termiziy va boshqalar Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilishgan. Hofiz Ibn Hajar «Nataaijul afkaar» degan kitobida hasan degan).
2. Yomon kiyimni sadaqa qilish makruhdir. Chunki Alloh taolo: «Nafaqa qilganingizda nopokni ko‘zlamang. Holbuki, uni o‘zingiz ham undan ko‘z yummay turib olmaysiz», degan. (Baqara surasi, 267-oyat). Makruh bo‘lishi bilan birga bunday kiyimni sadaqa qilgan odamga sadaqasiga yarasha ajr yoziladi, vaholanki unga molning yaxshisini tanlab sadaqa qilish afzaldir.
Xatib Shirbiniy rohimahulloh: «Sifatsiz narsani sadaqa qilish makruhdir. Lekin shundan boshqa narsa topa olmasa, makruh bo‘lmaydi» («Mug‘nil muhtaaj», 4/197).
3. Afzali o‘sha kiyimlarni yuvib, dazmollab, so‘ng kambag‘alning o‘ziga yoki birorta xayriya jamg‘armasiga berish yoki masjid imomidan muhtoj odamlarni so‘rab olib, o‘shalarga berishdir.
4. Shuningdek, eski oyoq kiyim, idish-tovoq va uy jihozlarini sadaqa qilish ham mustahabdir.
Alloh sizu bizning solih amallarimizni qabul aylasin.
Doktor Muhammad Sodiq Darvish
Tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, yosh diniy soha xodimlari bilan samimiy muloqot o‘tkazdi.
Suhbat davomida mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar va ulardan samarali foydalanish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, yosh imomlarga quyidagi yo‘nalishlarda muhim tavsiyalar berildi:
Aholi va jamoatchilik bilan muloqot madaniyatini yuksaltirish;
Ta’sirchan va mazmunli ma’ruzalar tayyorlash hamda voizlik odobiga rioya qilish;
Masjidlar faoliyatini zamon talablari darajasida to‘g‘ri tashkil etish.
Muloqotda yosh diniy soha vakillarining jamiyatda tutgan o‘rni, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik, sof ma’rifat va ezgulik ruhida tarbiyalashdagi mas’uliyati yuqori ekani ta’kidlandi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Tadbir yakunida yosh mutaxassislar viloyat vakilligi va soha mutasaddilarining ish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati