Rizq insonlar dunyo ishlaridan izlagan, qidirgan va so‘ragan narsalarining barchasi emas, balki bir bo‘lagidir. Kimdir dunyoda ayol izlaydi va bu esa insonni dunyodan izlaydigan narsalarining eng muhimidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Dunyo bir mato’ (huzurlanish)dir. Dunyo matosining eng yaxshisi soliha ayoldir”[1], deganlar.
Shuningdek, dunyoda kimdir ko‘zining qorachig‘i va undan keyin uning merosxo‘ri bo‘ladigan zurriyotni so‘raydi. Zero, bu payg‘ambarlar va solih kishilar da’vat qilgan ishdir.
Ibrohim alayhissalom Alloh taologa: “Robbim, menga solihlardan ato et"[2], dedilar.
Zakariyo alayhissalom Alloh taologa: "Ey Robbim, menga O‘z huzuringdan yaxshi zurriyot bergin. Albatta, sen duoni eshituvchisan"[3], dedilar.
Shuningdek, dunyoda kimdir tinchlikni so‘raydi. Bu esa, insonlar o‘zlari uchun so‘raydigan muhim narsalarning biridir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan kechirishini va tinchlikni so‘ranglar. Bas albatta biror-bir kishiga iymondan keyin tinchlikdanda yaxshiroq narsa berilmadi”[4], deganlar.
Qunut duosida: “Ofiyatda qilgan kishilaring qatorida meni ham ofiyatda qil”, deyilgan.[5]
Bularning barchasi dunyoviy istaklar, so‘rovlar hamda Alloh taologa tavakkul qilishning bog‘lovchilaridir.
Mo‘min banda soliha ayol va solih farzand bilan rizqlantirishiga Robbiga tavakkul qiladi. Allohning solih bandalari duo qilganlaridek: Ular: «Ey Robbimiz, O‘zing bizga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan ko‘zimiz quvonadigan narsa hadya et hamda bizlarni taqvodorlarga yo‘lboshchi et»[6].
Musulmon kishi Robbisi unga ofiyat va nusrat bergunicha U Zotga tavakkul qilaveradi.
Yusuf Qarazoviy rahimahullohning
"Tavakkul" kitobidan Yahyo domla ABDURAHMONOV tarjimasi
[1] Imom Ahmad, Imom Muslim va Imom Nasoiy Ibn Umardan rivoyat. qilganlar. Shuningdek, Sahih al- Jomi’u as- Sag‘iyr kitobida ham rivoyat. qilingan (3413).
[2] Soffat surasi, 100-oyat.
[3] Oli Imron surasi, 38-oyat.
[4] Imom Termiziy rivoyat qilgan (464). Shuningdek, Imom Ahmad, Abu Dovud, Nasoiy va ibn Moja Hasan ibn Ali roziyallohu anhumodan rivoyat qilishgan.
[5] Imom Ahmad va Imom Termiziy Abu Bakradan rivoyat. qilingan (Sahiyh al- Jomi’u as- Sag‘iyr: 3632).
[6] Furqon surasi, 74-oyat.
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati