Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: "Kim bir daraxt eksa va u meva bersa, Alloh taolo uning mevasi adadicha (savob) beradi", dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Muqaddas haj amallarini a’lo darajada ado etib, qalblari quvonch va shukronalikka to‘lib qaytgan, qaytayotgan hojilarimiz “Haj – 2026” tashkilotchilari nomiga samimiy tashakkurnomalar yo‘llashmoqda. Quyida ba’zilaridan parchalar keltiramiz.
"Haj-2026" mavsumini chiroyli tashkil etganlardan minnatdormiz
Muqaddas Madina, Makka shaharlariga kelishimizdan boshlab, Mino, Arafot, Muzdalifa vodiylari va Jamarotda ibodatlarni to‘la-to‘kis ado etishimiz uchun juda katta xizmat qilindi. Jazirama issiqda chodirlardagi sovutkichlar muntazam ishlab turdi. Shinam mehmonxonalar, uch mahal issiq taomlar va shifokorlarning beg‘araz yordami tizimli tashkil etildi. Bizga mana shunday yuksak sharoitlarni yaratib bergan muhtaram Yurtboshimizga, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatiga, barcha tashkilotchilarga guruhimiz nomidan cheksiz rahmat aytaman.
Jizzax viloyati 13-guruh ziyoratchilari nomidan
Abbosxon Sirojiddinov
Tashkilotchilarning og‘ir va mashaqqatli mehnati tahsinga loyiq
Haj amallarini xotirjam bajarishimizda kecha-kunduz xizmat qilgan "Haj-2026" ishchi guruhidan Alloh rozi bo‘lsin. Muqaddas qadamjolarda namozlarimiz o‘z vaqtida ado etilishini ta’minlagan guruh rahbarlari, ilmli shayxlarimiz va qorilarimiz safarimiz fayzini oshirdi. Biz uchun bunday fidoiylik ko‘rsatgan tashkilotchilarga va davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorchilik bildiramiz. Qilgan xizmatlaringiz ajrini Yaratgan ko‘paytirib bersin!
Namangan viloyati 24-guruh
hoji otalari va hoji onalari
Har bir qadamda g‘amxo‘rlik va e’tiborni his qildik
Vatanimizdan chiqib to yana qaytib kelgunimizga qadar har bir qadamda Yurtboshimiz rahnamoligida haj ishlarini tashkil qilgan mutasaddilar tomonidan g‘amxo‘rlik va e’tiborni his qilib turdik. Mehmonxonalardagi sharoitlar, shifokorlarning beminnat tibbiy xizmati, issiq taomlarning o‘z vaqtida yetkazib berilishi bor e’tiborimizni ibodatga qaratishga imkon berdi. Bizga shunday qulayliklar qilib bergan barchaga samimiy tashakkur aytamiz. Ilohim, nima yaxshi niyat qilgan bo‘lsalar, Alloh ijobat qilsin!
Samarqand viloyati hojilari
Mino va Arafotdagi sharoitlar yuqori darajada bo‘ldi
Bu yilgi Haj safari tashkilotchilik jihatidan juda yuqori darajada o‘tdi. Ayniqsa, Saudiyaning issiq iqlimida Mino va Arafotda hozirlangan sharoitlar, qaynatib qo‘yilgan choylaru muzlatgichlardagi salqin suvlar bizga juda qo‘l keldi.
Ulamolarimizning go‘zal ma’ruzalari bilan qalblarimiz nurga to‘ldi. Ushbu ulug‘vor ishlar zamirida juda katta mehnat, zahmatli xizmatlar qilinishiga o‘zimiz guvoh bo‘ldik. Bu ishlarda bosh-qosh bo‘lgan rahbarlar, ishchi guruh, ellikboshilar, oshpazlaru shifokorlarga katta rahmatlar aytamiz.
Andijon viloyati ziyoratchilari
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati