Xushxulqlik – bandalikning eng ulug‘ darajasi bo‘lib, unda mardlikning chin surati namoyon bo‘ladi. Alloh taolo O‘zining Rasuli sollallohu alayhi vasallamga ko‘plab fazilatlar ato etganiga qaramasdan u zot sollallohu alayhi vasallamni aynan xulqi xushlari bilan madh etdi. Alloh taolo aytadi: “Albatta Siz ulug‘ xulq ustidadirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat).
Olimlar qayd etadilar: “Ulug‘ xulq degani shunday xulq hisoblanadiki, bunday xulq sohibi hech kimga nisbatan adovatda bo‘lmaydi va unda odamlarning nafratiga sabab bo‘ladigan zarracha bo‘lsa ham yomon illatning o‘zi bo‘lmaydi. Bularning barchasi Allohni tanishning yuksak darajalari tufaylidir”.
Boshqa olimlar deydilar: “Ulug‘ xulq – bu odamlarning unga nisbatan qilgan jabru jafolarini Allohdan deb bilganligi sabab ulardan ranjimasligidir”.
Olimlarning quyidagicha fikrlari ham bor: “Ulug‘ xulq – bu kishining butun borlig‘iyu e’tiborini faqat Allohga qaratmog‘idir!”.
Shuningdek, ilohiyot olimlari yuqoridagi oyatni batafsil mana bu tarzda izohlagan ekanlar:
“Ey Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, siz ulug‘ xulq sohibisiz! Bu daraja faqat sizgagina nasib etgan. Boshqa hech bir yaralmish xulqning bu darajasiga ko‘tarila olmaydi. Shuning uchun ham Siz boshqalarning qo‘lidan kelishi mahol bo‘lgan darajada matonatli, sabr sohibisiz”.
Olimlardan yana biri bu oyatni quydagicha izohlagan ekan: "Allohning xulqi bilan xulqlanganingiz uchun odamlarning tuhmati, ta’nayu malomati Sizga salbiy ta’sir etolmaydi va Siz ularning yomonliklaridan yetajak uqubatdan forig‘siz. Zeroki, o‘z kuchingiz bilan emas, Alloh aytganidek, Allohning yordami bilan toqat qilasiz".
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi "Kulol-Qo‘rg‘on" jome masjidi imom noibi Bahodir domla Muhammadiyev O‘zbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya doirasidagi «Buyuk xizmat – Oliy sharaf» ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovida g‘olib deb topildi.
Imom-domlamizning ilmiy faoliyati, ta’lim sohasidagi tashabbuslari hamda fidokorona mehnatlari yuqori baholanib, u kishi «Buyuk xizmat – Oliy sharaf» xalqaro esdalik va sharaf nishonlari hamda maxsus guvohnoma bilan taqdirlandilar.
Bahodir domlani ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy qutlaymiz!
Alloh taolo domlamizning ilmlarini bundan-da ziyoda qilsin, dinimiz va el-yurtimiz rivoji yo‘lidagi ijodiy va ilmiy faoliyatlariga baraka bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati